Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
(qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3080-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ustavi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb yuritiladi) xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllaniladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Markaz bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Toshkent islom universiteti bilan birgalikda xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda mazkur yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan xorijdagi markazlar tajribasini chuqur oʻrganish asosida Markazning ilmiy-tarixiy konsepsiyasini ishlab chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti bilan birgalikda Markazga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini shakllantirishda Markazni saqlab turishga zarur mablagʻlarni nazarda tutsin;
Markazga 2 ta avtotransport vositasiga, shu jumladan 1 ta yengil xizmat va 1 ta navbatchi avtotransport vositasiga limit ajratsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom madaniyati markazining direktori Sh.Sh. Minovarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi O.O. Yusupov va Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-avgust,
572-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-avgustdagi 572-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
USTAVI
(ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom madaniyati markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3080-son qaroriga asosan tashkil etilgan.
2. Markaz oʻzining faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi va hisobot beradi.
3. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek ushbu Ustavga amal qiladi.
4. Markaz oʻz faoliyatini qonuniylik, oshkoralik, kollegiallik hamda jamoat fikrini hisobga olish prinsiplari asosida yuritadi.
5. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻaznachilik hisobvaraqlariga, Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida talab qilib olinadigan chet el valyutasidagi depozit hisob raqamlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Markazning toʻliq nomi:
davlat (oʻzbek) tilida — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi;
rus tilida — Sentr islamskoy sivilizatsii v Uzbekistane pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan;
ingliz tilida — Center of Islamic Civilization in Uzbekistan under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan;
arab tilida — لدي مجلس الوزراء لجمهورية أوزبكستان مركز الحضارة الإسلامية في أوزبكستان .
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
7. Markazda ish yuritish davlat tilida olib boriladi. Markaz rus, ingliz va arab tillarida ham ish yuritishi mumkin.
8. Markazning joylashgan eri (pochta manzili): Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qorasaroy koʻchasi, 47-uy, 100002.
2-bob. Markazning asosiy maqsadi va vazifalari
9. Markaz faoliyatining asosiy maqsadi eʼtiqodi islom dini bilan bogʻliq boy va noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur oʻrganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uygʻotish, ular bilan xalqimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yoʻlga qoʻyish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik gʻoyalar, milliy gʻurur va iftixor ruhida tarbiyalashdan iborat.
10. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mamlakatimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri boʻlib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiyani ishlab chiqish va amalga oshirish;
Markaz tarkibidagi kutubxona va arxiv, qoʻlyozmalar fondlarini bugungi Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar, aziz-avliyolar, ular tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, shu yoʻnalishdagi zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, kitob va toʻplamlar, video va foto hujjatlar hisobidan shakllantirish;
Markaz tarkibidagi muzey ekspozitsiyasining mavzu yoʻnalishlarini chuqur oʻylangan, ilmiy asoslangan aniq reja boʻyicha shakllantirish va uni eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida namoyish etish;
islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk vatandoshlarimiz - Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturudiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Najmiddin Kubro, Burhoniddin Margʻinoniy, Bahouddin Naqshband, Xoʻja Ahror Valiy kabi allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur tadqiq etish, ularning ilmiy-maʼnaviy jasorati, ulugʻ insoniy fazilatlarini keng targʻib qilish;
jahon ilm-fani tarixida oʻchmas iz qoldirgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyotidagi oʻrni va ahamiyatini, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari mumtoz adabiyot va sanʼat namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish;
islom dini odamlarni, barcha millat va xalqlarni hamisha nurli hayotga, ezgulik, oʻzaro doʻstlik va insoniylikka daʼvat etishini, uning asl, gumanistik mazmunini teran tahlil etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar, jahon ahlini bir maqsad yoʻlida — jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish yoʻlida birlashishga chorlaydigan turli anjumanlar, maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish;
Oʻzbekistonning qadimiy tarixi va madaniyati, davlatchilik anʼanalari, xalqimizning turmush tarzi va dunyoqarashi islom sivilizatsiyasi bilan chambarchas bogʻliq holda shakllanib, rivojlanganini Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Kesh, Nasaf, Termiz, Andijon, Margʻilon, Karmana, Qoʻqon singari qadimiy shaharlarimiz, ulugʻ allomalar va aziz-avliyolar xotirasiga bagʻishlab yurtimizda bunyod etilgan yodgorlik majmualari, muqaddas qadamjolar maketlari, ulugʻ siymolar, noyob qoʻlyozma va toshbosma asarlar, moddiy va nomoddiy meros, xususan, “Shashmaqom” namunalari kabi noyob eksponatlar orqali aks ettirish, shu yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalari asosida qomuslar, katalog va albomlar, ilmiy-ommabop toʻplamlar, telekoʻrsatuv, film va boshqa materiallar tayyorlash;
Markazda, mahalliy va chet ellik mutaxassislarni keng jalb etgan holda, ilmiy-tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyish va ularning natijalaridan yurtimiz hamda jahon jamoatchiligini xabardor qilib borish;
Yevropa Renessansining shakllanishiga kuchli taʼsir koʻrsatgan Musulmon Renessansi davrida ilm-fan, madaniyat va sanʼat, meʼmorlik rivoji toʻgʻrisidagi keng qamrovli maʼlumotlar pavilonlarini tashkil etish orqali Markazda namoyish etiladigan ekspozitsiyalarni mazkur davrlarga oid eksponat va koʻrgazmali manbalar bilan boyitish;
jahon tarixida “Amir Temur va temuriylar renessansi” degan nom bilan alohida oʻrin egallaydigan davrda yaratilgan ilm-fan, madaniyat va meʼmorlik durdonalarini islom madaniyatining nafaqat yurtimizdagi, balki butun musulmon olamidagi taraqqiyot va yuksalish davri sifatida koʻrsatish;
Oldingi tahrirga qarang.
bugungi kunda tobora katta ahamiyat kasb etayotgan dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining jahondagi nufuzi xalqaro ilmiy muassasa va tuzilmalar, jumladan, YUNESKO, AYSESKO kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatish.
(10-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
3-bob. Markazning huquqlari va majburiyatlari
11. Markaz oʻziga yuklatilgan asosiy vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan Markaz vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha maʼlumotlarni olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda va oʻz vakolatlari doirasida xorijiy tashkilotlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatish va oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida shartnomalar va boshqa hujjatlarni imzolash;
jahondagi nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy taʼlim muassasalarining ilmiy, diniy-maʼnaviy qadriyatlarni tadqiq etish yoʻnalishidagi tajribasini oʻrganish hamda xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatish va ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda yordam berish, ilmiy-tadqiqot ishlarini zamon talablari darajasida tashkil etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berish asosida seminar-treninglar oʻtkazish;
islom dini va madaniyatiga hissa qoʻshgan yurtimiz mutafakkirlarining faoliyatini oʻrganish boʻyicha ilmiy va ekspert ishlarini amalga oshirish, dolzarb masalalarni ishlab chiqish uchun vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan chet ellardan yuqori malakali mutaxassislarni shartnoma asosida ishga taklif etish;
Markazning budjetdan tashqari mablagʻlarini Markaz tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil etishga yoʻnaltirish;
ijtimoiy tashabbuslar bilan chiqish va ushbu masalada tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
oʻz faoliyati toʻgʻrisida axborot tarqatish va belgilangan tartibda budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan matbaa va noshirlik faoliyatini amalga oshirish hamda multimediya mahsulotlarini chiqarish;
faoliyatiga aloqador boʻlgan konferensiyalar, simpoziumlar, seminar-treninglar, koʻchma majlislar tashkil qilish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish maqsadida oʻz faoliyatini Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida olib boradigan ilmiy kengash tuzish.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
12. Markaz quyidagilarga majbur:
oʻziga yuklangan vazifalarni samarali bajarilishini taʼminlash;
oʻz faoliyati toʻgʻrisida axborot bilan tanishish erkinligini taʼminlash;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etish.
Markazga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
4-bob. Markazning faoliyatini tashkil etish
13. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshchilik qiladi.
14. Direktor oʻz vakolatlari doirasida:
Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Markaz nomidan buyruqlar chiqaradi, ishonchnomalar beradi;
Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi, taqdim etiladigan tahliliy materiallar va hujjatlarning toʻliqligi uchun shaxsan javob beradi;
tarkibiy boʻlimlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, boʻlimlar xodimlari oʻrtasida funksional vazifalarni taqsimlaydi, yuklangan topshiriqlar bajarilishi uchun har bir xodimning javobgarligi darajasini belgilaydi;
belgilangan tartibda Markaz xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;
Markaz faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi va Vasiylik kengashi majlisi muhokamasiga kiritadi.
Markaz direktori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
15. Direktor oʻrinbosarlari Markaz direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Direktorning oʻrinbosarlari direktor tomonidan berilgan topshiriqlar, shuningdek, Markazning kutubxona va muzeyi, ilmiy tadqiqot ishlari va xalqaro aloqalariga, Markazning oʻzlariga biriktirilgan asosiy tarkibiy boʻlinmalari faoliyatiga rahbarlik qiladi.
16. Vasiylik kengashining majlisi Markazning rahbar organi hisoblanadi.
17. Vasiylik kengashining majlisi oʻz vakolatlari doirasida:
Markaz faoliyatini muvofiqlashtiradi va unga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda koʻmaklashadi;
Markazning faoliyati yuzasidan umumiy nazoratni amalga oshiradi va yillik rejalarini tasdiqlaydi;
Markazning yillik xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Markaz faoliyati yuzasidan Markaz direktorining hisobotini eshitadi va muhokama qiladi;
Markaz tomonidan ishlab chiqariladigan nashr-matbaa mahsulotlari va koʻrsatilgan xizmatlarga narxlar va tariflarni belgilaydi;
qonun hujjatlariga va mazkur Ustavga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
Majlis bir yilda kamida bir marta chaqiriladi. Markaz Vasiylik kengashi majlisining chaqirilishi hamda uning kun tartibi haqidagi maʼlumot majlis chaqiriladigan sanadan bir oy oldin eʼlon qilinadi.
Vasiylik kengashining majlisi kengash aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi hozir boʻlgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Majlis qarori ishtirokchilarning yarmidan koʻproq ovozini olish yoʻli bilan qabul qilinadi.
Vasiylik kengashining qarorlari uning aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi va kengash majlislari bayoni bilan rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng boʻlganda raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
5-bob. Markaz tarkibidagi muzey va kutubxona
18. Markaz tarkibida islom dini va madaniyatiga oid muzey faoliyat yuritadi.
19. Muzey toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi va Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadi.
20. Muzey ashyolari va kolleksiyalari davlat mulki hisoblanadi va tezkor boshqarish huquqi bilan Markazga biriktiriladi.
21. Muzey ashyolari va kolleksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi milliy muzey fondining tarkibiy qismi hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi milliy muzey fondining Davlat katalogi roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
22. Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash, butlash, hisobga olish, ommaviy namoyish qilish va ulardan foydalanish qonun hujjatlariga muvofiq Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
23. Muzey kolleksiyasi Markaz direktori tomonidan muzey kolleksiyasiga kirgan muzey ashyolari roʻyxati tasdiqlanganidan keyin shakllantirilgan deb hisoblanadi.
Markazning muzey ashyolari va kolleksiyalarini toʻldirish, hisobga olish va ulardan foydalanish, shuningdek ular bilan bogʻliq materiallarni eʼlon qilish Markaz direktorining yozma ruxsatnomasi bilan amalga oshiriladi.
24. Muzey ashyolari va kolleksiyalarining alohida rejimda saqlanadigan ashyolari (keng jamoatchilik uchun eʼlon qilishga moʻljallanmagan axborot mavjud boʻlgan arxiv hujjatlari) hisoblangan tarkibiy qismlari maxsus hisobga olish hujjatlarida alohida hisobga olinadi.
25. Markazda kutubxona fondini saqlash, butlash, hisobga olish va undan foydalanishni taʼminlaydigan kutubxona faoliyat koʻrsatadi.
Markazning kutubxonasi toʻgʻrisidagi nizom Markaz tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
6-bob. Markaz faoliyatini moliyalashtirish
26. Markaz oʻzining koʻchmas va koʻchar mulklari, pul mablagʻlari, shu jumladan chet el valyutasidagi pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlari va boshqa mol-mulkiga ega boʻlishi mumkin.
27. Markaz faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlardan tushgan ixtiyoriy badallar;
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarning jismoniy va yuridik shaxslaridan tushgan homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlari doirasida Markazning oʻz faoliyatidan olinadigan daromadlar, shu jumladan mablagʻlarni tijorat banklarida depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan oʻtkaziladigan grantlar olish tanlovlari natijalari boʻyicha ajratiladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
28. Markazning oʻz faoliyatidan (noshirlik faoliyati, oʻquv-maslahat kurslari, sayyohlarga xizmat koʻrsatish va boshqa qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan faoliyat turlaridan) oladigan daromadlari, uning faoliyati va rivojlanishiga yoʻnaltirilishini hisobga olib, daromad soligʻidan ozod qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Markazning mablagʻlarini shakllantirish va sarflash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
30. Markaz belgilangan tartibda oʻz faoliyati natijalarining buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistika hisobotini yuritadi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
31. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 31-son, 782-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2021-y., 09/21/756/1171-son)