O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yong‘inlar profilaktikasi kunlarini o‘tkazish va yong‘in xavfsizligi choralarini kuchaytirish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-sentabrdagi 754-sonli “Aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 23-maydagi PQ-2992-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 23-maydagi PQ-2992-son qaroriga muvofiq haftaning har chorshanba kuni Yong‘inlar profilaktikasi kuni etib belgilanganligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzurida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha komissiyalar tashkil etilib, ularning vazifalari belgilanganligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatiga yong‘inlar profilaktikasi kunlarini tashkil etish va o‘tkazish vazifasi yuklanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
mahalliy davlat hokimiyati organlari huzurida tashkil etilgan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha komissiyalar faoliyati nazorat qilinishini;
yong‘in xavfsizligini ta’minlash, yong‘inlar paydo bo‘lishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini;
“Tasviriy oyina” ijodiy birlashmasi bilan birgalikda jamoat joylari va jamoat transportida yong‘inga qarshi mavzuga bag‘ishlangan ko‘rgazmali tashviqot materiallari (qo‘llanmalar, esdaliklar, flayerlar, plakatlarni) joylashtirilishini (tarqatilishini);
jamoatchilikni profilaktika kunlari doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etishga keng jalb etishni;
yong‘in xavfsizligi bo‘yicha komissiyalar bilan birgalikda yong‘inlar profilaktikasi kunlarini o‘tkazish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasida har yili o‘tkaziladigan tanlovlarni har chorakda tahlil etish, tanlovlar yakunlariga ko‘ra g‘oliblarni esdalik sovg‘alari bilan mukofotlash tashkil etilishini ta’minlasinlar.
3. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari:
har chorakda yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalasi yuzasidan yig‘ilishlar o‘tkazsin va ularda idoraviy mansub obyektlar, turar joy fondi va hududlarning yong‘inga qarshi holatini tanqidiy tahlil qilsinlar;
gaz, energetika va suv xo‘jaligi, isitish moslamalarining holati va yaroqliligiga alohida e’tibor qaratsinlar;
idoraviy mansub obyektlarni yong‘inga qarshi holatga moslashtirish uchun har yili maqsadli mablag‘lar ajratsinlar, shuningdek, ulardan qat’iy belgilangan maqsadlarda foydalanilishi nazorat qilinishini ta’minlasinlar;
yong‘in xavfsizligi normalari buzilishining har bir holati yuzasidan yong‘in kelib chiqishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar va xodimlarni batafsil tekshirsinlar hamda qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortsinlar;
obyektlardagi yong‘in xavfsizligi bo‘linmalarini yong‘in texnikasi va uskunalari bilan ta’minlash choralarini ko‘rsinlar;
yong‘inga qarshi targ‘ibot hamda ishchilar, xizmatchilar, ta’lim muassasalari o‘quvchilari va aholini yong‘in xavfsizligi choralarini qo‘llash bo‘yicha o‘qitish ishlarini kuchaytirsinlar, yong‘inlarning oldini olish tadbirlariga jamoatchilikni keng jalb etsinlar;
o‘zlarining tasarrufidagi yong‘indan himoya qilish tizimlari va vositalari, yong‘inga qarshi suv ta’minoti manbalarini (gidrantlar, rezervuarlar, hovuzlar, ichki yong‘in kranlari) yaroqli holatga keltirish choralarini ko‘rsinlar.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, o‘ta muhim obyektlar xavfsizligini ta’minlash tashkil etilishini nazorat qilish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar rahbarlari o‘ta muhim obyektlar va ularning yuqori tashkilotlari rahbarlari bilan birgalikda o‘ta muhim hamda toifalangan obyektlarni tekshirish va ularda yong‘in-profilaktika tekshiruvlarini o‘tkazish davomida davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan yong‘in xavfsizligi sohasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga doir kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda:
“Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasiga muvofiq ta’lim muassasalarida majburiy fan sifatida joriy etish uchun yong‘in xavfsizligi choralarini qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish va o‘rgatish bo‘yicha maxsus dasturlarni ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar hamda tasdiqlasinlar;
bolalarni yong‘in xavfsizligi choralarini qo‘llashga o‘qitish, ularga kasb tanlashga ko‘maklashish, yong‘inga qarshi targ‘ibot ishlarini muntazam o‘tkazish, shuningdek yong‘inlarning oldini olish, o‘quvchilarga yong‘inlar paytida to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni singdirish va mustahkamlash maqsadida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladigan yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari bilan tizimli asosda ishlashni tashkil etish bo‘yicha jamoat yo‘riqchilarini tayyorlash borasida samarali ishlarni muntazam tashkil etsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradokompaniyasi, davlat ommaviy axborot vositalari:
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyundagi 457-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)
yong‘inlar profilaktikasi kunlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritsinlar, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mavzuga oid maxsus mavzuli videoroliklar ishlab chiqilishini va ularning muntazam namoyish etilishini ta’minlasinlar;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va davlat yong‘in nazorati organlari bilan birgalikda yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalasi uzoq vaqtdan buyon hal etilmayotgan obyektlar va aholi punktlariga reydlar tashkil etsinlar;
xayr-ehson qiluvchilarning mablag‘larini jalb etgan holda yong‘in xavfsizligi mavzusida plakatlar, bukletlar va boshqa turdagi ko‘rgazmali tashviqot materiallari chop etilishini tashkil etsinlar.
7. Vazirlar Mahkamasining “Har yili yong‘in xavfsizligi oyligini o‘tkazish to‘g‘risida” 2011-yil 18-noyabrdagi 309-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-sentabr,
688-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 36-son, 954-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)