Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi 672-sonli “Vazirlar Mahkamasining “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, Hukumatning ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 30-iyundagi PF-5099-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazining Muvofiqlashtiruvchi kengashi (keyingi oʻrinlarda Muvofiqlashtiruvchi kengash deb ataladi) va Toshkent shahridagi Inxa universiteti Vasiylik kengashining Toshkent shahridagi Inxa universiteti (keyingi oʻrinlarda Universitet deb ataladi) muassisligida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi direksiyasini (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi direksiyasining boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 15 nafar boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Muvofiqlashtiruvchi kengashga, zarurat boʻlganda, Direksiya tuzilmasi va xodimlari soniga oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, Direksiya:
Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi (keyingi oʻrinlarda Innovatsiya markazi deb ataladi) rezidenti maqomini olish uchun yuridik shaxslardan arizalar qabul qilishni tashkil etadi, shuningdek, Muvofiqlashtiruvchi kengash qarori asosida Innovatsiya markazi rezidentlari reyestriga kiritish va rezident maqomi berilganligi toʻgʻrisida guvohnomani berish orqali Innovatsiya markazi rezidentlarini roʻyxatga olishni amalga oshiradi;
Innovatsiya markazi rezidentlariga ekspert yordam va maslahat xizmatlarini koʻrsatadi;
Innovatsiya markazi rezidentlari zimmalaridagi majburiyatlarning bajarilishi monitoringini, keyinchalik uning natijalarini Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etgan holda, amalga oshiradi;
Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq Innovatsiya markazi faoliyatini operativ boshqarish boʻyicha boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Direksiya taʼminoti:
Muvofiqlashtiruvchi kengash qaroriga koʻra belgilangan stavkalar boʻyicha Innovatsiya markazi rezidentlarining har oylik ajratmalari (sof tushumning bir foizi miqdoridan yuqori boʻlmagan holda);
Innovatsiya markazi rezidentlariga qoʻshimcha pullik xizmatlar koʻrsatilishidan olinadigan daromadlar;
Direksiya muassisining mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlarining, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarning begʻaraz texnik koʻmagi (grantlari);
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
6. Toshkent shahridagi Inxa universiteti Vasiylik kengashi va Muvofiqlashtiruvchi kengashning Direksiyani Toshkent shahar, Ziyolilar koʻchasi, 13-a-uyda joylashgan Universitet binosiga joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga axborot texnologiyalari va dasturiy taʼminotni ishlab chiqish sohasida ilmiy-texnik laboratoriyalarni tashkil etish maqsadida bino va xonalarni manfaatdor xoʻjalik yurituvchi subyektlarga vaqtinchalik bepul foydalanish uchun berish huquqi berilsin.
8. Universitetga bir oy muddatda Direksiya ustavini ishlab chiqish va uni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishni taʼminlash tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.X. Shermatov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-avgust,
631-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-avgustdagi 631-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi direksiyasining
TUZILMASI
Izoh: Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 15 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-avgustdagi 631-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi faoliyatini tashkil qilish tartibini, asosiy yoʻnalishlarini, yuridik shaxslarni uning rezidentlari sifatida roʻyxatga olishni, rezidentlar uchun soliq va bojxona imtiyozlarini, maxsus valyuta rejimini qoʻllashni, shuningdek, rezidentlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari boʻyicha xodimlar tomonidan soliq imtiyozlarining qoʻllanilishi tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi (keyingi oʻrinlarda Innovatsiya markazi deb ataladi) — Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida eksterritoriallik prinsipi asosida, axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirishning maksimal darajada qulay sharoitlarini yaratish uchun respublikaning butun hududida Innovatsiya markazi rezidentlarini joylashtirgan holda tuzilgan tashkilot;
Innovatsiya markazining Muvofiqlashtiruvchi kengashi (keyingi oʻrinlarda Muvofiqlashtiruvchi kengash deb ataladi) — Innovatsiya markazining yuqori boshqaruv organi hisoblanadigan hamda Innovatsiya markazi faoliyatini rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi kollegial organ. Muvofiqlashtiruvchi kengashning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi;
Innovatsiya markazi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) — Muassisi Toshkent shahridagi Inxa universiteti boʻlgan Innovatsiya markazi faoliyatini operativ boshqarish uchun tuziladigan, masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi yuridik shaxs;
Innovatsiya markazi rezidentlarining yagona reyestri (keyingi oʻrinlarda reyestr deb ataladi) — butunjahon Internet axborot tarmogʻida, ushbu Nizomga muvofiq Innovatsiya markazida roʻyxatga olingan yuridik shaxslarning toʻliq roʻyxatini ichiga oladigan ochiq va hamma foydalana oladigan axborot resursi;
Innovatsiya markazi rezidenti — belgilangan tartibda Innovatsiya markazida roʻyxatga olingan va Direksiya tomonidan reyestrga kiritilgan yuridik shaxs.
2-bob. Innovatsiya markazi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari va funksiyalari
3. Quyidagilar Innovatsiya markazi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar va oliy taʼlim muassasalarining oʻzaro hamkorligini kengaytirish uchun axborot texnologiyalari mahsulotini ishlab chiqarishga hamda ichki va tashqi bozorlarda sotishga yoʻnaltirilgan zarur tashkiliy-texnik, moliyaviy-iqtisodiy sharoitlarni yaratish;
Innovatsiya markazi rezidentlariga ichki va tashqi bozorlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (keyingi oʻrinlarda AKT deb ataladi) sohasida raqobatbardosh loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda yordam berish;
oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining “axborot texnologiyalari” ixtisosligi boʻyicha bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash, shu jumladan, qobiliyatli yoshlarni ular tomonidan “start-ap” loyihalar amalga oshirilishida qoʻllab-quvvatlash;
qisqa muddatli va oʻrtacha muddatli ixtisoslashtirilgan kurslar oʻtkazish olib borish orqali, shu jumladan, chet ellik mutaxassislarni taklif etgan holda, AKT sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil qilish;
istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha axborot texnologiyalari mahsulotini ishlab chiqish sohasida oʻz faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlar tomonidan innovatsion loyihalar amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlash.
4. Innovatsiya markazi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagi funksiyalarni amalga oshirish orqali bajariladi:
ushbu Nizomda va Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorlarida belgilangan tartibda yuridik shaxslarni Innovatsiya markazi rezidentlari sifatida roʻyxatga olishni tashkil qilish;
Innovatsiya markazi rezidentlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar ishlab chiqadigan axborot texnologiyalari mahsulotlarining xalqaro yarmarka va koʻrgazmalarini oʻtkazish, shuningdek, Innovatsiya markazi rezidentlarining xalqaro seminarlarda, konferensiyalarda va respublika hamda xalqaro miqyosda oʻtkaziladigan boshqa tadbirlarda ishtirokini tashkil etish;
Direksiya va Innovatsiya markazi rezidentlari oʻrtasidagi yozma kelishuvlar asosida Innovatsiya markazi rezidentlariga yirik xorij kompaniyalari, venchur fondlar va boshqa xorijiy investorlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyishda yordam koʻrsatish;
Innovatsiya markazi rezidentlarining oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarida tayyorlanadigan kadrlarga qoʻyiladigan talablarini, jumladan, malakaga boʻlgan oʻzgarishlarni va yangi ixtisosliklarga boʻlgan talabni, keyinchalik bu maʼlumotni tegishli taʼlim muassasalariga yuborgan holda, muntazam oʻrganish;
oʻz tasarrufida boʻlgan moddiy-texnik resurslarni (ofis xonalar, kompyuterlar va boshqa uskuna, boshqa zarur resurslar va materiallar) ajratish orqali qobiliyatli yoshlarning “start-ap” loyihalari amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, zarur mutaxassislarni jalb qilishda yordam koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan yoki xorijliklardan boʻlgan AKT sohasi mutaxassislarini yoki yuqori malakali oʻqituvchilarni taklif qilgan holda mutaxassislar uchun qisqa muddatli seminarlar va treninglar oʻtkazish;
respublika va boshqa mamlakatlarning taʼlim muassasalari bilan birgalikda ish beruvchilarning AKT sohasi mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojini hisobga oladigan maxsus ishlab chiqiladigan oʻquv dasturlari boʻyicha kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil qilish;
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning soʻroviga koʻra — faoliyatda axborot texnologiyalarining yangi mahsulotlarini samarali joriy qilish va foydalanish uchun, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil qilishda yordam koʻrsatish;
istiqbolli innovatsion loyihalarga ega boʻlgan, oʻz faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlik subyektlariga loyihani moliyalashtirish yuzasidan investorlar yoki kreditorlar izlashda yordam koʻrsatish;
oʻz faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlik subyektlariga investorlar va kreditorlar bilan shartnoma tuzishda, shuningdek, yuridik shaxslar tashkil etishda moliyaviy, yuridik yoki boshqa maslahatlar berish;
yangi mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlarga kirib borishini tashkil qilish;
Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilanadigan boshqa funksiyalar.
3-bob. Rezident maqomini olish mezonlari va yuridik shaxslarni Innovatsiya markazi rezidentlari sifatida roʻyxatga olish
5. Yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat roʻyxatidan oʻtgan joydan qatʼi nazar, Innovatsiya markazi rezidenti maqomini olishga talabgorlik qilishlari mumkin.
6. Yuridik shaxslar Innovatsiya markazi rezidenti maqomini olish uchun quyidagi mezonlarga mos kelishlari kerak:
a) Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy faoliyat turlarining, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 24-avgustdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan Umumdavlat tasniflagichiga muvofiq quyidagi faoliyat turlaridan birini amalga oshirishlari kerak (keyingi oʻrinlarda IFUK deb ataladi):
“Kompyuter dasturlash, maslahat berish va boshqa qoʻshimcha xizmatlar”;
“Maʼlumotlarni joylashtirish va qayta ishlash boʻyicha xizmatlar, Web-portallar”;
Muvofiqlashtiruvchi Kengash tomonidan belgilanadigan faoliyatning boshqa turlari;
b) ushbu bandning “a” kichik bandida koʻzda tutilgan faoliyat turlari boʻyicha iqtisodiy asoslangan biznes-rejalarga ega boʻlish.
7. Innovatsiya markazi rezidentlari sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun, yuridik shaxslar Direksiyaga (shaxsan oʻzi kelib, pochta aloqasi orqali yoki butunjahon Internet axborot tarmogʻi orqali) quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq ariza;
ustav yoki boshqa taʼsis hujjatining nusxasi;
yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi. Agar yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada ushbu Nizomning 6-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilmagan IFUK faoliyat turi koʻrsatilgan boʻlsa, yuridik shaxs oʻz faoliyatini ushbu Nizomning 6-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan faoliyat turlari boʻyichagina amalga oshirishi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda IFUK kodini oʻz ixtiyori asosida oʻzgartirish toʻgʻrisida majburiyatlari aks etgan kafolat xati taqdim etadi.
yuridik shaxsning Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq ushbu Nizomning 6-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan faoliyat turlariga toʻgʻri keladigan biznes-rejasi.
Barcha hujjatlar rahbar tomonidan imzolanishi va yuridik shaxsning muhri bilan (bor boʻlsa), hujjatlar butunjahon Internet axborot tarmogʻi yordamida taqdim etilganda — elektron raqamli imzo orqali tasdiqlanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Innovatsiya markazi rezidenti maqomini olish uchun ariza bergan yuridik shaxsdan ushbu Nizomda koʻzda tutilmagan hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Yuridik shaxslarning arizasi va ushbu Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan hujjatlar Direksiyaga taqdim etiladi.
Direksiya yuridik shaxslarning arizalarini roʻyxatga oladi va ularni koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi axborotni Innovatsiya markazining rasmiy veb-saytida joylashtiradi.
9. Direksiya yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni, ular Innovatsiya markazining rasmiy veb-saytida roʻyxatga olingan kundan boshlab yetti ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi.
Direksiya Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilanadigan tartibda yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan biznes-rejani qoʻshimcha ilmiy-texnik ekspertizadan oʻtkazish huquqiga ega. Bu holda, koʻrib chiqish muddati ikki haftadan koʻp boʻlmagan ekspertiza muddatiga uzaytirilishi mumkin.
10. Yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar Direksiya tomonidan tegishli xulosa bilan Innovatsiya markazi rezidenti maqomini taqdim etish masalasini koʻrib chiqish uchun Muvofiqlashtiruvchi kengashga kiritiladi.
11. Muvofiqlashtiruvchi kengash taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqib, yuridik shaxsni Innovatsiya markazi rezidenti sifatida roʻyxatga olish yoki roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
12. Muvofiqlashtiruvchi kengash yuridik shaxslarni roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun bir oyda bir marta majlis oʻtkazadi va Direksiya tomonidan koʻrib chiqish uchun tayyorlangan barcha takliflarni koʻrib chiqadi.
13. Quyidagilar yuridik shaxsni Innovatsiya markazi rezidenti sifatida roʻyxatga olishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
hujjatlarni talab darajasiga mos boʻlmagan va ushbu Nizom talablarini buzgan holda rasmiylashtirish, shuningdek, hujjatlarda noaniq yoki notoʻgʻri maʼlumotlarning mavjudligi;
faoliyatni maʼnaviy eskirgan, istiqboli yoʻq yoki ahamiyati katta boʻlmagan yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirish, bu ilmiy-texnik ekspertiza xulosasi bilan tasdiqlanadi;
yuridik shaxs yoki u bilan bogʻliq shaxslarning Innovatsiya markazi oldida Innovatsiya markazi rezidentining faoliyati shartlari toʻgʻrisidagi oldingi shartnomalar boʻyicha bajarilmagan majburiyatlarining mavjudligi.
Rad etishning asosi Muvofiqlashtiruvchi kengashning yuridik shaxsni Innovatsiya markazi rezidenti sifatida roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorida koʻrsatiladi, Direksiya tomonidan yuridik shaxsga ushbu qarordan koʻchirma taqdim etiladi.
14. Yuridik shaxs tomonidan yuridik shaxsni Innovatsiya markazi rezidenti sifatida roʻyxatga olishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablar bartaraf etilgan holda, ariza va boshqa hujjatlarni qayta koʻrib chiqish ushbu Nizomning 9-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
15. Yuridik shaxsni Innovatsiya markazi rezidenti sifatida roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan holda, Muvofiqlashtiruvchi kengashning qarori Innovatsiya markazining rasmiy veb-saytida joylashtirilgandan keyin besh ish kuni mobaynida yuridik shaxs Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlanadigan shaklga binoan Direksiya bilan Innovatsiya markazi rezidentining faoliyati shartlari toʻgʻrisida shartnoma tuzadi.
16. Innovatsiya markazi rezidenti:
ushbu Nizomning 6-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan faoliyat turlarinigina amalga oshirishi;
Direksiyaning soʻroviga koʻra oʻz faoliyati toʻgʻrisida Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlanadigan muddatlarda va shaklga koʻra axborot, jumladan statistik va soliq hisoboti nusxalarini taqdim etishi;
har yili hisobot yilidan keyingi yilning 1-iyuligacha moliya-xoʻjalik faoliyati majburiy auditini oʻtkazishi va auditorlik xulosasining bir nusxasini Direksiyaga yuborishi shart. Bu xulosada, shuningdek, olingan tushum va yuridik shaxsning haqiqatda amalga oshirgan faoliyati ushbu Nizomning 6-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan faoliyat turlariga toʻgʻri kelishi toʻgʻrisida xulosa ham boʻlishi kerak;
har oyda Direksiyaning talab qilib olinadigan depozit hisob raqamiga, Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorida belgilangan stavkalar boʻyicha (sof foydaning bir foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda) ajratma oʻtkazishi shart.
17. Ushbu Nizomning 15-bandida koʻrsatilgan shartnoma tuzilgandan keyin besh ish kuni mobaynida Direksiya:
yuridik shaxsga Innovatsiya markazi rezidenti sifatida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida guvohnoma beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga va Davlat soliq qoʻmitasiga, yuridik shaxsga xizmat koʻrsatadigan tijorat bankiga u Innovatsiya markazi rezidenti sifatida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida rasmiy bildirish yuboradi;
yuridik shaxsning nomi, IFUM, pochta va elektron manzili koʻrsatilgan holda reyestrga yuridik shaxs roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida tegishli yozuvni kiritadi.
18. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda, Innovatsiya markazi rezidenti maqomi davlat roʻyxatiga olingan sanadan boshlab barcha huquqlar va ilgari qabul qilingan majburiyatlar saqlangan holda qayta tashkil etilgan yuridik shaxsga oʻtadi. Bunda, davlat roʻyxatiga olingandan soʻng oʻn kun muddatda yuridik shaxs reyestrga va boshqa hujjatlarga oʻzgartirish kiritish uchun yozma ravishda Direksiyaga murojaat qiladi, shuningdek, Innovatsiya markazi rezidenti faoliyatining shartlari toʻgʻrisida shartnoma tuzadi. Bunday tartib yuridik shaxsning nomi oʻzgarganda ham qoʻllaniladi.
19. Innovatsiya markazi rezidentining maqomidan mahrum qilishga Muvofiqlashtiruvchi kengash qaroriga koʻra, shu jumladan, Direksiya xulosasi boʻyicha Innovatsiya markazi rezidenti tomonidan Innovatsiya markazi rezidenti faoliyatining shartlari toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan talablar va shartlarga rioya qilinmaganda, shuningdek, ixtiyoriy tarzda yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Direksiya Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tegishli qaror qabul qilingan sanadan boshlab yoki Innovatsiya markazi rezidentining uni bunday maqomdan mahrum qilish toʻgʻrisidagi arizasi olingan sanadan boshlab yoki qonun hujjatlariga muvofiq tugatilganda uch ish kuni mobaynida reyestrga yuridik shaxsni Innovatsiya markazi rezidenti maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida yozuv kiritadi.
20. Direksiya Innovatsiya markazi rezidentlari reyestriga tegishli yozuv kiritilgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida yuridik shaxs joylashgan joydagi davlat soliq va bojxona xizmatlarini yuridik shaxs Innovatsiya markazi rezidenti maqomidan mahrum qilinganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
4-bob. Innovatsiya markazi rezidentlari uchun maxsus soliq va bojxona imtiyozlarini qoʻllash tartibi
21. Innovatsiya markazi rezidentlari 2028-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga:
barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli fondlariga majburiy ajratmalarni, shuningdek, yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlashdan;
belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, oʻz ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan uskuna, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy taʼminot uchun (bojxona yigʻimlaridan tashqari) bojxona toʻlovlarini toʻlashdan;
oʻzi ishlab chiqaradigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan ozod etiladi.
22. Ushbu Nizomning 21-bandida koʻzda tutilgan imtiyozlar:
soliqlar va majburiy ajratmalar boʻyicha — yuridik shaxs reyestrga kiritilgan oydan keyingi oyning 1-kunidan;
bojxona toʻlovlari boʻyicha — yuridik shaxs reyestrga kiritilgan sanadan boshlab qoʻllaniladi.
23. Innovatsiya markazi rezidenti moliya operatsiyalari va koʻchmas mulkdan foyda olishga haqlidir. Bunda qonun hujjatlarida Innovatsiya markazi rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar ushbu daromadlarga taalluqli boʻlmaydi va ular umumiy belgilangan tartibda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlaydilar.
24. Innovatsiya markazi rezidentlari yil choragi tugashining oxirgi oyining birinchi kunidan kechiktirmay, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, oʻz ehtiyojlari uchun olib kiriladigan uskuna, butlovchi qismlar, detallar uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy taʼminotni roʻyxatga kiritish uchun Direksiyaga oʻzlarining takliflarini kiritadilar.
Bu takliflarda Innovatsiya markazi rezidentlari Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskuna, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy taʼminotning toʻliq nomini, miqdorini va zarurligining qisqa asoslanishini koʻrsatishlari kerak.
Innovatsiya markazi rezidentlari bu takliflarning toʻgʻriligi va asoslanganligi yuzasidan toʻliq javobgardirlar.
25. Innovatsiya markazi rezidentlari tomonidan bojxona imtiyozlari qoʻllanilgan holda oʻzlarining ehtiyojlari uchun olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskuna, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy taʼminot roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror loyihasi yil choragida bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tayyorlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu qaror loyihasi kelishilishini va tasdiqlash uchun kiritilishini taʼminlaydi.
26. Innovatsiya markazi rezidentlari tomonidan bojxona imtiyozlari qoʻllanilgan holda oʻzlarining ehtiyojlari uchun olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskuna, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy taʼminot roʻyxati tasdiqlangandan soʻng Direksiya hujjatlar nusxasi olingan sanadan boshlab besh kun mobaynida uni Innovatsiya markazining tegishli rezidentlariga yuboradi.
27. Agar hisobot yili yakunlari boʻyicha, taqdim etilgan auditorlik xulosasidan kelib chiqib, Innovatsiya markazi rezidenti ushbu Nizom bilan belgilangan mezonlarga toʻgʻri kelmaydigan faoliyatni amalga oshirgan holda, ushbu Nizomning 21-bandida koʻrsatilgan imtiyozlar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ularni toʻlash boʻyicha majburiyatlar tiklangan holda bekor qilinadi.
Bunda Direksiya Innovatsiya markazi rezidenti auditorlik xulosasini oʻrganish natijalari boʻyicha 5 ish kuni mobaynida davlat soliq xizmati, davlat bojxona xizmati organlariga rasmiy ravishda bildirishnoma yuboradi, shuningdek, Muvofiqlashtiruvchi kengashga ushbu yuridik shaxsni Innovatsiya markazi rezidenti maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida taklif kiritadi.
28. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan Innovatsiya markazi rezidentlarining ushbu Nizom bilan belgilangan mezonlarga mos kelmaslik holatlari aniqlanganda, ular 10 ish kuni mobaynida aniqlangan holatlar toʻgʻrisida;
davlat bojxona xizmati organlarini — belgilangan tartibda bojxona toʻlovlarini undirish boʻyicha choralar koʻrish uchun;
Muvofiqlashtiruvchi kengashni — ushbu yuridik shaxsni Innovatsiya markazi rezidentlari reyestridan chiqarish uchun xabardor qiladi.
29. Innovatsiya markazi rezidentlari tomonidan, erkin muomalaga chiqarilgan sanadan boshlab 5 yil mobaynida imtiyozlar qoʻllanilgan holda olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskuna, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar va dasturiy taʼminotdan oʻz ehtiyojlaridan tashqari foydalanganlik holatlari aniqlanganda, davlat soliq xizmati organlari soliq toʻlovchining moliya-xoʻjalik faoliyati tekshiruvini oʻtkazish chogʻida aniqlangan holatlar toʻgʻrisida hujjatlar tuzadilar va ularni uch ish kuni mobaynida davlat bojxona xizmatining hududiy organlariga yuboradilar.
Oʻz ehtiyojlaridan tashqari foydalanilgan olib kirilgan uskuna, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy taʼminotga toʻgʻri keladigan bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar summasi, belgilangan tartibda penya hisoblangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undirilishi zarur.
30. Innovatsiya markazi rezidenti maqomidan ixtiyoriy ravishda voz kechilganda, ushbu Nizomning 21-bandida koʻrsatilgan imtiyozlar, Innovatsiya markazi rezidentlari belgilangan mezonlarga mos kelgan oldingi hisobot davri (yil choragi, yarim yillik, 9 oy) uchun saqlanadi.
5-bob. Innovatsiya markazi rezidentlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari boʻyicha xodimlar tomonidan soliq imtiyozlarining qoʻllanilishi tartibi
31. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari tarmogʻini rivojlantirish uchun sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 30-iyundagi PF-5099-son Farmoniga muvofiq xodimlar tomonidan Innovatsiya markazi rezidentlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari boʻyicha 2028-yil 1-yanvargacha olingan mehnatga haq toʻlash shaklidagi daromadlarga:
qayd etilgan 7,5 foizli stavka boʻyicha jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan soliq solinadi, 4,5 foizli stavka boʻyicha –Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga fuqarolarning sugʻurta badallari toʻlanadi;
ushbu daromadlar jismoniy shaxslarning soliq solish maqsadlarida belgilanadigan jami yillik daromadlari hajmiga kiritilmaydi.
32. Jismoniy shaxslarning budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan, ushbu Nizomning 31-bandida koʻrsatilgan stavkadan kelib chiqib hisoblangan daromadlariga solinadigan soliq summasi jismoniy shaxslarning soliq solinishi kerak boʻlgan daromadlarining 1 foizi miqdorida hisoblanadigan, fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisob varaqlariga oʻtkaziladigan har oydagi majburiy badallari summasiga kamayadi.
33. Xodimlarning mehnatiga haq toʻlash tarzidagi daromadlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga fuqarolar toʻlaydigan sugʻurta badallarini va jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqni hisoblashning va toʻlashning toʻgʻriligi Innovatsiya markazi rezidentlariga yuklanadi.
6-bob. Innovatsiya markazi rezidentlari uchun maxsus valyuta rejimini qoʻllash tartibi
Keyingi tahrirga qarang.
34. Innovatsiya markazi rezidentlari:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro toʻlov kartalariga oʻtkazish yoʻli bilan, oʻzi ishlab chiqargan tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportidan olinadigan tushum doirasida naqd pulsiz shaklda dividendlar va xodimlarga ish haqi toʻlash boʻyicha xorijiy valyutada hisob-kitoblarni amalga oshiradilar;
eksport kontraktisiz butunjahon Internet axborot tarmogʻidagi onlayn doʻkonlar orqali xorijiy valyutaga ishlar va xizmatlar eksportini amalga oshiradilar.
35. Innovatsiya markazi rezidentlari xizmat koʻrsatish uchun vakolatli tijorat banklarini mustaqil tanlaydilar va xorijiy valyutada Oʻzbekiston Respublikasining bir yoki bir qancha vakolatli tijorat banklarida (keyingi oʻrinlarda vakolatli bank deb ataladi) hisob raqami ochishga haqlidirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Innovatsiya markazi rezidentlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq xorijdagi tijorat banklari hisob raqamlarida xorijiy valyutada mablagʻlar saqlash va hisob raqamiga ega boʻlish, ulardan mustaqil ravishda foydalanish huquqiga egadirlar.
37. Innovatsiya markazi rezidentlari tomonidan olinadigan, shu jumladan, oʻzi ishlab chiqaradigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportidan olinadigan xorijiy valyutadagi tushum ularning vakolatli banklardagi hisob raqamlariga oʻtkazilishi shart. Bunda rezidentning vakolatli bank nomiga yozilgan xati rezidentning eksport kontraktisiz butunjahon Internet axborot tarmogʻining onlayn doʻkonlari orqali xorijiy valyutaga ishlar va xizmatlar eksportidan olingan tushumi tasdigʻi boʻlib hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Innovatsiya markazi rezidentlarining xorijdagi tijorat banklarida ochilgan hisob raqamlariga xorijiy valyutada mablagʻlarning tushishi, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
38. Innovatsiya markazi rezidentlarining Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli banklaridagi valyuta hisob raqamlariga xorijiy valyutada mablagʻlar oʻtkazilishi mumkin:
tashqi savdoni yuritish bilan bogʻliq toʻlovlar boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatli banklar orqali sotib olingan;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Innovatsiya markazi rezidentlarining ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻyilgan;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olingan kreditlar, xorijiy investitsiyalar va qarzlar hamda ularni oshirish bilan bogʻliq toʻlovlar boʻyicha;
xalqaro toʻlov kartalari boʻyicha amalga oshirilgan toʻlovlar boʻyicha;
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda nosavdo xususiyat kasb etadigan toʻlovlar boʻyicha;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xorijdan begʻaraz yordam tarzida tushadigan;
hisob raqam egasining boshqa tijorat banklaridagi boshqa hisob raqamlaridan oʻtkazilgan;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa hollarda.
39. Innovatsiya markazi rezidentlarining Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli banklaridagi valyuta hisob raqamlarida boʻlgan xorijiy valyutadagi mablagʻlari hisob raqam egasining farmoyishiga koʻra:
joriy xalqaro operatsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq toʻlovlar boʻyicha oʻtkazilishi;
xalqaro toʻlov kartalariga oʻtkazish yoʻli bilan oʻz xodimlariga ish haqi toʻlashda foydalanilishi;
xalqaro toʻlov kartalariga oʻtkazish yoʻli bilan Innovatsiya markazi rezident muassislariga dividendlar toʻlashda foydalanilishi;
vakolatli bankning xorijiy valyutadagi operatsiyalari boʻyicha vositachilik haqi toʻlash uchun, belgilangan tartibda Innovatsiya markazi rezidenti xodimlarining Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash uchun foydalanilishi;
kreditlar, qarzlar, foizlarni qaytarish hisobiga toʻlovlar uchun foydalanilishi;
qonunda belgilangan tartibda yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritish boʻyicha xarajatlar uchun oʻtkazilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xizmat koʻrsatadigan tijorat bankiga sotilishi;
hisob raqami egasining Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vakolatli banklarida ochilgan boshqa hisob raqamlariga oʻtkazilishi;
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda nosavdo xususiyat kasb etadigan toʻlovlar boʻyicha oʻtkazilishi;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa hollarda foydalanilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Innovatsiya markazi rezidentlarining xorijdagi tijorat banklarida ochilgan hisob raqamlari orqali mablagʻlarning barcha harakati Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
41. Ichki valyuta bozorida xorijiy valyutani sotish va sotib olish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli hujjatlar va buyurtmani taqdim etish yoʻli bilan vakolatli banklar orqali Innovatsiya markazi rezidentlari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Vakolatli banklar tomonidan Innovatsiya markazi rezidentlarining eksport va import kontraktlari monitoringi tashqi savdo operatsiyalari Yagona elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi, ishlar va xizmatlarni butunjahon Internet axborot tarmogʻidagi onlayn doʻkonlar orqali xorijiy valyutaga eksport qilish holatlaridan tashqari.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(43-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 269-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2019-y., 09/19/269/2861-son)
44. Innovatsiya markazi rezidentlari bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun hisob raqamlariga xorijiy valyutadagi tushum oʻz vaqtida va toʻliq tushmaganligi yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
7-bob. Muvofiqlashtiruvchi kengash ishini tashkil qilish
45. Muvofiqlashtiruvchi kengash ishiga rahbarlikni uning rahbari, rahbar boʻlmaganda esa — uning oʻrinbosari amalga oshiradi.
46. Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbari:
Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislari kun tartibini tasdiqlaydi;
Muvofiqlashtiruvchi kengash majlisini olib boradi;
Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy funksiyalari oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
47. Muvofiqlashtiruvchi kengash bir oyda bir marta oʻtkaziladigan majlislarda oʻzining vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
Muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdan tashqari majlisi Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbarining yoki uning oʻrinbosarining tashabbusi boʻyicha chaqirilishi mumkin.
48. Muvofiqlashtiruvchi kengash majlisi uning tarkibidagi aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi qatnashsa huquqiy vakolatli hisoblanadi.
49. Muvofiqlashtiruvchi kengash qarori majlisda hozir boʻlgan aʼzolar sonidan kelib chiqib, ovozlarning oddiy koʻpchiligi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda, rahbarning (rahbar boʻlmaganda uning oʻrinbosarining) ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbari (rahbar boʻlmaganda uning oʻrinbosari) tomonidan tasdiqlanadi va Direksiya hamda rezidentlar tomonidan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada axborot texnologiyalari tarmogʻini rivojlantirish uchun sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 30-iyundagi PF-5099-son Farmoniga koʻra Muvofiqlashtiruvchi kengashga berilgan vakolatlar yuzasidan mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
50. Muvofiqlashtiruvchi kengash bayonnomalarini hisobga olish Direksiya tomonidan olib boriladi. Bunda Direksiya qarorlar qabul qilingandan soʻng uch ish kuni mobaynida Innovatsiya markazining rasmiy veb-saytida Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorlari eʼlon qilinishini taʼminlaydi.
8-bob. Direksiya ishini tashkil qilish
51. Direksiyani qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshqaradi.
Direktorning vakolatlari Direksiya ustavida belgilanadi.
Direktor Direksiya oʻz funksiyalarini amalga oshirishi yuzasidan shaxsan javob beradi va har yili Muvofiqlashtiruvchi kengashga Innovatsiya markazi hamda Direksiya faoliyati toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
52. Direksiya:
Muvofiqlashtiruvchi kengashga yuridik shaxslarni Innovatsiya markazi rezidentlari sifatida roʻyxatga olish, ularni rezident maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish uchun zarur boʻlgan materiallarni yuboradi;
Muvofiqlashtiruvchi kengashning Innovatsiya markazi rezidentlari sifatida roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qarorlari asosida rezidentlar reyestriga tegishli maʼlumotlarni kiritadi;
yuridik shaxslarga, ular Innovatsiya markazi rezidentlari sifatida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida guvohnomalar beradi;
ushbu Nizomga muvofiq yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilgan biznes-loyihalarning ilmiy-texnik ekspertizasini (ekspertizalarni), shu jumladan, ekspertlarni (ilmiy va boshqa tashkilotlar, olimlar hamda mutaxassislarni) jalb etgan holda tashkil qiladi;
Innovatsiya markazi doirasida rezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat tahlilini oʻtkazadi;
ommaviy axborot vositalarida Innovatsiya markazi va uning rezidentlari faoliyatini yoritadi;
oʻzining vakolati doirasida axborot va tahliliy materiallar tayyorlaydi va nashr etadi;
Direksiya ustavida, ushbu Nizomda, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar va Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorlari bilan belgilanadigan boshqa vazifalarni bajaradi.
53. Direksiya belgilangan tartibda rasmiy talablar yuborishga va davlat organlaridan, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan oʻziga yuklatilgan funksiyalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotni olishga haqli.
54. Direksiya faoliyatini moliyalashtirish:
Innovatsiya markazi rezidentlarining, ularning Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilanadigan stavkalar boʻyicha olinadigan sof tushumidan foizlardagi (bir foizdan koʻp emas) har oylik ajratmalari;
Innovatsiya markazi rezidentlariga qoʻshimcha pulli xizmatlar koʻrsatilishidan olinadigan daromadlar;
Direksiya muassisining mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarning begʻaraz texnik koʻmagi (grantlari);
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
55. Direksiya mablagʻlari uning ustavida va ushbu Nizomda belgilangan maqsadlarda ishlatiladi.
9-bob. Yakunlovchi qoida
56. Innovatsiya markazi faoliyatini qayta tashkil etish va toʻxtatish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 33-son, 860-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2019-y., 09/19/269/2861-son, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son; 11.08.2020-y., 09/20/472/1155-son)