Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YER RESURSLARI, GEODEZIYA, KARTOGRAFIYA VA DAVLAT KADASTRI DAVLAT QOʻMITASINI TAShKIL QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 9-dekabrdagi PF–3358-son Farmoniga muvofiq hamda yerdan foydalanish, geodeziya va kartografiya sohasidagi boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, yerdan oqilona foydalanishni taʼminlash va yer munosabatlarini tartibga solish, Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Bosh boshqarmasi tugatilib, ularning negizida Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (Oʻzdavyergeodezkadastr) tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar Oʻzdavyergeodezkadastr qoʻmitasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
yerdan oqilona foydalanish va muhofaza qilish boʻyicha yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash;
yerdan oqilona foydalanish va muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
tuproq unumdorligini oshirish, yerdan oqilona foydalanish va muhofaza qilish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
geodeziya va kartografiya sohasidagi faoliyatni boshqarish;
davlat geodeziya nazoratini tashkil qilish;
joylarda davlat boshqaruvi organlari va davlat hokimiyati organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat yer kadastrini, davlat kartografiya-geodeziya kadastrini, binolar va inshootlar davlat kadastrini, shuningdek Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, Oʻzdavyergeodezkadastr qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Bosh boshqarmasining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi.
4. Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga bajariladigan yer-kadastr, yer tuzilishi, tuproq va geobotanika sohasidagi ishlar qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan ozod etilishi belgilab qoʻyilsin.
5. “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 24-iyuldagi PF–2059-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
7. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 15-oktabr,
PF-3502-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 42-son, 445-modda; 2017-y., 22-son, 415-modda)