O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAQD PUL MUOMALASINI MUSTAHKAMLASh VA TIJORAT BANKLARINING MAS’ULIYATINI OShIRIShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA- TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-oktabrdagi PF-6325-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda o‘tkazilgan tekshirishlar jarayonida sotilgan tovarlar va xizmatlar uchun olingan tushumni banklar kassalariga o‘z vaqtida topshirishdan bo‘yin tovlash, tijorat banklari tomonidan hisob raqamlari ochishni kechiktirish, mehnatga haq to‘lash va boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun naqd pul berishning belgilangan tartibini buzish, mijozlarning hisob raqamlariga mablag‘larni o‘tkazish va ko‘chirish bo‘yicha to‘lov talabnomalari va topshiriqnomalarini o‘z vaqtida bajarmaslik hollari aniqlandi.
Soliq organlari, bank muassasalari va ichki ishlar organlarining savdo tushumining to‘liq va o‘z vaqtida inkassatsiya qilinishini tashkil etish va nazorat qilish, bir qator iste’mol tovarlari, shu jumladan tamaki va alkogolli mahsulotlar bilan noqonuniy savdo qilinishiga chek qo‘yish borasidagi o‘zaro hamkorligi sust amalga oshirilayapti. Ayrim mintaqalarda, ayniqsa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida naqd pul emissiyasining darajasi yuqoriligicha qolayotganligi mutlaqo chidab bo‘lmaydigan holdir.
Ko‘rsatib o‘tilgan hollar mamlakatdagi pul muomalasi jarayonlariga salbiy ta’sir etmoqda, bank tizimiga bo‘lgan ishonchga putur yetkazmoqda, bankdan tashqari muomalaning o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.
Pul muomalasini mustahkamlash, naqd pul tushumining to‘liq inkassatsiya qilinishini ta’minlash, tijorat banklarining xo‘jalik yurituvchi subyektlarga xizmat ko‘rsatish borasidagi mas’uliyatini oshirish, tijorat banklariga nisbatan ishonchni mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qayd etilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy banki, tijorat banklari tomonidan savdo tashkilotlarining kunlik tushumlari o‘z vaqtida va to‘liq topshirilishi, naqd pul berishning belgilangan tartibiga rioya etilishi, hisob raqamlariga mablag‘larni o‘tkazish va ko‘chirish bo‘yicha to‘lov hujjatlarining o‘z vaqtida bajarilishi ustidan zarur nazorat amalga oshirilmayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Davlat soliq qo‘mitasi naqd pul tushumini o‘z vaqtida va to‘liq inkassatsiya qilishni tashkil etish, tijorat banklarining mijozlarga xizmat ko‘rsatish borasidagi mas’uliyati masalalarini qo‘shma kengaytirilgan majlisda ko‘rib chiqsinlar. Yo‘l qo‘yilgan har bir tartibni buzish holati batafsil tekshirilsin va aybdor shaxslar egallab turgan lavozimidan ozod qilishgacha qat’iy ma’muriy javobgarlikka tortilsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari, barcha darajalardagi soliq organlarining rahbarlari belgilangan naqd pul muomalasi qoidalari va normalarining so‘zsiz bajarilishi, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan kassa intizomiga qat’iy rioya etilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilsin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-yanvardagi 16-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/16/0549-son)
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-sonli qarori bilan chiqarilgan— O‘R QHT, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)
belgilangan savdo qoidalari buzilgan, nazorat-kassa mashinalaridan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanilmagan, to‘lovlarni plastik kartochkalar bo‘yicha qabul qilish terminallari bilan jihozlash va to‘lovni plastik kartochkalardan foydalangan holda qabul qilishga doir belgilangan talablar buzilgan, shuningdek, naqd pul mablag‘lari bank kassalariga qonunchilikda belgilangan tartibda topshirilmagan hollarda shaharlar va tumanlar hokimliklari soliq organlarining taqdimnomasiga ko‘ra chakana savdo uchun berilgan ruxsatnomalarning amal qilishini o‘n ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yadi yoxud o‘n ish kunidan ortiq muddatga to‘xtatib qo‘yish yoki ruxsatnomalarni bekor qilish to‘g‘risida sudga murojaat qiladi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi 943-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2019-y., 09/19/943/4066-son)
yuridik shaxslar (tovar ishlab chiqaruvchi korxonalar va ularni ulgurji yetkazib beruvchilar) tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Iste’mol tovarlari bilan ulgurji va chakana savdo qilishni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1999-yil 19-martdagi 125-son qarorida belgilangan xalq iste’mol tovarlarini ulgurji sotish qoidalari buzilishi savdo qilish qoidalarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi, buning uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarning rahbarlari va mansabdor shaxslari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikkacha javob beradilar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklariga yuridik va jismoniy shaxslarning vaqtinchalik bo‘sh mablag‘larini jalb etish bo‘yicha faoliyatni, shu jumladan depozit omonatlarning manfaatli yutuqli turlarini tashkil etish, depozit sertifikatlari chiqarishni kengaytirish yo‘li bilan faollashtirish tavsiya etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 17-iyundagi 168-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2009-y., 25-son, 288-modda)
5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki inkassatsiya xizmati faoliyatini takomillashtirish choralarini ko‘rsin.
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-martdagi 201-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.03.2019-y., 09/19/201/2731-son)
2020-yil 1-martdan boshlab, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning naqd pullarini banklarga inkassatsiya xizmatlari orqali yetkazib berilishi bo‘yicha xizmat haqi shartnoma asosida buyurtmachi, ya’ni inkassatsiya xizmatlari ko‘rsatilishining tashabbuskori (xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki bank) tomonidan to‘lanadi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 30-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son — 2020-yil 18-apreldan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 834-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 09/20/834/1700-son)
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudiga:
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Markaziy banki va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda tijorat banklari tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan mijozlarga nisbatan o‘z shartnomaviy majburiyatlari buzilishiga doir qismi bo‘yicha xo‘jalik sudlarining qarorlarini ko‘rib chiqish va ijro etish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash;
banklar va ularning mijozlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarning hal etilishiga oid da’vo arizalarini qabul qilish va sudda ko‘rib chiqish, davlat boji to‘lashni sud muhokamasi yakunlangunga qadar kechiktirish hamda keyinchalik bojni aybdor tomondan undirib olish tavsiya qilinsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda tadbirkorlik faoliyatining yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshirish ruxsat etiladigan turlari mezonlari va ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarni o‘rganib chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 22-iyun,
264-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 12-son, 79-modda; 2005-y., 40-son, 307-modda; 2006-y., 6-7-son, 35-modda; 46-47-son, 458-modda; 2009-y., 22-son, 258-modda, 25-son, 288-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/16/0549-son; 09.03.2019-y., 09/19/201/2731-son; 23.11.2019-y., 09/19/943/4066-son; 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son, 31.12.2020-y., 09/20/834/1700-son)