Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Taxiyatosh IESda 230 — 280 MVt quvvatga ega ikkita parogaz qurilmalarini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobidan generatsiya quvvatlarini yanada rivojlantirish, energiya tizimlari ishlashining ishonchliligini oshirish va respublika isteʼmolchilarini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Taxiyatosh IESda 230 — 280 MVt quvvatga ega ikkita parogaz qurilmalarini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida (keyingi oʻrinlarda — loyiha):
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taxiyatosh IESda 230 — 280 MVt quvvatga ega ikkita parogaz qurilmalarini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 18-iyundagi PQ-2355-sonli qarori bilan loyihaning umumiy narxi 678,26 mln. AQSH dollari miqdoridagi texnik-iqtisodiy asosi tasdiqlangan boʻlib, quyidagilar moliyalashtirish manbalari etib belgilangan:
Osiyo taraqqiyot bankining — 300,0 mln. AQSH dollari summasidagi qarzi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining — 230,7 mln. AQSH dollari summasidagi krediti;
“Oʻzbekenergo” AJning — ekvivalenti 27,3 mln. AQSH dollari boʻlgan shaxsiy mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasining imtiyozlar va preferensiyalar koʻrinishidagi — ekvivalenti 120,2 mln. AQSH dollari summasidagi ulushi;
b) “Oʻzbekenergo” AJning xalqaro tender savdolari natijalari boʻyicha “Nyundai Engineering Co. Ltd” va “Nyundai Engineering & Construction Co. Ltd.” (keyingi oʻrinlarda — konsorsium) bilan 2016-yilning 23-dekabr kuni MB-16/8-sonli 103,96 mln. yevro va 328,1 mln. AQSH dollari miqdoridagi (keyingi oʻrinlarda — shartnoma) Taxiyatosh IESda 230 — 280 MVt quvvatga ega ikkita parogaz qurilmalarini “tayyor holda topshirish” shartlarida qurishga shartnoma tuzildi;
v) 2017-yilning 6-iyuldagi shartnomasiga 1-sonli qoʻshimcha bitim imzolanilgan holda konsorsium bilan birgalikda shartnoma narxi maqbullashtirildi hamda soʻngi narxi 103,96 mln. yevro va 318,1 mln. AQSH dollari boʻlib, ishlarni yakunlash muddati 34 oy (3-va 4-navbatdagi energobloklarni demontaj qilishni hisobga olmagan xolda) etib belgilandi;
g) Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi tomonidan shartnoma va shartnomaga 1-sonli qoʻshimcha bitimning ekspertizasi oʻtkazildi hamda unga ijobiy xulosa berildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga jalb qilinayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining krediti boʻyicha “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan qayta moliyalashtiriladigan “Oʻzbekenergo” AJ majburiyatlari boʻyicha belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi davlatining kafolatlarini berish vakolati berilsin.
3. “Oʻzbekenergo” AJ, “Taxiyatosh IES”, konsorsiumga va uning subpudrat tashkilotlariga, 2021-yilning 30-iyunigacha loyihani amalga oshirish doirasida loyiha-smeta hujjatlarini qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtning oʻzida amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi arxitektura va qurilish davlat qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi loyihani amalga oshirish doirasida konsorsium va uning subpudratchi tashkilotlariga, shuningdek, ular tomonidan jalb qilinadigan loyiha va injiniring tashkilotlariga loyihalashtirish, qurish va xizmatlar koʻrsatishga tegishli litsenziyalar, xulosalar va ruxsatnomalar berishni, olib kiriladigan uskunalar, butlovchi buyumlar va uzellar, xom ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, anjomlar, instrumentlar, texnologik hujjatlar hamda maxsus transport vositalarining sertifikatlashtirilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Belgilansinki, loyihani amalga oshirish doirasida shartnomaning amal qilish muddati va unda belgilangan kafolatlar davrida:
“Oʻzbekenergo” AJ, konsorsium va uning subpudrat tashkilotlari, shu jumladan, vaqtinchalik olib kirish bojxona rejimida olib kelinadigan uskunalar, butlovchi buyumlar va uzellar, xom ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, anjomlar, instrumentlar, texnologik hujjatlar hamda maxsus transport vositalari belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod etiladi;
olib kiriladigan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq qoʻmitasi organlari tomonidan hisobga qoʻyilgan doimiy muassasa orqali faoliyat olib borayotgan konsorsium tomonidan amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqilmasdan, mahalliy yetkazib beruvchilar va subpudrat tashkilotlari tomonidan konsorsium va uning subpudrat tashkilotlariga sotiladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi.
6. Konsorsiumga qurilish uchun ajratilgan hududda, shu jumladan, bojxona tartib-qoidalarini joyida olib borish uchun loyiha doirasida xorijdan olib kiriladigan, vaqtincha olib kirish rejimida rasmiylashtiriladigan “bojxona ombori” rejimidagi uskunalar, butlovchi buyumlar va uzellar, xom ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, anjomlar, instrumentlar, texnologik hujjatlar hamda maxsus transport vositalarini joylashtirish uchun bojxona ombori ochilishiga ruxsat etilsin.
7. Loyihani amalga oshirish doirasida shartnomaning amal qilish muddati va unda belgilangan kafolatlar davrida:
“Oʻzbekenergo” AJ va “Taxiyatosh IES” AJ — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlashdan;
konsorsium va uning subpudratchi tashkilotlari – doimiy muassasa orqali faoliyat olib boradigan Oʻzbekiston Respublikasining norezident yuridik shaxslari toʻlaydigan barcha soliqlarni toʻlashdan;
xorijiy jismoniy shaxslar — loyihani amalga oshirish doirasida olinadigan jismoniy shaxslarning daromadlari soligʻidan;
Oʻzbekiston Respublikasida tegishli akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyalarining mavjud boʻlmaganligi holatida — olib kelinadigan butlovchi buyumlar va uzellar, xom ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, anjomlar, instrumentlar, texnologik hujjatlar hamda maxsus transport vositalari majburiy sertifikatlashtirish jarayonlaridan;
konsorsium va uning subpudratchi tashkilotlari, transport tashkilotlari — Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga kirish yigʻimi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻyicha umumiy foydalanish yoʻllaridan ogʻir yuk va yirik gabaritli transport vositalarining oʻtishi toʻlovlaridan ozod etilsin.
8. Belgilansinki, mazkur qarorning 5- va 7-bandlarida nazarda tutilgan imtiyozlarni berish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar summasi Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishga boʻlgan hissasi hisoblanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan xorijiy mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasiga jalb qilish ruxsatnomalarini belgilangan tartibda berish (muddatini uzaytirish), shuningdek, ushbu xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar berilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taxiyatosh IESda 230 — 280 MVt quvvatga ega ikkita parogaz qurilmalarini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 18-iyundagi PQ-2355-sonli qaroridagi “Oʻzbekenergo” DAK” soʻzlari “Oʻzbekenergo” AJ va “Taxiyatosh IES” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov, “Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi U.M. Mustafoyev, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi A.I. Axmedxodjayev, Loyihalarni boshqarish milliy agentligi direktori Sh.M. Sodiqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-sentabr,
PQ-3264-son