Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2017-yil 16-avgustda “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Ushbu hujjatda 2019-yilning 1-yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini bekor qilish va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini joriy etish koʻzda tutilgan.
Mazkur meʼyoriy hujjatni qabul qilishdan maqsad aholi uchun qulay sharoit yaratish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini soddalashtirish, harakatlanish hujjatining amal qilish muddatini uzaytirish, uni tayyorlash muddatini qisqartirish, fuqarolarning davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida pasport nazoratidan oʻtishini imkon qadar soddalashtirish, shuningdek, chet elga chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda byurokratik toʻsiqlar va korrupsiya holatlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratayotgan omillarni bartaraf etishdan iborat.
Farmon loyihasini tayyorlash davomida mutaxassislarimiz xorijga chiqish uchun pasportlardan foydalanish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrgandi. Oʻrganish natijalari shundan dalolat beradiki, jahonning deyarli barcha davlatlarida ichki va tashqi foydalanish uchun moʻljallangan ikki turdagi hujjatdan foydalanilmoqda. Chet elga chiqishda kitob bukleti koʻrinishidagi pasport unga ruxsat beradigan hech qanday qoʻshimcha yozuvlar kiritilmasdan, majburiy tartibda qoʻllanilmoqda.
Farmonda dastlabki bosqichda, yaʼni 2019-yilning 1-yanvaridan Oʻzbekiston Respublikasi bilan viza rejimi oʻrnatilgan davlatlarga chiqishni rejalashtirayotgan mamlakatimiz fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport beriladi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari 2021-yilning 1-yanvarigacha vizasiz rejim oʻrnatilgan mamlakatlarga (Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Moldova Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va Gruziya) 2011-yilgi namunadagi amaldagi biometrik pasport bilan chiqishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijda boʻlib turgan fuqarolari 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportdan uning amal qilish muddati tugaguniga qadar foydalanishi mumkin. Yana shuni taʼkidlash kerakki, xorijga chiqish uchun biometrik pasport amaliyotga kiritilgunicha fuqarolar viza rejimi oʻrnatilgan davlatlarga 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportda amaldagi ruxsat yozuvi stikeri mavjud boʻlganda shu pasport bilan chiqishi mumkin.
Ushbu farmonga muvofiq:
Fuqarolarni qabul qilish va xorijga chiqish uchun pasport olish hujjatlarini rasmiylashtirish ishlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari, mamlakatimizdan tashqarida esa Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi muassasalari amalga oshiradi;
hujjatlarni personallashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, blankalarni tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi zimmasiga yuklanmoqda;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 2018-yilning 1-dekabrigacha zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish orqali va aholiga maksimal interfaol xizmatlar koʻrsatgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etishga qaratilgan tashkiliy-texnik ishlarni amalga oshirish vazifasi topshirildi.
Pasport berish va xorijga chiqishni tartibga soladigan zarur meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2017-yilning 1-dekabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining yangi dizayndagi 48 sahifali xorijga chiqish uchun biometrik pasportining Davlat standartini tasdiqlash vazifasi topshirildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu farmon talablari ijrosini taʼminlash uchun Davlat personallashtirish markazi, Tashqi ishlar vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yilning 1-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi toʻgʻrisida yangi tahrirdagi nizom loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun oʻrnatilgan tartibda taqdim etadi.
Nizomda quyidagilar koʻzda tutiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti uning egasi shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi va undan respublika hududida umumfuqarolik hujjati sifatida foydalaniladi;
zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilishi inobatga olinib, xorijga chiqish uchun biometrik pasportni rasmiylashtirish va berish muddati 15 ish kunidan 10 ish kunigacha qisqartiriladi;
xalqaro tajribaga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportining amal qilish muddati voyaga yetmagan shaxslar uchun 5 yilgacha, 16 yoshdan katta shaxslar uchun 10 yilni tashkil qiladi;
aholiga elektron ariza taqdim etish, elektron navbat, davlat bojini elektron toʻlov tizimi orqali toʻlash kabi interfaol xizmatlar koʻrsatish koʻlamini kengaytirish, shuningdek, hujjatning tayyorligini tekshirish boʻyicha maxsus xizmatlardan foydalangan holda hujjatni berish tartibi belgilanadi;
Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish shahar va tuman boʻlinmalarining vazifalari kengaytiriladi va shu munosabat bilan fuqarolar xorijga chiqish uchun pasport olish boʻyicha arizani Ichki ishlar vazirligining doimiy yashash joyidagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish shahar/tuman boʻlinmalariga taqdim etishi mumkin. Ayni paytda ushbu vazifalar Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish viloyat boshqarmalari zimmasiga yuklatilgan;
hujjatlarni qabul qilish jarayonida “Elektron hukumat” tizimi imkoniyatlari orqali kerakli barcha maʼlumotnomalarni olishni oʻzida mujassam etgan “yagona oyna” tizimidan foydalaniladi;
joriy etilayotgan pasportning tannarxi va biometrik pasport tizimiga texnik xizmat koʻrsatish zarurligidan kelib chiqqan holda, aholiga ushbu hujjatlarni berish boʻyicha davlat bojining tegishli miqdori belgilanadi.
Qabul qilingan ushbu farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2019-yilning 1-yanvaridan xorijga chiqishi uchun muomalaga kiritilayotgan biometrik pasporti va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportining amal qilish muddati haqida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi, Xalqaro standartlashtirish tashkiloti va xorijiy davlat hukumatlarini oʻrnatilgan tartibda xabardor qilish topshirildi.