O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Ta’kidlash lozimki, so‘ngi yillarda “O‘zmetkombinat” AJda qora metallar prokatini ishlab chiqarishning mavjud o‘sish sur’atlari iqtisodiyot tarmoqlarining metal mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojning ortayotgan hajmlarini qanoatlantirmayapti, qora metallarning lomi va chiqindilarini yig‘ish va ushbu ishlarni rag‘batlantirish tizimi samaradorligi darajasi zamonaviy talablariga javob bermayapti.
“O‘zmetkombinat” AJni ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy va investitsiyaviy jarayonlariga xalqaro standartlarni joriy etish yo‘li orqali korporotiv boshqarish tizimining zamonaviy talablariga muvofiq holda tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish talab etilmoqda.
“O‘zmetkombinat” AJ boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, ishlab chiqarishning boshqarish samaradorligini oshirish hamda korporativ boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etishni ta’minlash maqsadida:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zmetkombinat” AJni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 20-iyuldagi 533-sonli qaroriga muvofiq “O‘zmetkombinat” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini ishonchli boshqarishga “SFI Management Group” MCHJ XK kompaniyasi jalb qilindi.
2. Quyidagilar “O‘zmetkombinat” AJning (keyingi o‘rinlarda — jamiyatning) asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib hisoblansin:
birinchi, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha yagona chuqur o‘ylangan texnik siyosatni amalga oshirish, zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalar va uskunalarni joriy etish, shuningdek, jamiyatning xom ashyo bazasini kengaytirish;
ikkinchi, ishlab chiqarishning yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan, jamiyatni boshqarish tizimidagi tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, shu jumladan, yangi bozorlarni egallash hisobidan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilish hajmlarini oshirish, mahsulotning tannarxini tushirish bo‘yicha maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni tizimli asosda olib borish;
uchinchi, xom ashyo bazani kengaytirish, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni hisobga olgan xolda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish jarayonlarining samaradorligi va shaffofligini oshirgan holda yangi yuqori texnologiyalar qo‘llanilgan ishlab chiqarishlarni qurish, shuningdek, loyihani boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etish yo‘li orqali ularni keyingi bosqichlardagi amalga oshirilishini tashkillashtirish;
to‘rtinchi, umumiy tuzilmani maqbullashtirish hamda tovarlar va xizmatlar importi hajmini qisqartirish maqsadida metallurgiya mahsulotlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish;
beshinchi, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va ilmiy muassasalar bilan kooperatsiyani kuchaytirish yo‘li orqali muhandis-texnik va boshqaruv kadrlarning malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlashni tashkil etish;
oltinchi, qattiq raqobat sharoitlarida jamiyatning samarali ishlashini ta’minlay oladigan, professionalizmning asoslangan yuqori darajalariga erishishda iste’dodli, rostgo‘y va vatanparvar yosh mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni olib borish orqali jamiyatning kadrlar salohiyatini mustahkamlash.
3. “O‘zmetkombinat” AJning boshqaruv organlari, ishonchli boshqaruvchisi, Toshkent viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:
jamiyat tuzilmasida — hududiy mas’uliyati cheklangan jamiyatlarni belgilangan tartibda “O‘zmetkombinat” AJning filiallari ko‘rinishida qayta tashkil etgan holda “Ikkilamchiqorametallar” UK negizida “Ikkilamchiqorametallar” boshqarmasini tashkil etish;
“O‘zmetkombinat” AJning ustav kapitaliga belgilangan tartibda davlatning ulushini oshirish hisobiga “Umumiy ovqatlanish kombinati” davlat korxonasi ko‘rinishidagi mulk kompleksini, keyinchalik shakllantirilgan ulushni ishonchli boshqaruvchiga ishonchli boshqaruvga topshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-iyundagi PF-85-sonli Farmoniga asosan 2025-yil 1-yanvardan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2024-y., 06/24/85/0396-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda uskunalar, lom va qora metallar chiqindilarini noqonuniy qabul qilish punktlarining faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymasligi hamda ularni respublika chegarasidan olib chiqishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni kuchaytirsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi lom va qora metallar chiqindilarining noqonuniy yig‘ilishi ustidan nazoratni amalga oshirsin, lom va qora metallar chiqindilari aylanmasi qismida huquqbuzarlik harakatlarining har bir faktlari bo‘yicha puxta tekshiruvlarni olib borsin, aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilsinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaning qora metallarga bo‘lgan qo‘shimcha ehtiyojlarini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 20-apreldagi R-4911-sonli farmoyishining 1-bandidagi “TIF TR 7207 20 150 0 kodi bo‘yicha po‘lat” so‘zlari “TIF TR 7207 20 150 0 va 7203 10 000 0 kodi bo‘yicha po‘lat, temir rudasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri tiklanadigan mahsulotlari” so‘zlariga almashtirilsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.I. Ibragimov va “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi A.X. Xursanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-sentabr,
PQ-3277-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.09.2017-y., 07/17/3277/0005; 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2024-y., 06/24/85/0396-son)