Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining
Qarori
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 28-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2921]
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 369-son “Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Keyingi tahrirga qarang.
1. Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais R. KURBANOV
Toshkent sh.,
2017-yil 4-iyul,
3-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining 2017-yil 4-iyuldagi 3-mh-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi toʻgʻrisidagi
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 369-son “Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq sport turlari reyestriga kiritilgan sport turlari boʻyicha tegishli sport unvonlari va sport razryadlarini berish uchun bajarilishi zarur boʻlgan normalar va talablar hamda ularni bajarish shartlarining mazmunini, yagona sport tasnifini shakllantirish, shuningdek sport turlari boʻyicha sport unvonlari va sport razryadlarini berish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Yagona sport tasnifi (bundan buyon matnda YAST deb yuritiladi) sport turlari reyestriga kiritilgan sport turlari boʻyicha tegishli sport unvonlari va sport razryadlarini berish uchun bajarilishi zarur boʻlgan normalar hamda talablarni, shuningdek ularni bajarish shartlarini (bundan buyon matnda normalar va talablar, shuningdek ularni bajarish shartlari deb yuritiladi) belgilaydi.
2. Quyidagilar YASTning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasida sport turlarini rivojlanishiga koʻmaklashish;
sportchilarning sport mahorati darajasini aniqlash uchun sport koʻrsatkichlarini belgilash;
sportchilarning sport mahorati darajasini eʼtirof etish;
sportchilarning sport mahorati darajasini oshirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonunining 23-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasida quyidagi sport unvonlari hamda sport razryadlari beriladi:
Keyingi tahrirga qarang.
a) sport unvonlari:
Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston sport ustasi yoki Oʻzbekiston grossmeysteri;
b) sport razryadlari:
Oʻzbekiston sport ustaligiga yoki Oʻzbekiston grossmeysterligiga nomzod;
birinchi sport razryadi;
ikkinchi sport razryadi;
uchinchi sport razryadi;
oʻsmirlar uchun birinchi sport razryadi;
oʻsmirlar uchun ikkinchi sport razryadi;
oʻsmirlar uchun uchinchi sport razryadi.
4. Sport unvonlari sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga (bundan buyon matnda kalendar reja deb yuritiladi) kiritilgan xalqaro va respublika miqyosidagi rasmiy sport yoki ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari natijalari boʻyicha YASTning normalari va (yoki) talablarini, shuningdek ularni bajarish shartlarini bajargan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan sportchilarga beriladi.
Sport razryadlari kalendar rejaga kiritilgan xalqaro va respublika miqyosidagi rasmiy sport yoki ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari natijalari boʻyicha YASTning normalari va (yoki) talablarini, shuningdek ularni bajarish shartlarini bajargan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hamda fuqaroligi boʻlmagan sportchilarga beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Sport turi boʻyicha YAST mavjud boʻlmasa ushbu sport turi boʻyicha sport unvonlari va sport razryadlari berilmaydi.
6. Sport unvonlari va sport razryadlari umrbod beriladi.
2-bob. Normalar va talablar, shuningdek ularni bajarish shartlarining mazmuni
7. Normalar va talablar, shuningdek ularni bajarish shartlari sport turining rivojlanganlik darajasi, rasmiy sport musobaqalarining nufuzi, sportchining yoshini va jinsini hisobga olgan holda belgilanadi.
8. Normalar va talablar, shuningdek ularni bajarish shartlari sport turining xususiyatlariga koʻra belgilangan oʻlchov birliklarida ifodalangan va sportchining mahoratini aniqlaydigan koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi.
9. Normalar va talablar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) sport musobaqasida egallangan oʻrin;
b) sport musobaqasidagi raqiblar soni;
v) sport musobaqasida oʻlchov birliklari boʻyicha qayd etilgan natijalar.
10. Sportchi tomonidan normalar va talablarni bajarish shartlari quyidagilar hisoblanadi:
a) sportchi ishtirok etgan xalqaro rasmiy sport musobaqalarida qatnashgan mamlakatlar soni, bunda:
jahon chempionati, kubogi va birinchiligida:
yozgi sport turlarida — kamida 20 ta;
qishki sport turlarida — kamida 15 ta boʻlishi.
Osiyo chempionati, kubogi va birinchiligida:
yozgi sport turlarida — kamida 10 ta;
qishki sport turlarida — kamida 8 ta boʻlishi.
boshqa xalqaro rasmiy sport musobaqalarida:
yozgi sport turlarida — kamida 6 ta;
qishki sport turlarida — kamida 5 ta boʻlishi.
b) sportchi ishtirok etgan Oʻzbekiston chempionati yoki kubogida hududiy jamoalardan kamida yarmi qatnashgan boʻlishi;
v) sportchi ishtirok etgan hududiy chempionat va birinchilikda hududiy jamoalardan kamida yarmi qatnashgan boʻlishi;
g) sportchi ishtirok etgan rasmiy sport musobaqalarida (xalqaro rasmiy sport musobaqalari bundan mustasno) kamida quyidagi malaka toifasiga ega boʻlgan hakamlarning hakamlik qilishi:
Oldingi tahrirga qarang.
Xalqaro toifali Oʻzbekiston sport ustasi sport unvoni uchun — 2 nafar xalqaro toifali yoki 3 nafar milliy toifali sport hakami;
(10-bandning “g” kichik bandi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston sport ustasi yoki Oʻzbekiston grossmeysteri sport unvoni uchun — 2 nafar xalqaro toifali yoki 2 nafar milliy toifali sport hakami;
(10-bandning “g” kichik bandi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston sport ustaligiga nomzod yoki Oʻzbekiston grossmeysterligiga nomzod sport razryadi uchun — 1 nafar milliy toifali yoki 3 nafar birinchi toifali sport hakami;
(10-bandning “g” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
birinchi sport razryadi uchun — 3 nafar birinchi toifali sport hakami;
ikkinchi yoki uchinchi sport razryadi uchun — 2 nafar birinchi toifali sport hakami;
oʻsmirlar uchun birinchi, ikkinchi yoki uchinchi sport razryadi uchun — 1 nafar birinchi toifali sport hakami.
d) sport turi hamda rasmiy sport musobaqalarini oʻtkazish tizimining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda boshqa shartlar.
Agar jahon chempionati, kubogi yoki birinchiligida qatnashgan mamlakatlar soni mazkur band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisida belgilangandan kam boʻlsa, bunda Osiyo chempionati, kubogi yoki birinchiligi uchun nazarda tutilgan shartlar qoʻllaniladi.
Agar Osiyo chempionati, kubogi yoki birinchiligida qatnashgan mamlakatlar soni mazkur band “a” kichik bandining beshinchi xatboshisida belgilangandan kam boʻlsa, bunda boshqa xalqaro rasmiy sport musobaqalari uchun nazarda tutilgan shartlar qoʻllaniladi.
11. Xalqaro rasmiy sport musobaqalarida bajarilgan norma va (yoki) talablar uchun sportchiga u mazkur musobaqalarda Oʻzbekiston Respublikasining terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan taqdirdagina, sport unvonlari va sport razryadlari beriladi.
3-bob. YASTni shakllantirish va tasdiqlash
12. YAST Olimpiya oʻyinlari oʻtkazilishining davriyligini inobatga olib har 4 yilda bir marta kelgusi 4 yil muddatga tuziladi.
13. YASTda sport turlari reyestriga kiritilgan sport turlari boʻyicha normalar va talablar, shuningdek ularni bajarish shartlari koʻrsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. YAST sport federatsiyalarining (uyushmalarining), sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha esa, Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashining taqdimnomalariga asosan Olimpiya oʻyinlari oʻtkazilgan yil yakuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mx-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
15. YAST Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hayʼatida koʻrib chiqiladi va uning qarori bilan tasdiqlanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mx-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Keyingi tahrirga qarang.
16. YASTda normalar va talablar, shuningdek ularni bajarish shartlari sportchining jinsi va yoshini inobatga olgan holda alohida-alohida koʻrsatiladi.
17. YAST mazkur Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga zid boʻlmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
18. YASTga uni tuzgan tashkilotlarning taqdimnomalariga asosan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
YASTga oʻzgartirishlar kiritish u qanday tartibda tasdiqlangan boʻlsa shunday tartibda amalga oshiriladi.
Agar YASTga kiritilayotgan oʻzgartirishlar sport turi boʻyicha xalqaro qoidalar oʻzgarganligi bilan bogʻliq boʻlmasa, oʻzgartirishlar YAST tasdiqlangan kundan boshlab bir yil oʻtgandan soʻng kiritiladi.
4-bob. Sport unvonlarini berish
19. Xalqaro grossmeyster sport unvoni tegishli xalqaro sport tashkiloti tomonidan beriladi.
Xalqaro grossmeyster sport unvonini olgan sportchilar Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi sport unvonini olgan sportchilarga tenglashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi, Oʻzbekiston grossmeysteri, Oʻzbekiston sport ustasi sport unvonlari Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan quyidagi tashkilotlarning taqdimnomalariga asosan beriladi:
(20-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mx-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Keyingi tahrirga qarang.
respublika sport federatsiyalari (uyushmalari);
Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy sport klubi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Sport unvonini berish toʻgʻrisidagi taqdimnoma tashkilot rahbari (yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan imzolangan va tashkilot muhri bilan (muhr mavjud boʻlganda) tasdiqlangan holda YASTning normalari va talablari, shuningdek ularni bajarish shartlari bajarilgan kundan boshlab 1 yil ichida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga taqdim etiladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mx-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Keyingi tahrirga qarang.
22. Sport unvonini berish toʻgʻrisidagi taqdimnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) YAST normalari va (yoki) talablari, shuningdek ularni bajarish shartlari bajarilganligini, shu jumladan sport musobaqalaridagi yutuqlar aks ettirilgan, rasmiy sport musobaqalari bayonnomalari va musobaqa diplomlari nusxalari (sport pasporti mavjud boʻlganda, sport pasportining (tegishli maʼlumotlar koʻrsatilgan varaqlari bilan) nusxasi);
b) hakamlar hayʼati raisi tomonidan tasdiqlangan hakamlarning tarkibi va toifasi haqida maʼlumotnoma (xalqaro rasmiy sport musobaqalari bundan mustasno);
v) pasport nusxasi (16 yoshga toʻlmagan sportchilarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi, chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi nusxasi);
Keyingi tahrirga qarang.
g) sportchiga nisbatan uning treneri tomonidan berilgan tavsifnoma;
d) 2 ta 3 x 4 hajmdagi (oq fondagi) rangli fotosurat.
Taqdimnomaga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari ularni berayotgan tashkilotlar tomonidan asliga toʻgʻri ekanligi tasdiqlangan boʻlishi shart.
Taqdim etilgan hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun taqdimnomani imzolagan shaxs masʼul hisoblanadi.
23. Sport unvonini berish toʻgʻrisidagi taqdimnomaga mazkur Nizomning 22-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq ilova qilinmagan taqdirda, u rad etiladi va uni taqdim qilgan tashkilotga rad etish sabablari koʻrsatilgan javob xati yuboriladi.
24. Sport unvonini berish yoki sport unvonini berishni rad etish masalasi mazkur Nizomda belgilangan tartibda tuziladigan malaka komissiyasi tomonidan hal qilinadi.
25. Sport unvonini berishni rad etishga quyidagilar asos boʻlib hisoblanadi:
a) sport unvonini berish toʻgʻrisidagi taqdimnoma va unga ilova qilingan hujjatlar mazkur Nizomning 21-bandida belgilangan muddat ichida taqdim etilmaganda;
b) sportchi tomonidan bajarilgan normalar va (yoki) talablar, shuningdek ularni bajarish shartlari YASTga muvofiq boʻlmaganda;
v) sport musobaqalari davomida sportchi diskvalifikatsiya qilinganda.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Sport unvoni malaka komissiyasi qarori asosida qabul qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining buyrugʻiga muvofiq beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining buyrugʻi malaka komissiyasi qarori chiqarilgan kundan boshlab uch kun ichida qabul qilinadi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Keyingi tahrirga qarang.
27. Sport unvoni berilganligi haqidagi maʼlumot sportchining sport pasportiga kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
28. Sport unvonini olgan sportchiga Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan sport unvoni olganligini tasdiqlovchi guvohnoma beriladi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Keyingi tahrirga qarang.
29. Sport unvoni olinganligini tasdiqlovchi guvohnoma yoʻqotilgan, buzilgan yoki uni olgan shaxsning familiyasi, ismi yoki otasining ismi oʻzgargan hollarda sportchining arizasiga asosan ushbu guvohnomani bergan tashkilot tomonidan guvohnomaning dublikati beriladi. Bunda arizaga guvohnoma yoʻqotilgan taqdirda, guvohnoma yoʻqotilganligi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida berilgan eʼlonning (yoʻqotilgan guvohnomaning berilgan yili, tartib raqami koʻrsatilgan holda) nusxasi, guvohnomani olgan shaxsning familiyasi, ismi yoki otasining ismi oʻzgarganligini tasdiqlovchi hujjatlar yoxud buzilgan guvohnoma ilova qilinadi.
Guvohnomalarining dublikati berilganda uning yuqori oʻng burchagiga “Dublikat” degan soʻz yoziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Sport razryadlarini berish
30. Sport razryadlari quyidagicha:
Oldingi tahrirga qarang.
oliy mahorat sport maktablari, sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar maktablari, bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining mintaqaviy kengashlari, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy sport klubi sportchilariga Oʻzbekiston sport ustaligiga nomzod, Oʻzbekiston grossmeysteriga nomzod va birinchi sport razryadlari — mazkur tashkilotlarning taqdimnomasiga asosan qatʼiy ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari tomonidan;
(30-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar maktablari, bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining mintaqaviy kengashlari, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy sport klubi sportchilariga ikkinchi va uchinchi sport razryadlari, oʻsmirlar uchun birinchi, ikkinchi va uchinchi sport razryadlari — qatʼiy ravishda ushbu tashkilotlar tomonidan sportchilar trenerlarining taqdimnomalariga asosan;
(30-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
boshqa jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari sportchilariga — Oʻzbekiston sport ustaligiga nomzod, Oʻzbekiston grossmeysteriga nomzod, birinchi, ikkinchi va uchinchi sport razryadlari, oʻsmirlar uchun birinchi, ikkinchi va uchinchi sport razryadlari ushbu tashkilotlarning yoxud tegishli sport turi boʻyicha sport federatsiyalarining (uyushmalarining) yoki uning hududiy boʻlinmalarining taqdimnomalariga asosan — tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari tomonidan, bunda sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha ikkinchi va uchinchi sport razryadlari, oʻsmirlar uchun birinchi, ikkinchi va uchinchi sport razryadlari — tegishlicha Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining mintaqaviy kengashlari tomonidan beriladi.
(30-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 26-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-1, 18.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son)
Keyingi tahrirga qarang.
31. Sport razryadini berish toʻgʻrisidagi taqdimnoma tashkilot rahbari (yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs) va tashkilot muhri (muhr mavjud boʻlganda) bilan tasdiqlangan, taqdimnoma trener tomonidan berilayotganda esa, trener tomonidan imzolangan holda, YASTning normalari va talablari, shuningdek ularni bajarish shartlari bajarilgan kundan boshlab 6 oy ichida berilishi shart.
32. Sport razryadini berish toʻgʻrisidagi taqdimnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) YAST normalari va (yoki) talablari, shuningdek ularni bajarish shartlari bajarilganligini, shu jumladan sport musobaqalaridagi yutuqlar aks ettirilgan, rasmiy sport musobaqalari bayonnomalari va musobaqa diplomlari nusxalari (sport pasporti mavjud boʻlganda, sport pasportining (tegishli maʼlumotlar koʻrsatilgan varaqlari bilan) nusxasi);
b) hakamlar hayʼati raisi tomonidan tasdiqlangan hakamlarning tarkibi va toifasi haqida maʼlumotnoma (xalqaro rasmiy sport musobaqalari bundan mustasno);
v) pasport nusxasi (16 yoshga toʻlmagan sportchilarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi, chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi nusxasi);
Keyingi tahrirga qarang.
g) sportchiga nisbatan uning treneri tomonidan berilgan tavsifnoma;
d) 2 ta 3 x 4 hajmdagi (oq fondagi) rangli fotosurat (sport razryadini birinchi marta olayotganda).
Taqdimnomaga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari ularni berayotgan tashkilotlar tomonidan asliga toʻgʻri ekanligi tasdiqlangan boʻlishi shart, taqdimnoma sportchining treneri tomonidan berilayotgan hollar bundan mustasno.
Taqdim etilgan hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun taqdimnomani imzolagan shaxs masʼul hisoblanadi.
33. Sport razryadini berish toʻgʻrisidagi taqdimnomaga mazkur Nizomning 32-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq ilova qilinmagan taqdirda, u rad etiladi va uni taqdim qilgan tashkilotga rad etish sabablari koʻrsatilgan javob xati yuboriladi. Bunda taqdimnoma sportchining treneri tomonidan berilayotganda, u rad etish sabablari ogʻzaki tushuntirilgan holda qaytariladi.
34. Sport razryadini berish yoki sport razryadini berishni rad etish masalasi mazkur Nizomda belgilangan tartibda tuziladigan malaka komissiyasi tomonidan hal qilinadi.
35. Sport razryadi malaka komissiyasi qarori asosida qabul qilinadigan mazkur Nizomga asosan sport razryadini berish huquqiga ega boʻlgan tashkilotlar rahbarlarining buyrugʻiga muvofiq beriladi.
36. Sport razryadini berishni rad etishga quyidagilar asos hisoblanadi:
a) sport razryadini berish toʻgʻrisidagi taqdimnoma va unga ilova qilingan hujjatlar mazkur Nizomning 31-bandida belgilangan muddat ichida taqdim etilmaganda;
b) sportchi tomonidan bajarilgan normalar va (yoki) talablar, shuningdek ularni bajarish shartlari YASTga muvofiq boʻlmaganda;
v) sport musobaqalari davomida sportchi diskvalifikatsiya qilinganda.
37. Sport razryadi berilganligi haqidagi maʼlumot sportchining sport pasportiga (sport kitobchasiga) kiritiladi va sport razryadini bergan tashkilot tomonidan tasdiqlanadi.
Sport razryadini bergan tashkilot berilgan sport razryadlarining hisobini yuritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Sport unvonlari va sport razryadlarini berish boʻyicha malaka komissiyasi
38. Mazkur Nizomga asosan sport unvonlari va sport razryadlarini berish huquqiga ega boʻlgan tashkilotlar huzurida malaka komissiyalari (bundan buyon matnda malaka komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi. Malaka komissiyasi tarkibi mazkur tashkilotlarning rahbarlari qarori bilan tasdiqlanadi.
39. Malaka komissiyasi kamida yetti nafar aʼzodan iborat boʻlib, uning tarkibiga malaka komissiyasi tuzilgan tashkilotning tarkibiy boʻlinmalari vakillari, shuningdek sportning tegishli turi boʻyicha respublika (viloyat) sport federatsiyalari (uyushmalari), sport turlari boʻyicha oliy sport mahorati maktablari va boshqa jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari vakillari kelishuv asosida kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Malaka komissiyasi raisi va aʼzolari oʻz xohishiga koʻra yoki zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishda aniqlangan qoida buzishlari uchun malaka komissiyasini tuzgan tashkilot rahbarining qaroriga muvofiq komissiya tarkibidan chiqarilishi mumkin.
41. Malaka komissiyasi majlisi unda komissiya aʼzolarining 2/3 qismi qatnashgan taqdirda toʻla huquqli hisoblanadi. Qarorlar ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Malaka komissiyasi qarori uning majlisida qatnashgan komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchiligi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
42. Sport unvoni va sport razryadlarini berish toʻgʻrisidagi taqdimnomalar har oyda malaka komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Malaka komissiyasi majlislari uning raisi tomonidan chaqiriladi.
Malaka komissiyasining navbatdan tashqari majlislari zarurat boʻlgan taqdirda uning raisi tomonidan chaqirilishi mumkin.
(42-band Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining 2019-yil 28-martdagi 4-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2921-2, 08.04.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2019-y., 10/19/2921-2/2893-son)
Keyingi tahrirga qarang.
43. Malaka komissiyasi qarorlari bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi va komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi. Bayonnoma malaka komissiyasi kotibi tomonidan yuritiladi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
44. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Mazkur Nizom Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi bilan kelishilgan.
Mudofaa vaziri Q. BERDIYEV
2017-yil 4-iyul
Ichki ishlar vaziri A. AZIZOV
2017-yil 4-iyul
Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi raisi R. NIYAZOV
2017-yil 4-iyul
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 35-son, 935-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2018-y., 10/18/2921-1/2341-son; 08.04.2019-y., 10/19/2921-2/2893-son, 03.12.2019-y., 10/19/2921-3/4103-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 12.11.2021-y., 10/21/2921-4/1043-son; 16.07.2022-y., 10/22/2921-5/0644-son; 24.11.2023-y., 10/23/2921-6/0883-son; 26.02.2024-y., 10/24/2921-7/0151-son; 01.07.2026-y., 10/26/2921-8/0662-son)