Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekiston” teleradiokanalining “Hidoyat sari” studiyasi va Toshkent Islom universiteti “Ziyo media markazi” faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda islom madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz merosini chuqur oʻrganish, tabarruk qadamjolarini obod etish, muqaddas dinimiz musaffoligini asrash, aholi, ayniqsa, yoshlarni yot gʻoyalardan himoya qilish, ularni Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targʻib etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining:
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekiston” teleradiokanali” davlat unitar korxonasining “Madaniy-maʼrifiy va badiiy dam olish dasturlar” bosh muharririyati tarkibida “Hidoyat sari” maʼrifiy koʻrsatuvlar studiyasini (keyingi oʻrinlarda Studiya deb ataladi);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti “Ziyo” studiyasi negizida “Ziyo media markazi”ni (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish haqidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar Studiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
xalqimizning diniy savodxonligini oshirish va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi yangiliklar bilan aholini oʻz vaqtida tanishtirib borish;
islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk allomalarimizning benazir merosini yanada keng targʻib qilish;
yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida chuqur falsafiy va ibratga yoʻgʻrilgan sahnalashtirilgan badiiy telenovellalar yaratish;
terrorizm, diniy ekstremizm, har xil oqimlardan yoshlarni asrashga qaratilgan, jumladan, “ommaviy madaniyat”ning turli illatlaridan himoya etishga yoʻnaltirilgan maxsus koʻrsatuv va roliklar tayyorlash;
viloyat, shahar, tuman bosh imom xatiblari va mutasaddi vazirliklar hamda idoralar vakillari ishtirokida bugun insoniyat hayotiga xavf solayotgan muammolar, oilaviy, odob-axloq, oʻzaro muomala jarayoni va shu kabi zarur masalalar, shu bilan birga fuqarolarimizni qiziqtirgan mavzuga doir savollar yuzasidan doimiy ravishda tok-shoular tashkil etish;
mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan ulugʻ allomalar, muqaddas qadamjolar, tarixiy obida va qadriyatlar haqida doimiy ravishda ilmiy-ommabop koʻrsatuvlar tayyorlash;
teledasturlarda respublikamizning barcha viloyat, shahar, tumanlarida faoliyat yuritayotgan imom xatiblarning ishtirokini taʼminlash va hududiy teleradiokompaniyalarning faolligini yanada oshirish.
3. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
mustaqillik yillari yurtimizda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, shuningdek, turli din vakillarining ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun yaratilayotgan qulaylik va shart-sharoitlarni aholi, xususan yoshlar orasida keng targʻib etish;
oʻsib kelayotgan avlodni Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat, turli millat va eʼtiqod vakillariga nisbatan bagʻrikenglik ruhida tarbiyalashga bagʻishlangan telekoʻrsatuvlar va radio eshittirishlar tayyorlash va Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi teleradiokanallarda efirga uzatish;
diniy-maʼrifiy yoʻnalishda tayyorlanadigan tele va radio eshittirishlarni, muqaddas dinimiz musaffoligini saqlash, boy hamda noyob islomiy madaniy merosni butunjahon Internet tarmogʻi orqali xalqimiz orasida keng targʻib qilish;
yoshlarni gʻarazli kuchlar taʼsiridan himoya qilish, ularni yot oqimlarning noinsoniy maqsad-muddaolaridan xabardor etish;
yoshlar oʻrtasida sogʻlom maʼnaviy muhit asoslarini keng yoyish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti “Ziyo media markazi”ning tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, Studiya “Oʻzbekiston” teleradiokanali” davlat unitar korxonasi uchun cheklangan umumiy xodimlar soni doirasida tashkil etiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Markaz faoliyatini saqlash xarajatlarini 2017-yilda “Ijtimoiy soha” boʻyicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2018-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshirsin;
Markazga 1 ta xizmat avtotransport vositasi uchun limit ajratsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
Markazga ajratilgan avtotransport vositasini xarid qilish va saqlash bilan bogʻliq xarajatlar budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoplanadi;
Markaz xodimlariga nisbatan Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.
7. Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti bilan birgalikda “Hidoyat sari” va “Ziyo media markazi”ning ijodkorlarini ragʻbatlantirish maqsadida jurnalistika sohasida oʻtkaziladigan nufuzli koʻrik tanlovlarda diniy-maʼrifiy mavzularni eng yaxshi yoritganligi uchun alohida nominatsiya joriy etsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2012-yil 4-iyuldagi 193-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.J. Xadjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti rektori R.V. Abdullayev zimmasiga, Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va turizmni rivojlantirish masalalari hamda Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentlariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 13-sentabr,
716-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-sentabrdagi 716-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti “Ziyo media markazi”ning
TUZILMASI
“Ziyo media markazi” xodimlarining umumiy cheklangan soni — 17,
shu jumladan, maʼmuriy-boshqaruv xodimlari soni — 5 ta
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-sentabrdagi 716-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2012-yil 4-iyuldagi 193-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish
1. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 193-son qarorining 1-ilovasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetining
TUZILMASI
TUZILMASI
Izoh: Universitet mutaxassislarining umumiy cheklangan soni (shtat birliklari oʻrnatilgan meʼyorlar bilan belgilanadigan tarkibiy boʻlinmalardan tashqari) — 81, shu jumladan, maʼmuriy-boshqaruv xodimlar soni — 38,5;
* shtat birliklari soni hamda Markazni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar hajmi Davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlari asosida aniqlanadi;
** universitet budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan saqlanadi;
*** xodimlar soni belgilangan meʼyorlar asosida aniqlanadi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 37-son, 998-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)