O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yuridik shaxsning alohida bo‘linmalari bo‘yicha soliqlarni to‘lash tartibini takomillashtirish, shuningdek Jizzax viloyati mahalliy budjetining daromad qismini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-avgustdagi 480-sonli “Vazirlar Mahkamasining “Soliq to‘lovchilarni hisobga qo‘yish sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2022-yil 2-apreldagi 150-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida” 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-son qarorini bajarish yuzasidan hamda mahalliy hokimiyat organlarining barcha zarur soliqlarning to‘liq yig‘ilishi, soliq solinadigan bazani kengaytirish, shuningdek mahalliy budjetlar xarajatlarining samaradorligini oshirish hisobiga mahalliy budjetlarning daromad qismini mustahkamlashdan manfaatdorligini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi 105-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 2-son, 19-modda) bilan tasdiqlangan Yuridik shaxsning alohida bo‘linmalari bo‘yicha soliqlarni to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga quyidagi mazmundagi 91-band qo‘shilsin:
“91. Yuridik shaxs alohida bo‘linma bo‘yicha daromadlar va xarajatlar hisobini alohida yuritgan taqdirda, yuridik shaxs qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha soliq solinadigan aylanmadan kelib chiqqan holda hamda har bir alohida bo‘linma bo‘yicha hisobga olinadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini aniqlash huquqiga ega bo‘ladi”.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “Olmaliq KMK” AJ Zafarobod sement zavodi bo‘yicha alohida hisob yuritadi va qo‘shilgan qiymat solig‘ini alohida bo‘linma joylashgan joyda to‘laydi.
3. “Olmaliq KMK” AJ qo‘shilgan qiymat solig‘ini alohida bo‘linma joylashgan joyda to‘lash uchun Zafarobod sement zavodi bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i ushbu qarorga muvofiq qayta hisoblab chiqilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu qarorga muvofiq “Olmaliq KMK” AJning Zafarobod sement zavodi bo‘yicha soliq majburiyatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov, G‘.I. Ibragimov hamda O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri B.A. Xo‘jayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 22-sentabr,
751-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 38-son, 1059-modda)