Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sirdaryo viloyatida joylashgan ishlamay turgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash, shuningdek davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Ilgari xususiylashtirilgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash orqali tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam koʻrsatish, davlat mulki obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek Sirdaryo viloyatida xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda Sirdaryo viloyatidagi boʻsh turgan, foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari hamda yer uchastkalari xatlovdan oʻtkazilganligi va uning natijasi boʻyicha ulardan kelgusida samarali foydalanishga doir takliflar ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Sirdaryo viloyatida ishlamay turgan, foydalanilmayotgan davlat mulki boʻlgan obyektlardan hamda yer uchastkalaridan samarali foydalanish boʻyicha chora-tadbirlari dasturi tasdiqlansin, unda quyidagilar nazarda tutilgan:
samarali foydalanish uchun tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan investitsiya majburiyatlari qabul qilish sharti bilan “nol” xarid qiymatida sotishga tavsiya etilayotgan va samarali foydalaniladigan davlat mulki obyektlari roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq;
ular negizida yangi kichik sanoat zonalari tashkil etiladigan ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq.
* 1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ ikki oy muddatda kichik sanoat zonalari hududlarida muhandislik-ishlab chiqarish infratuzilmalarini tiklash va qurish chora-tadbirlarini ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
4. “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ rahbarlari zimmasiga kichik sanoat zonalari hududlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini elektroenergiya va tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-fevraldagi PQ-2796-son qaroriga muvofiq Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahridagi avval xususiylashtirilgan korxonalar, qurilishi tugallanmagan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida faoliyat yuritadigan loyiha tashabbuskorlari “Yangiyer” kichik sanoat zonasi rezidentlari deb hisoblansin.
6. Sirdaryo viloyati tuman (shahar)lari hokimlariga “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” DUK bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun respublika davlat boshqaruvi organi tasarrufida boʻlgan tuman (shahar) hududida joylashgan foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini (maydonlarini), tegishli tuman (shahar) hokimining tegishli murojaatidan soʻng ikki oy muddatda balansda saqlovchilar tomonidan ularni ijaraga berish taʼminlanmagan taqdirda, istisno tariqasida, bir yilgacha boʻlgan muddatga ijaraga berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqi berilsin, bunda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda balansda saqlovchilarga ajratmalar tegishli tuman (shahar) budjetiga yoʻnaltiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-martdagi 100-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.03.2023-y., 09/23/100/0134-son)
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi R.A. Gulyamov va Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 4-avgust,
589-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 32-son, 812-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.03.2023-y., 09/23/100/0134-son)