Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport Davlat qoʻmitasining
Qarori
Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-martdagi 148-son “Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais R. KURBANOV
Toshkent sh.,
2017-yil 7-avgust,
5-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining 2017-yil 7-avgustdagi 5-mh-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-martdagi 148-son “Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
sport turi — jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyat turi boʻlib, u insonning sport musobaqalariga oʻziga xos tarzda tayyorgarlik koʻrishi bilan ajralib turadi, sport musobaqalarini oʻtkazish va ularda ishtirok etishga doir talablar, tartib va shartlar belgilanadigan qoidalarga, nizomga (reglamentga) ega boʻladi;
sport turining tarmogʻi (dissiplinasi) — farqlovchi belgilarga ega boʻlgan hamda bitta yoki bir nechta sport musobaqalari dasturlari turlarini oʻz ichiga oladigan sport turining qismi.
2. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Sport turi yoki sport turining tarmogʻini eʼtirof etish uchun u sport turiga mos belgiga, aniq musobaqa qoidalariga, mashgʻulot oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlariga, foydalaniladigan sport anjomlari va uskunalariga ega boʻlishi, sportchilarning qatnashishi, odamning jismoniy va aqliy rivojlanish qobiliyati hamda harakat faolligini takomillashtirishga, shuningdek sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qilishi lozim.
2-bob. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish
4. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish respublika sport federatsiyalari (uyushmalari), jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari taqdimnomalari asosida vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
5. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish uchun vakolatli organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) sport turi yoki sport turi tarmogʻining aniq nomi koʻrsatilgan taqdimnoma;
b) sport turi yoki sport turining tarmogʻi boʻyicha musobaqa oʻtkazishning yagona qoidalari;
v) sport federatsiyasining (uyushmasining) yoki jismoniy tarbiya-sport tashkiloti rahbarlarining roʻyxati (F.I.O. va lavozimi koʻrsatilgan holda);
g) Oʻzbekiston Respublikasi hududlarida sport turi yoki sport turining tarmogʻi rivojlanayotganligi toʻgʻrisida sport federatsiyasi (uyushmasi) yoki jismoniy tarbiya-sport tashkiloti tomonidan tasdiqlangan maʼlumotnoma.
6. Sport turlari va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish ushbu sport turi yoki uning tarmogʻi maʼmuriy-hududiy tuzilmalarning (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar) kamida toʻrttasida rivojlangan boʻlishi kerak, qishki, oʻq otish va golf sport turlari bundan mustasno.
7. Sport turlari va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi taqdimnoma vakolatli organning navbatdagi hayʼat yigʻilishida muhokama qilinadi. Hayʼat yigʻilishida sport turlari va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish yoki eʼtirof etishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Qabul qilingan qarordan koʻchirma hayʼat yigʻilishidan soʻng uch kun ichida sport federatsiyasi (uyushmasi) yoki jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga yuboriladi.
8. Sport turlari va sport turining tarmoqlari mazkur Nizomning 3 va 6-bandlarida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan yoki mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan taqdirda, eʼtirof etilmaydi. Sport federatsiyasi (uyushmasi) yoki jismoniy tarbiya-sport tashkiloti hayʼat qarorida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda takroran murojaat qilishga haqli.
Vakolatli organ tomonidan eʼtirof etilgan sport turlari va sport turining tarmoqlari sport turlarining reyestriga kiritiladi.
3-bob. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini Sport turlarining reyestriga kiritish
9. Sport turlarining reyestri (bundan buyon matnda Reyestr deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi hududida shugʻullaniladigan va vakolatli organ tomonidan eʼtirof etilgan sport turlarining tizimlashtirilgan roʻyxatidan iborat.
Reyestr Oʻzbekiston Respublikasida rivojlanayotgan sport turlari va sport turining tarmoqlari boʻyicha yagona bazani yaratish maqsadida tuziladi.
10. Reyestrga kiritilgan sport turiga oʻnta belgidan iborat tartib raqami (kod) beriladi. Har bir son quyidagilarni aniqlaydi:
a) birinchi, ikkinchi va uchinchi sonlar — sport turining bazali tartib raqami 001 dan 999 gacha;
b) toʻrtinchi va beshinchi sonlar — sport turi tarmoqlarining bazali tartib raqami 01 dan 99 gacha, sport turi tarmoqlar boʻlmasa — 00;
v) oltinchi son — sport bilan shugʻullanish mavsumini hamda oʻyinli va oʻyinli emas sport turini aniqlaydi:
0 — mavsumli emas, oʻyinli emas;
1 — yozgi, oʻyinli emas;
2 — qishki, oʻyinli emas;
3 — mavsumli emas, oʻyinli;
4 — yozgi, oʻyinli;
5 — qishki, oʻyinli;
g) yettinchi son — sport turining rivojlanish darajasini aniqlaydi:
1 — milliy sport turlari;
2 — faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududlarida rivojlangan;
3 — xalqaro sport tashkiloti mavjud boʻlgan sport turi;
4 — xalqaro sport tashkiloti mavjud boʻlgan sport turi va u Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan tan olingan;
5 — xalqaro sport tashkiloti mavjud boʻlgan sport turi va u Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan tan olingan hamda Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan;
d) sakkizinchi son — sport turining idoraviy mansubligini bildiradi:
0 — hech qanday tashkilotga mansub emas;
1 — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga;
2 — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga;
3 — Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashiga;
4 — Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasiga;
Keyingi tahrirga qarang.
e) toʻqqizinchi son — maxsus belgi:
0 — sport turi bilan shugʻullanish cheklanmagan;
9 — faqat maxsus davlat tizimlarida rivojlantirish mumkin;
j) oʻninchi son — sport turi bilan shugʻullanuvchilarning jinsini bildiradi:
1 — erkaklar va ayollar;
2 — erkaklar;
3 — ayollar.
11. Reyestrga kiritilgan sport turi va sport turining tarmoqlari boʻyicha quyidagilarga ruxsat etiladi:
oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari mutaxassislarini tayyorlash;
sport maktablari va ularning boʻlimlarini ochish;
turli hududiy, respublika va xalqaro musobaqalarni oʻtkazish;
trenerlarga, sport hakamlariga toifa, sportchilarga unvon va razryadlar berish;
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan turli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa maqsadlarda faoliyat olib borish.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Reyestrga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shu jumladan sport turini yoki sport turining tarmogʻini Reyestrdan chiqarish respublika sport federatsiyalari (uyushmalari), jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari taqdimnomalari asosida vakolatli organning hayʼat qarori bilan amalga oshiriladi.
4-bob. Reyestrni yuritish
13. Reyestr vakolatli organ tomonidan mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda elektron hujjat koʻrinishida yuritiladi.
Sport turlari va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, Reyestrga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shu jumladan sport turini yoki sport turining tarmogʻini Reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida vakolatli organning hayʼat qarori qabul qilingandan keyin uch kun ichida vakolatli organning tegishli masalani hayʼat muhokamasiga taqdim etgan boshqarmasi bu haqda reyestrga tegishli yozuv kiritadi.
14. Reyestrning nusxasi vakolatli organning Internetdagi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va unga kiritilgan yozuvlar asosida muntazam yangilab boriladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
15. Mazkur Nizom kuchga kirgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi sport turlari boʻyicha davlat reyestriga kiritilgan sport turlari va sportning tarkibiy qismlari takroran eʼtirof etilishi va Reyestrga kiritilishi talab etilmaydi.
16. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi bilan kelishilgan.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
2017-yil 7-avgust
Mudofaa vaziri Q. BERDIYEV
2017-yil 7-avgust
Ichki ishlar vaziri A. AZIZOV
2017-yil 7-avgust
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi Q. RAFIKOV
2017-yil 7-avgust
Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi raisi R. NIYAZOV
2017-yil 7-avgust
Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Sport turlarining
REYESTRI
|
Sport turlari va sport turining tarmoqlari nomi |
Sport turlari va sport turining tarmoqlari tartib raqami (kodi) | |
|
1 |
2 |
3 |
|
|
||
|
|
||
|
|
||
|
|
Keyingi tahrirga qarang.