Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Konsorsium” MChJ tomonidan zayom berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasanachilikni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-maydagi PQ-2996-son qaroriga muvofiq hamda “Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Konsorsium” masʼuliyati cheklangan jamiyat faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Konsorsium” MChJ tomonidan zayom berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-avgust,
681-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 681-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Konsorsium” MChJ tomonidan zayom berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Toshkent shahrining band boʻlmagan aholisini ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etish, aholining zamonaviy mashinalar, asbob-uskunalar xomashyo va materiallar sotib olish uchun moliyaviy resurslardan foydalanishini kengaytirish yoʻli bilan kasanachilikni rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasanachilikni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-maydagi PQ-2996-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan “Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Konsorsium” MChJ tomonidan zayom berish tartibini belgilaydi.
2. “Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Konsorsium” MChJ tomonidan qarz berish tartibi ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
“Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Konsorsium” MChJ (keyingi oʻrinlarda Konsorsium deb ataladi) — kasanachilarga yoki buyurtmachiga kasanachilikni tashkil etish uchun zayom beruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etilgan yuridik shaxs;
kasanachi — Toshkent shahrida doimiy yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan, buyurtmachi bilan tegishli shartnoma tuzgan, 16 yoshga toʻlgan va undan katta yoshdagi jismoniy shaxs;
birgalikda zayom oluvchi — har oyda zayom va zayom boʻyicha foizlarni toʻlashda ishtirok etayotgan, shuningdek zayom boʻyicha solidar masʼuliyat olgan kasanachining eri (xotini), yaqin qarindoshlari (ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari, bolalari) va boshqa jismoniy shaxslar;
buyurtmachi — kasanachilik mahsulotining buyurtmachisi, kasanachi bilan tegishli mehnat shartnomasi tuzgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti;
zayom — zamonaviy mashinalar, asbob-uskunalar xomashyo va materiallar sotib olish uchun qaytarish, toʻlov, taʼminot, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlarida kasanachiga yoki buyurtmachiga beriladigan pul mablagʻlari;
zayom shartnomasi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasanachilikni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-maydagi PQ-2996-son qarori bilan tasdiqlangan Kasanachilik faoliyati turlariga muvofiq faoliyatni tashkil etish uchun Konsorsium va kasanachi yoki buyurtmachi oʻrtasidagi zayom berish toʻgʻrisidagi shartnoma;
imtiyozli davr — zayom boʻyicha asosiy qarzni toʻlash kechiktiriladigan davr.
4. Konsorsium kapitali quyidagi manbalardan shakllantiriladi:
oʻz mablagʻlari, shu jumladan moliya-xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar;
tekin asosda olingan pul mablagʻlari va mol-mulk;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Konsorsiumning faoliyati jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yoʻqotishlarni qoplash maqsadida Konsorsiumning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda zaxira fondi shakllantirilishi mumkin.
6. Konsorsium quyidagilarga haqli emas:
qarz majburiyatlarini chiqarish hamda yuridik va jismoniy shaxslardan mablagʻlarni omonatga (depozitga) qabul qilish;
yuridik va jismoniy shaxslardan zayomlar jalb qilish, muassislar bundan mustasno;
oʻz muassislarining majburiyatlari boʻyicha kafil boʻlish, shuningdek ular majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan boshqacha tarzda taʼminot taqdim etish.
2-bob. Zayom shartlari
7. Zayom kasanachiga yoki buyurtmachiga zayom shartnomasi asosida 6 oylik imtiyozli davr bilan uch yil muddatga beriladi.
8. Bir nafar kasanachiga yoki buyurtmachiga beriladigan zayom summasi buyurtmanoma berish sanasida respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Zayomdan foydalanganlik uchun foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining zayom shartnomasi tuzish kunidagi qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
10. Berilgan zayomlar boʻyicha asosiy qarzni qaytarish imtiyozli davr tugagandan keyingi oydan boshlanadi.
11. Foizlar har kuni zayom boʻyicha qarzning amaldagi qoldigʻiga hisoblanadi. Zayom boʻyicha foizlar har oyda, zayom shartnomasida koʻrsatilgan jadval boʻyicha undiriladi.
3-bob. Zayomni rasmiylashtirish tartibi
12. Zayom olish uchun kasanachi qoidaga koʻra, quyidagi hujjatlarni taqdim etgan holda Konsorsiumning oʻzi yashash joyidagi filiallaridan biriga murojaat qiladi:
zayomning maqsadi, taʼminoti, muddati va summasi koʻrsatilgan holda, zayom berish toʻgʻrisida ariza;
kasanachi pasportining nusxasi (fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun yashash uchun ruxsatnomaning nusxasi);
yashash joyidan maʼlumotnoma;
Keyingi tahrirga qarang.
zayomdan foydalanishning butun davri uchun biznes-reja;
kasanachi va buyurtmachi oʻrtasida tuzilgan tegishli mehnat shartnomasining nusxasi.
13. Kasanachi ushbu Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etishda pasportning (fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun yashash uchun ruxsatnomaning) aslini ham taqdim etadi.
14. Zayom olish uchun buyurtmachi, qoidaga koʻra, Konsorsiumning buyurtmachi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joydagi filialiga murojaat qiladi va quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
zayomning maqsadi, taʼminoti, muddati va summasi koʻrsatilgan holda zayom berish toʻgʻrisida ariza;
xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankining 2-kartoteka boʻyicha qarzi mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnomasi;
zayomdan foydalanishning butun davri uchun biznes-reja;
zayomdan foydalanish davri uchun biznes-reja;
kasanachilik mahsuloti buyurtmachisi va kasanachi oʻrtasida tuzilgan tegishli shartnomaning nusxasi.
15. Kasanachi yoki buyurtmachi tomonidan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida taʼminotning quyidagi turlaridan bir taqdim etiladi:
sotib olinadigan tovarlar (zamonaviy mashina va asbob-uskunalar sotib olishda);
koʻchar va koʻchmas mulk garovi;
qimmatli qogʻozlar;
tijorat banki yoki sugʻurta tashkilotining kafolati;
uchinchi shaxsning kafilligi;
olingan zayomning kasanachi yoki buyurtmachi tomonidan qaytarilmaslik tavakkalchiligining Konsorsium foydasiga sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisida sugʻurta polisi.
16. Kafillik Konsorsium foydasiga kafil bilan kasanachi yoki buyurtmachi oʻrtasida yozma shaklda uch nusxada tuziladigan kafillik shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Kafillik shartnomasining oxirgi varagʻida kafil va kasanachi yoki buyurtmachi imzolaridan keyin ushbu kafillik Konsorsium tomonidan qabul qilinganligi toʻgʻrisida yozuv qayd etiladi, u Konsorsium filiali boshqaruvchisi imzosi bilan tasdiqlanadi va dumaloq muhr bosiladi.
17. Konsorsium filiali tomonidan barcha zarur hujjatlar ilova qilingan ariza yuzasidan zayom berish yoki zayom berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish muddati ushbu ariza tushgan kundan boshlab uch ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
18. Konsorsium filialining qarori zayom berish zayom berishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
19. Quyidagilar zayom berishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
zarur tarzda rasmiylashtirilmagan hujjatlarning taqdim etilishi;
taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz va yoki notoʻgʻri maʼlumotlarning mavjudligi;
ilgari berilgan zayomlar boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlikning mavjudligi;
buyurtmachida soliqlar, shuningdek tijorat banklarining kreditlari va xizmatlari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlikning mavjudligi.
20. Zayom berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda Konsorsium filiali qaror qabul qilingan kundan keyingi ish kunidan kechikmay kasanachi yoki buyurtmachiga zayom berish rad etilgan sabablar koʻrsatilgan holda yozma yoxud elektron shaklda xabarnoma yuboradi.
21. Zayom berish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilinganda Konsorsium filiali va kasanachi yoki buyurtmachi oʻrtasida zayom shartnomasi tuziladi, shuningdek ushbu Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan zayom taʼminoti turlaridan biri qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
22. Zayom shartnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
zayom olish maqsadi;
zayom miqdori;
zayomni berish muddati;
zayom boʻyicha foiz stavkasi hajmi;
zayom boʻyicha taʼminot haqida maʼlumot;
zayom boʻyicha asosiy qarz va foizlarni qaytarish tartibi va muddatlari;
tomonlarning huquqlari va majburiyatlari;
tomonlarning masʼuliyati;
zayomdan foydalanish monitoringini olib borish tartibi;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar.
23. Zarur hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan soʻng Konsorsium filiali Konsorsiumga buyurtmanoma va moliyalashtirishni ochish uchun tegishli hujjatlar nusxasini yuboradi.
24. Konsorsium Konsorsium filialdan buyurtmanoma olingan kunning ertasidan kechikmay kasanachi yoki buyurtmachiga oʻzining buxgalteriya hisobida har bir zayom boʻyicha operatsiyani hisobga olish va monitoring olib borish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda alohida sintetik hisob raqami ochadi.
4-bob. Zayom berish va uni qaytarish tartibi
25. Zayom Konsorsium filialining zayom shartnomasi va buyurtmanomasida nazarda tutilgan maqsadlar uchun Konsorsium toʻlov topshiriqnomalariga muvofiq uning bankdagi hisob raqamidan mablagʻlarni naqd pulsiz shaklda oʻtkazish yoʻli bilan beriladi.
26. Kasanachi (birgalikda zayom oluvchi) zayom va u boʻyicha hisoblangan foizlarni quyidagi shaklda qaytarishi mumkin:
kasanachi (birgalikda zayom oluvchi)ning ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar hisobidan naqd pulsiz shaklda oʻtkazish orqali;
naqd pul topshirish orqali;
kasanachi (birgalikda zayom oluvchi)ning plastik kartasidan va tijorat banklaridagi omonatlari boʻyicha hisob raqamlaridan mablagʻni naqd pulsiz shaklda oʻtkazish orqali;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan.
27. Buyurtmachi zayom va u boʻyicha hisoblangan foizlarni quyidagi shaklda qaytarishi mumkin:
naqd pulsiz shaklda oʻtkazish orqali;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan.
28. Kasanachi (birgalikda zayom oluvchi) va buyurtmachi asosiy qarz hamda hisoblangan foizlarni zayom shartnomasida belgilangan qaytarish muddati boshlangunga qadar zayomni muddatidan avval qaytarish uchun vositachilik toʻlovini toʻlamasdan qaytarish huquqiga ega.
5-bob. Zayomdan foydalanish monitoringini olib borish tartibi
29. Zayomdan foydalanishning butun davrida Konsorsium filiali fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi xodimi ishtirokida bevosita joylarga chiqib zayomdan samarali va maqsadli foydalanishning doimiy monitoringini olib boradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Monitoring yakunlari boʻyicha Konsorsium filiali va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi xodimi kasanachi yoki buyurtmachining vakili ishtirokida tegishli hujjatni rasmiylashtiradi.
30. Kasanachi yoxud buyurtmachi zayom mablagʻidan maqsadli foydalanish toʻgʻrisida zayom shartnomasi shartlarini bajarmagan hollarda, Konsorsium filiali kasanachi yoki buyurtmachidan zayom mablagʻini muddatdan oldin qaytarish va hisoblangan foizlarni toʻlashni talab qilish huquqiga ega.
31. Zayom boʻyicha qarzni undirishda birinchi navbatda foydalanilgan zayom uchun foizlar undiriladi.
32. Kasanachi yoki buyurtmachi zayom boʻyicha toʻlovlar va hisoblangan foizlarni toʻlamasa yoxud oʻz vaqtida toʻlamasa, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda Konsorsium filiali garovga qoʻyilgan mol-mulkni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirish toʻgʻrisida murojaat qiladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
33. Ushbu Nizom qoidalari buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Konsorsium” MChJ tomonidan zayom berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
“Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Konsorsium” MChJ tomonidan zayom berish
SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 35-son, 932-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 09/18/789/1993-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 07.12.2020-y., 09/20/772/1605-son)