Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining
Sud amaliyoti
Bayon qilingan xulosalar ish holatlariga muvofiq kelmaganligi sababli sud qarorlari bekor qilindi
Mahmud Togʻayev va boshqalar javobgarlar Hamro Ochilov hamda boshqalarga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, umumiy yigʻilish qarori va davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan xususiy firmaning taʼsis hujjatlarini haqiqiy emas, deb topishni soʻrashgan.
Tumanlararo sudining 2016-yil 19-oktabrdagi hal qiluv qaroriga koʻra, daʼvo rad qilingan.
Viloyat sudi apellatsiya instansiyasining
2016-yil 13-dekabrdagi ajrimi bilan sud qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Oliy sud fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 2017-yil 12-maydagi ajrimiga koʻra, ushbu ish yuzasidan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilinib, ish yuzasidan daʼvoni qanotlantirish haqida yangi hal qiluv qarori chiqarilgan.
Aniqlanishicha, Rasul Togʻayev va Zamira Hasanovalar 1950-yil 20-noyabrda qonuniy nikohdan oʻtgan holda turmush qurishgan, turmushlaridan 9 nafar farzand koʻrishgan.
Farzandlaridan Farhod Togʻayev 1996-yil 14-iyunda vafot etgan.
“N”. jamgʻarmasi Y. tuman boʻlimining 1999-yil 27-noyabrdagi 19-sonli buyrugʻi asosida “Rasul-T” firmasi tashkil etilib, Rasul Togʻayev firmaning direktori etib tayinlangan.
Firma Nizomining 1.2-bandida “N” jamgʻarmasi Y. tuman boʻlimi firmaning taʼsischisi etib belgilangan.
Firma rahbari Rasul Togʻayev 2004-yil 19-noyabrda, Zamira Hasanova 1999-yil 21-martda vafot etgan.
Yuqoridagi Nizomning 5.1-bandiga koʻra, firmani muassis tayinlagan rahbar boshqaradi.
Biroq Rasul Togʻayev vafotidan keyin firma nizomiga zid ravishda farzandlari Mahmud va Shuhrat Togʻayevlar direktorlik qilgan.
2009-yil 11-iyundagi “Rasul-T” firmasining umumiy yigʻilish qarori bilan firma rahbari Sh. Togʻayev boshqa ishga oʻtayotganligi sababli Hamro Ochilovning oʻgʻli Xursand Ochilov firmaning direktori vazifasiga tayinlangan.
“N” jamgʻarmasi Y. tuman boʻlimining 2010-yil 15-yanvardagi 3-sonli umumiy yigʻilishida “Rasul-T” firmasi “N” jamgʻarmasi tuman boʻlimi taʼsischiligidan chiqarilishi va firma rahbari yangi taʼsischini kiritib, Nizomni qayta roʻyxatdan oʻtkazish haqida qaror qabul qilingan.
2010-yil 29-yanvardagi “Rasul-T” xususiy firmasining 1-sonli umumiy yigʻilish qarori bilan Hamro Ochilov firmaning direktori lavozimiga tayinlangan.
Mazkur qabul qilingan qarorlar natijasida marhum Rasul Togʻayevning farzandlari va javobgar H. Ochilov oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqqan.
Birinchi instansiya sudi xususiy firmaga rahbar “N” jamgʻarmasi Y. tuman boʻlimi tomonidan tayinlanmaganligi, 2010-yil 15-yanvardagi 3-sonli yigʻilishda “N” jamgʻarmasi Y. tuman boʻlimi “Rasul-T” xususiy firmasining taʼsischiligidan emas, balki “Rasul-T” xususiy firmasi tuman “N” jamgʻarmasi taʼsischiligidan chiqarilishi haqida qaror qabul qilinganligini eʼtibordan chetda,qoldirib, daʼvoni rad qilish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Shuningdek, birinchi instansiya sudi xususiy firma marhum R. Togʻayevning xususiy mulki boʻlmaganligi va farzandlari tomonidan meros mulk qabul qilinmaganligini daʼvoni rad qilish asoslaridan biri sifatida koʻrsatgan.
Vaholanki, “Rasul-T” firmasi taʼsis shartnomasining 2,8-bandida, korxona qayta tashkil qilinganda yoki tugatilganda taʼsischi korxona mulkiga egalik qilishga haqli emas. Korxona taʼsischining Nizom fondiga qoʻshgan hissasini qaytarishi belgilangan.
Bundan tashqari birinchi instansiya sudi jinoyat ishlari boʻyicha Y. tuman sudining 2013-yil 11-iyuldagi hukmiga koʻra, H. Ochilov marhum qayinotasi R. Togʻayev tomonidan tashkil qilingan xususiy firmaga egalik qilish uchun marhumning merosxoʻrlarini aldab, ularning ishonchiga kirgan va ularning hamda firma taʼsischisi boʻlgan “N” jamgʻarmasi Y. tuman boʻlimining roziligisiz umumiy yigʻilish qaroriga asosan xususiy firmaga rahbar boʻlganligiga, firmaga tegishli mulklarni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligiga va tegishli jazoga tortilganligiga, M. Togʻayev va boshqalarning firma faoliyati bilan bogʻliq har qanday qaror qabul qilinishi yuzasidan nizolashish huquqiga ega ekanligiga eʼtibor qaratmagan.
Apellatsiya instansiyasi ham yoʻl qoʻyilgan ushbu kamchiliklarni bartaraf etmasdan sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirib, barvaqt xulosaga kelgan.
6-628-17 -sonli ajrim