Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
“Texnik etil spirtini ishlab chiqarish xodimlari uchun xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 14-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2015-2]
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2009-yil 7-sentabrdagi 170-son “Texnik etil spirtini ishlab chiqarish xodimlari uchun xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2015, 2009-yil 12-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 42-son, 451-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq B. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 20-iyun,
56-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2017-yil 20-iyundagi 56-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Texnik etil spirtini ishlab chiqarish xodimlari uchun xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Buyruqning muqaddimasidan “(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda)” hamda “(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
2. Qoidalarda:
a) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq texnik etil spirtini ishlab chiqarish xodimlari uchun xavfsizlik qoidalarini belgilaydi.”;
b) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan, shu jumladan noqulay va alohida mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar berilishi yuzasidan davlat nazorati mehnatni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mehnatni muhofaza qilish holatini oʻrganish, ish beruvchilarning jamoa shartnomalari va kelishuvlarida nazarda tutilgan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat kasaba uyushmalariga va xodimlarning boshqa vakillik organlari, shuningdek mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakil etilgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi.”;
v) 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq boʻlgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud boʻlgan tashkilotda yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.”;
g) 10 va 11-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish boʻyicha qoidalarni oʻz ichiga olgan jamoa shartnomasi;
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq yuritiladigan ish joyining mehnat sharoitlari xaritasi;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha nazorat yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalar.
11. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.”;
d) 96-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“96. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilot tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.”.
3. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan kelishilgan.
Mehnat vaziri A. ABDUXAKIMOV
2017-yil 23-may
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi Q. RAFIKOV
2017-yil 23-may
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2017-yil 23-may
Ichki ishlar vaziri A. AZIZOV
2017-yil 23-may
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ShADMANOV
2017-yil 23-may
“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi A. ABDULLAYEV
2017-yil 23-may
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 28-son, 674-modda)