Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIGA ISTEʼMOL TOVARLARI KELTIRISHNI TARTIBGA SOLISHGA DOIR QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 10-oktabrdagi 354-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash va baʼzilariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga muvofiq hamda ichki bozorni isteʼmol tovarlari, dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan barqaror toʻldirishni taʼminlash, ularni respublikaga keltirishni va bojxonada rasmiylashtirishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2000-yil 25-iyuldan boshlab:
Markaziy bank litsenziyalariga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga keltiriladigan, shu jumladan, konsignatsiya asosida keltiriladigan isteʼmol tovarlari, dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari faqat “erkin muomalaga chiqarish” yoki bojxona nazoratida bojxona omborida “vaqtincha saqlash” rejimlari boʻyichagina bojxonada rasmiylashtiriladi;
Markaziy bank litsenziyalariga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan keltiriladigan isteʼmol tovarlari, dori-darmonlar va tibbiyot buyumlarining erkin muomala va vaqtincha saqlash rejimlarida boʻlish muddati bir oydan oshmasligi kerak;
Davlat bojxona qoʻmitasi organlari va bojxona omborlari egalari Markaziy bank litsenziyalariga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan belgilangan muddatlarda rasmiylashtirilmagan tovarlarning saqlanishi uchun javob bermaydilar.
2. Markaziy bank litsenziyalariga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga ushbu qaror chiqqungacha keltirilgan va boshqacha bojxona rejimlariga joylashtirilgan isteʼmol tovarlari, dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari 2000-yil 1-sentabrgacha boʻlgan muddatda “erkin muomalaga chiqarish” yoki “vaqtincha saqlash” rejimlari boʻyicha bojxonada rasmiylashtirilishi kerak.
3. Isteʼmol tovarlari, dori-darmonlar va tibbiyot buyumlarini bojxona hududiga keltirish, saqlash va bojxonada rasmiylashtirishning ushbu qarorda belgilangan tartibiga rioya etilishi yuzasidan shaxsan javobgarlik bojxona organlari rahbarlari va bojxona omborlari egalari zimmasiga yuklansin.
“Erkin muomalaga chiqarish” yoki “vaqtincha saqlash” rejimlari boʻyicha bojxonada rasmiylashtirish oʻz vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda xoʻjalik yurituvchi subyektlar Markaziy bankning konvertatsiyalashda ustuvor huquq beruvchi litsenziyasidan mahrum qilinadi.
“Vaqtincha saqlash” rejimi boʻyicha rasmiylashtirilgan isteʼmol tovarlari, dori-darmonlar va tibbiyot buyumlarini bojxona omborlarida saqlashning belgilangan muddatlari buzilgan taqdirda bojxona omborlari egalaridan bojxona ombori tashkil qilish yuzasidan berilgan bojxona organi litsenziyasi olib qoʻyiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga keltirilgan isteʼmol tovarlari, dori-darmonlar va tibbiyot buyumlarining bojxonada oʻz vaqtida rasmiylashtirilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin;
ushbu qaror qoidalari buzilishi boʻyicha aniqlangan hollarga doir axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga muntazam ravishda taqdim etsin.
5. Belgilansinki:
Markaziy bank litsenziyalariga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan tuzilgan import kontraktlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida roʻyxatdan oʻtkazish muddati ariza tushgan vaqtdan boshlab 5 ish kunidan oshmasligi kerak;
ushbu import kontraktlarini vakolatli banklarda hisobga qoʻyish muddati 2 ish kunidan oshmasligi, bojxona organlarida esa — 1 ish kuni mobaynida amalga oshirilishi kerak.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari B.S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.3. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 24-iyul,
282-son