Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qoʻshimchalar kiritish haqida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 9-avgustdagi F-5017-son farmoyishi)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 9-avgustdagi F-5017-son farmoyishiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 30-oktabr,
881-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 30-oktabrdagi 881-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga quyidagi mazmundagi 41-band qoʻshilsin:
“41. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishini nazorat qilish hamda ularning ijro uchun yuborilishini, ular bajarilishining natijalari yuborilishini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 9-avgustdagi F-5017-son farmoyishiga muvofiq Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish yuritish va ijro nazoratini tashkil etish boʻyicha normativ hujjatlarni tasdiqlash haqida” 1999-yil 29-martdagi 140-son qaroriga quyidagi mazmundagi 11-band qoʻshilsin:
“11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishini nazorat qilish hamda ularning ijro uchun yuborilishini, ular bajarilishining natijalari yuborilishini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 9-avgustdagi F-5017-son farmoyishiga muvofiq Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2017-y., 09/17/881/0194)