Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab va Muhammad Yusufning byusti oʻrnatilgan xiyobonni tashkil etish toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbek sheʼriyatining rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan nodir isteʼdod sohibi, Vatan kuychisi, badiiy teran, falsafiy sheʼrlari bilan xalqimiz koʻnglidan chuqur joy olgan Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomini abadiylashtirish, shoir izdoshlarini kashf etish hamda ularning isteʼdodlarini keng namoyon qilishlariga shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Andijon viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Andijon davlat universiteti qoshidagi 4-son akademik litsey hududida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab (keyingi oʻrinlarda ixtisoslashtirilgan maktab deb ataladi) va Muhammad Yusufning byusti (keyingi oʻrinlarda byust deb ataladi) oʻrnatilgan xiyobonni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki, 2017-2018 oʻquv yilida ixtisoslashtirilgan maktabning 5-6-7-8-sinflariga hamda 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab 5-sinfiga 30 nafardan oʻquvchilar qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga ixtisoslashtirilgan maktabning moddiy-texnika bazasi, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojidan kelib chiqqan holda, keyingi yillarda oʻquvchilarni qabul qilish kvotalariga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Andijon viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan birgalikda 2017-yil 1-sentabrgacha:
Andijon davlat universiteti qoshidagi 4-son akademik litsey binosining 1-qavatida 150 oʻrinli oʻquv binosini ixtisoslashtirilgan maktabga moslashtirish boʻyicha taʼmirlash ishlarini amalga oshirish va uni foydalanishga topshirish;
byustning ijodiy va texnik parametrlarini ishlab chiqish hamda uni sifatli yaratish;
Andijon davlat universiteti qoshidagi 4-son akademik litsey hududida byust oʻrnatilgan xiyobonni tashkil etish choralarini koʻrsin.
4. Andijon viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining va Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining ixtisoslashtirilgan maktabda taʼmirlash hamda byust oʻrnatilgan xiyobonni tashkil etish ishlarini amalga oshirish boʻyicha:
buyurtmachi etib — Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasini;
bosh loyihachi tashkilot etib — “Andijonfuqaroloyiha” MCHJni belgilash;
pudratchi tashkilotni, istisno tariqasida, tanlov savdolari oʻtkazilmasdan eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali aniqlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, ixtisoslashtirilgan maktabda taʼmirlash ishlari, byust yaratish hamda byust oʻrnatiladigan xiyobonni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Andijon viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazsin va qurilish-taʼmirlash ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini tizimli ravishda amalga oshirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2017-2018 oʻquv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktabning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida uni oʻquv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, oʻquv-metodik majmualar, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar hamda badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2017-2018 oʻquv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktabga iqtidorli oʻquvchilarni saralab olish maqsadida ona tili va chet tili fanlaridan test sinovi hamda psixologik-pedagogik diagnostika oʻtkazsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “Taʼlim” sohasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida 2017-2018 oʻquv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktabning taʼminoti uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri U.I. Inoyatov va Andijon viloyatining hokimi Sh.K. Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 25-iyul,
539-son