Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlar ittifoqi Kengashi raisini, viloyat, shahar, tuman kengashlari raislarini va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-son Farmonini bajarish yuzasidan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlar ittifoqi Kengashi raisini, viloyat, shahar, tuman kengashlari raislarini va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi xodimlarini yanada moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarning:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “Asaka” aksiyadorlik-tijorat bankining Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlar ittifoqi Kengashi raisiga, viloyat, shahar, tuman kengashlari raislariga va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi xodimlariga oʻzlarining xizmat vazifalarini operativ va oʻz vaqtida bajarishida ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yengil avtotransport vositalari (keyingi oʻrinlarda avtotransport vositalari deb ataladi) sotib olish uchun kreditlar berish toʻgʻrisidagi taklifi;
b) “Asaka” aksiyadorlik-tijorat bankining Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlar ittifoqi Kengashi raisiga, viloyat, shahar, tuman kengashlari raislariga va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi xodimlariga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan taqdim etilgan roʻyxatlar boʻyicha, “Spark” yoki “Damas” rusumli avtotransport vositalari sotib olish uchun quyidagi shartlar bilan kreditlar berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
kreditni berish muddati — 10 yilgacha;
dastlabki badal summasi — sotib olinayotgan avtotransport vositasi qiymatining 15 foizi;
foizli stavka miqdori — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kredit berish sanasidagi amalda boʻlgan qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida;
kredit boʻyicha taʼminlash — avtotransport vositasi chiqqungacha va u kafolat boʻyicha rasmiylashtirilgungacha, kreditni qaytarish yuzasidan majburiyatlarni qisqa muddatli sugʻurtalashni hisobga olgan holda, kredit boʻyicha sotib olinayotgan avtotransport vositasi kafolati;
foizlarni hisoblab yozish, asosiy qarzni va kredit boʻyicha asosiy qarzni va hisoblab yozilgan foizlarni toʻlash, hisoblab yozilgan foizlarni va asosiy qarzni toʻlash boʻyicha uch oylik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, bank hisob-kitob metodi boʻyicha amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. “Oʻzavtosanoat” AJ Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan taqdim etiladigan Markaziy Kengash xodimlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlar ittifoqi Kengashi raisi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat, shahar va tuman kengashlarining raislari roʻyxati asosida ular tomonidan “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki kreditlari hisobiga avtotransport vositalari sotib olish uchun avtotransport vositalari ajratilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi:
Markaziy Kengash xodimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlar ittifoqi Kengashi raisi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat, shahar va tuman kengashlari raislarining sotib olish uchun zarur boʻlgan avtotransport vositalari miqdorini aniqlash yuzasidan roʻyxatlarini tuzsin;
Markaziy Kengash xodimlarining va Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlar ittifoqi Kengashi raisining, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat, shahar va tuman kengashlari raislarining real ehtiyojini ularning kreditga avtotransport vositasi sotib olishga boʻlgan xohishlari va imkoniyatlarini hisobga olgan holda aniqlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi K.K. Kuranbayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 12-oktabr,
818-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/818/0103; 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son)