Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-sonli “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, shuningdek yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashning quyidagi asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boʻlinmalarining eng muhim vazifasi deb hisoblansin:
birinchidan — yoʻl harakati xavfsizligi respublika, oʻrta va quyi boʻlinmalari faoliyatini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tartibini oʻrnatish, bunda ularning asosiy vazifalari va funksiyalari, rahbarlar va xodimlarning oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishi uchun shaxsiy javobgarligi aniq belgilanishi va taqsimlanishini nazarda tutish;
ikkinchidan — yoʻllarda, ayniqsa Toshkent shahrida yoʻl-transport hodisalarining sodir etilishi va tirbandlikning hosil boʻlishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni tizimli ravishda kompleks tahlil qilish va bartaraf etish asosida yoʻl harakati qoidalari buzilishi profilaktikasi, yoʻl-transport hodisalari va yoʻllar bandligining oldini olish tizimini takomillashtirish;
uchinchidan — huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va ularga chek qoʻyishning, nazoratning yuqori samaradorligini taʼminlovchi yoʻl harakatini avtomatlashtirilgan tarzda tartibga solish, videokuzatuv va yoʻl harakati qoidalari buzilishini qayd etish tizimlarini, boshqa texnik vositalarni, avvalo viloyat markazlarida yanada kengaytirish;
toʻrtinchidan — yoʻllarni saqlash va ularni yoʻl belgilari, axborot koʻrsatgichlari, yoʻl harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalari bilan jihozlash boʻyicha oʻrnatilgan talablarga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash;
beshinchidan — fuqarolar orasida yoʻl harakati ishtirokchilarining yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirishga qaratilgan samarali tushuntirish ishlari tizimini, shu jumladan aholi orasida targʻibot-tashviqot ishlarining shakl va usullarini kengaytirish hamda takomillashtirish orqali rivojlantirish;
oltinchidan — yoʻl harakati ishtirokchilarining huquqlariga soʻzsiz rioya etilishini, ularning shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishini, xizmatni oʻtash vaqtida muomala madaniyati va odob-axloq qoidalariga qatʼiy amal qilinishini taʼminlash;
yettinchidan — yoʻl-patrul xizmati xodimlarining xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi ustidan nazoratni korrupsiya va vakolatini suiisteʼmol qilish holatlarini istisno etadigan tarzda kuchaytirish, shuningdek kadrlarni tanlash, ularni kasbiy tayyorlash va qayta tayyorlashning taʼsirchan mexanizmini joriy etish;
sakkizinchidan — davlat xizmatlarini koʻrsatishning soddalashtirilgan tartib-taomillarini nazarda tutuvchi hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishning shaffofligini taʼminlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllash.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasining “Uzavtoyoʻlbelgi” davlat unitar korxonasini tashkil etish (keyingi oʻrinlarda — “Uzavtoyoʻlbelgi” DUK) hamda standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlar talablariga muvofiq yoʻl belgilari, axborot koʻrsatgichlari, yoʻl harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalarini ishlab chiqarishni uning asosiy vazifasi etib belgilash haqidagi taklifi maʼqullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Qayd etilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2776-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi faoliyatlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari va xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasining pudratchi tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Belgilansinki:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash boʻyicha tashkilotlar uchun yoʻl belgilari, axborot koʻrsatgichlari, yoʻl harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalarini ishlab chiqarish faqat “Uzavtoyoʻlbelgi” DUK tomonidan amalga oshiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
“Uzavtoyoʻlbelgi” DUKning taʼsischisi Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi hisoblanadi.
4. “Uzavtoyoʻlbelgi” DUKga, istisno tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan mazkur qarorga asosan mahsulot sotib olish va yetkazib berish hamda xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarni tanlov (tender) savdolarini oʻtkazmasdan tuzishga ruxsat berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzmetkombinat” AJ va “Oʻzqurilishmateriallari” AJ “Uzavtoyoʻlbelgi” DUKning asoslangan hisob-kitoblariga binoan yoʻl belgilari, axborot koʻrsatgichlari, yoʻl harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalarini, shuningdek ularni mustahkamlash uchun oʻrnatish konstruksiyalarini ishlab chiqarish uchun tartibga solinadigan narxlar boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar orqali metall prokati va sement ajratilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tijorat banklari bilan birgalikda “Uzavtoyoʻlbelgi” DUKning asoslangan buyurtmanomalari boʻyicha asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, materiallar, jihozlar, xom ashyo, texnologik hujjatlar, texnika, dasturiy mahsulotlar va boshqa vositalarni sotib olish uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlarini konvertatsiya qilish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi:
ikki oy muddatda “Uzavtoyoʻlbelgi” DUK faoliyatini tashkil etish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda Oʻrnatilgan yoʻl belgilarini xatlovdan oʻtkazish, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy yuqori intensiv (nur qaytaruvchi) qoplamali yoʻl belgilari bilan almashtirish, shuningdek uzoq muddat foydalaniladigan barqaror yoʻl chiziqlarini chizish uchun maxsus texnika va asbob-uskunalar sotib olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda xalqaro va davlat ahamiyatiga molik yoʻllar uchun 900 mm, boshqa yoʻllar uchun — 700 mm oʻlchamdagi metall korpusli va yuqori intensiv (nur qaytaruvchi) qoplamali yoʻl belgilarini ishlab chiqarish, shuningdek yaqin joylashgan obyektlar xususiyatlari va qatnov qismining uzoqligini inobatga olgan holda ularning aniq koʻrinishi uchun sharoit yaratish imkoniyatini beruvchi konstruksiyalarga mustahkamlashni nazarda tutgan holda yoʻl harakati sohasida standartlashtirish boʻyicha yangilangan normativ hujjatlar tasdiqlasin.
8. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-apreldagi PQ-2883-sonli “Ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasining Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi Maxsus ekspluatatsiya-montaj boshqarmasi Toshkent shahar hokimligiga oʻtkazildi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Maxsus ekspluatatsiya-montaj boshqarmasi qoshidagi “Uzavtomotobelgi” shuʼba korxonasi “Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasiga (keyingi oʻrinlarda — “Uzavtomotobelgi” DUK) oʻzgartirilsin.
Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi “Uzavtomotobelgi” DUKning taʼsischisi hisoblanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
“Uzavtomotobelgi” DUK “Uzavtomotobelgi” shuʼba korxonasining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda belgilangan tartibda “Uzavtomotobelgi” DUKning tuzilmasi va ustavini tasdiqlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. 2017-yil 1-sentabrdan eʼtiboran avtotransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega boʻlgan davlat roʻyxat raqamlarini oshirilgan toʻlov stavkalari boʻyicha, shu jumladan kimoshdi savdosini oʻtkazish yoʻli bilan tanlash tartibi joriy etilsin.
13. 2018-yil 1-yanvardan eʼtiboran avtotransport vositasidan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish huquqi uchun ishonchnomalarni, avtotransport vositasining ijara, tekin foydalanish, garov, lizing shartnomalarini fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlarining tegishli yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarida hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi talab notariuslar tomonidan ularning elektron shaklini joʻnatish tartibini oʻrnatgan holda bekor qilinsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining:
Toshkent shahrida kompyuterlashtirilgan tizimni kengaytirish, shuningdek uni Nukus shahri va viloyat markazlarida joriy qilish orqali yoʻl harakati xavfsizligini boshqarishning yagona markazlashtirilgan axborot-kompyuter tizimini yaratish;
huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va ularga chek qoʻyish, avtomobil harakati ustidan samarali nazoratni taʼminlash maqsadida yoʻl-patrul xizmati statsionar postlarini maqbullashtirish, ularni belgilangan namunaviy sxema boʻyicha bosqichma-bosqich rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, moddiy-texnik jihozlash;
2018-yil 1-yanvardan eʼtiboran yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarining jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarini, yuk, yoʻlovchi va maxsus transport vositalari bundan mustasno, majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha funksiyalarini yuridik shaxslar — tadbirkorlik subyektlariga bosqichma-bosqich ular koʻrsatadigan xizmatlar uchun qatʼiy narxlar hamda ichki ishlar organlari bilan oʻzaro hamkorlikka oid talablarni oʻrnatgan holda oʻtkazish;
yoʻl-patrul xizmati maxsus asbob-uskunalari va avtomobil texnikasini uzluksiz yangilab borish uchun har yili 55 ta belgilangan tartibda jihozlangan avtotransport vositalari, 600 ta jezl, 500 ta radiostansiya va boshqa vositalarni xarid qilish haqidagi takliflari maʼqullansin.
15. Toshkent shahrida, Samarqand va Xorazm viloyatlarida tajriba tariqasida yoʻl-patrul xizmati mototsikldagi guruhlari tuzilsin va ularga yoʻllar va koʻchalarning harakatlanish qiyin boʻlgan qatnov qismlarida, odamlar gavjum joylarda, shuningdek xorijiy va boshqa delegatsiyalarni kuzatishda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha vazifalar yuklatilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda avtotransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega boʻlgan davlat roʻyxat raqamlarini oshirilgan toʻlov stavkalari boʻyicha, shu jumladan kimoshdi savdosini oʻtkazish yoʻli bilan tanlash tartibini tasdiqlasin;
2017-yil 1-oktabrga qadar Yoʻl harakati xavfsizligini boshqarishning yagona markazlashtirilgan axborot-kompyuter tizimini joriy qilish, shuningdek yoʻl-patrul xizmati statsionar postlari sonini va joylashuvini maqbullashtirishni inobatga olgan holda ularni belgilangan namunaviy sxema boʻyicha bosqichma-bosqich rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, moddiy-texnik jihozlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturlarini tasdiqlasin;
2017-yil 1-dekabrga qadar mazkur qaror talablarini inobatga olgan holda yuridik shaxslar — tadbirkorlik subyektlari tomonidan jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibini belgilasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
2018-2019 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi taʼlim jarayoniga “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashni joriy etsin;
Keyingi tahrirga qarang.
Toshkent shahar, Samarqand va Xorazm viloyatlarida mototsiklda yoʻl-patrul xizmatini oʻtashni tashkil etish, xodimlarni mototsiklni boshqarishga oʻrgatish choralarini koʻrsin va 2018-yil 1-oktabrga qadar tajriba natijalarini tahlil qilgan holda yoʻl-patrul xizmatining mazkur turini mamlakatning boshqa hududlarida joriy etish boʻyicha takliflar kiritsin;
uch oy muddatda yoʻl-patrul xizmati maxsus avtotransport vositalarini audio va video qayd etish qurilmalari, shuningdek ularning xodimlarini mobil videokameralar bilan bosqichma-bosqich jihozlash toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda yoʻl harakati sohasida maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va rasmiylashtirish, tegishli notarial harakatlarni hisobga olish, avtotransport vositalarining texnik koʻrikdan oʻtishini nazorat qilish, shuningdek yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillarini soddalashtirishni taʼminlovchi elektron tizim ishlab chiqsin va 2018-yil 1-yanvardan boshlab joriy etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2017-yil 1-dekabrga qadar avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini, shu jumladan oʻquv jarayoni samaradorligini oshirish va oʻqitishning zamonaviy usullarini joriy qilishni nazarda tutgan holda, yanada takomillashtirish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. “Oʻzeltexsanoat” AK ikki oy muddatda mahalliy xom ashyo va materiallardan foydalanish va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga mahsulot tannarxini tushirgan holda maxsus jihozlangan avtotransport vositalari uchun yuqori sifatli ishorali ovoz kuchaytirgich moslamalar ishlab chiqarish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
19. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan budjet mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari, xorijiy davlatlar davlat kreditlari va xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
20. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-iyul,
PQ-3127-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-iyuldagi PQ-3127-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (keyinchalik — Bosh boshqarma) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyinchalik — IIV) markaziy apparatining tuzilmaviy boʻlinmasi hisoblanib, yoʻllarda huquqbuzarliklarni oldini olish va ularning profilaktikasi, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ishlar tashkil etilishini taʼminlaydi.
2. Bosh boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”, “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi boshqa qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, ichki ishlar vazirining buyruqlari va farmoyishlari, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Bosh boshqarma oʻz faoliyatiga oid masalalar boʻyicha belgilangan tartibda ichki ishlar organlarining boshqa boʻlinmalari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari, tashkilotlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshiradi.
4. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi IIV Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tizimini tashkil etuvchi ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligining boʻlinmalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi IIVning Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari;
Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining yoʻl-patrul xizmati brigadasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari yoʻl-patrul xizmati batalyonlari (otryadlari);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari tuman (shahar) boshqarmalari (boʻlimlari)ning yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimlari (boʻlinmalari, guruhlari);
5. Bosh boshqarma oʻzining mustaqil balansiga, bank hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi va oʻzining toʻliq nomi koʻrsatilgan ish qogʻozlari va muhriga ega, shuningdek Bosh boshqarma faoliyatining xususiyatlari aks etilgan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan taʼsis etiladigan belgi-ramzlariga ega boʻlishi mumkin.
2-bob. Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Bosh boshqarmaning asosiy vaziflari hisoblanadi:
yoʻl-transport infratuzilmasining holati, yoʻl-transport hodisalari dinamikasi, yoʻl harakati qoidalarining buzilishi, yoʻllarning tirbandligi, transport vositalarining texnik holatini hisobga olgan holda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kompleks va tizimli tahlil qilish, shuningdek mazkur sohada vujudga keladigan muammolar va kamchiliklarning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish;
ichki ishlar organlarining yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarining yoʻl-transport hodisalari va yoʻl harakati qoidalarining buzilishlari bilan kurashish borasidagi faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
yoʻl harakati xavfsizligi taʼminlanishini, shu jumladan yoʻl harakati qoidalari buzilishi profilaktikasi va ularga chek qoʻyishni, yoʻl-transport hodisalari va yoʻllar tirbandligini oldini olishni, huquqbuzarliklar sodir etilishiga aloqador boʻlgan shaxslarni izlab topish va shaxslari aniqlanishini tashkil etish;
ichki ishlar organlarining boshqa boʻlinmalari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlikni tashkil etish, shuningdek aholi bilan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha ochiq muloqotlar olib borish;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga oid qonun hujjatlarini, huquqni qoʻllash amaliyotini, shuningdek uning shakllari va uslublarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.
7. Bosh boshqarma oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kompleks va tizimli tahlil qilish, shuningdek mazkur sohada vujudga keladigan muammolar va kamchiliklarning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish sohasida:
yoʻl-transport infratuzilmasining holati, yoʻl-transport hodisalari dinamikasi, yoʻl harakati qoidalarining buzilishi, yoʻllarning tirbandligi, transport vositalarining texnik holatini hisobga olgan holda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni talab etish, baholash, umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek mazkur sohada vujudga keladigan muammolar va kamchiliklarning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish boʻyicha takliflarni tayyorlash;
yoʻllar va avtomagistrallardagi huquqbuzarliklar bilan profilaktik faoliyat hamda ular bilan kurashish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tizimlashtirish va tahlil qilish, xizmat-jangovar faoliyatni takomillashtirish borasida maʼlumotlardan samarali foydalanish boʻyicha choralar koʻrish;
yoʻllar va temir yoʻlni kesib oʻtadigan joydan foydalanish, aniqlangan avariyaviy oʻchoqlarni yoʻq qilish, harakat tezligini cheklash boʻyicha choralarni koʻrish;
yoʻllarda transport vositalari ishtirokidagi avariyaviy holatlarni tahlil qilish va ularga baho berish asosida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻrta va uzoq muddatli kompleks chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish, rejalashtirilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
yoʻl-transport hodisalarining profilaktikasi hamda yoʻl harakatini tashkil qilishga oid ijobiy, shu jumladan xorijiy tajribani joriy etish boʻyicha tavsiyalarni oʻrganish, umumlashtirish va ishlab chiqish;
b) ichki ishlar organlarining yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarining yoʻl-transport hodisalari va yoʻl harakati qoidalarining buzilishlari bilan kurashish borasidagi faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish sohasida:
ichki ishlar organlarining yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari faoliyatini rejalashtirish va prognoz qilishni tashkil etish;
transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish haqidagi sud qarorini ijro etish;
yoʻl-transport hodisalari va yoʻl harakati qoidalari buzilishlarini, ularni sodir etgan shaxslar, jabrlanuvchilar hisobini yuritish hamda profilaktika tadbirlarini rejalashtirish va olib borish maqsadida ushbu maʼlumotlarni tahlil qilish;
jinoyatlar va maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etish izlarining saqlanishi va holatlari qayd etilishini taʼminlash;
yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalariga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatish, ularning ishini tekshirish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ustidan nazorat qilish;
v) yoʻl harakati xavfsizligi taʼminlanishini tashkil etish sohasida:
ichki ishlar organlarining yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarining yoʻl harakati xavfsizligi, shu jumladan yoʻl-transport hodisalari va yoʻl harakati qoidalari buzilishlarining profilaktikasi, shuningdek ular bilan kurashishni taʼminlash, qoidabuzarliklar sodir etilishiga aloqador boʻlgan shaxslarni izlab topish va ularning shaxsini aniqlash borasidagi faoliyatini oʻrganish;
avtomototransport vositalarini hisobga olish, ularni texnik koʻrikdan oʻtkazish va ularning texnik holati, ulardan foydalanish meʼyorlari va qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
olib qochib ketilgan avtotransport vositalari qidiruvini amalga oshirish, tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlarini olib borishda koʻmaklashish;
yoʻl harakati sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar haqidagi ish hujjatlarining koʻrib chiqilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
yoʻlovchilarni, ogʻir yuklarni, yirik gabaritli, xavfli va maxsus yuklarni tashuvchi transport vositalarining harakat yoʻnalishlarini aniqlash;
haydovchilarni tayyorlash boʻyicha taʼlim muassasalarining faoliyati, imtihonlarni qabul qilish ustidan nazoratni taʼminlash;
texnik holati belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transport vositalaridan foydalanishga taqiq qoʻyish;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga oid talablarga rioya etilmasa, koʻchalar va yoʻllarda taʼmirlash-qurilish va boshqa ishlar olib borilishiga nisbatan cheklovlar yoki taqiqni qoʻllash;
favqulodda vaziyatlarda zarur boʻlgan yoʻl uchastkalarini yopish (toʻsish), transport vositalari harakatini cheklash yoki toʻxtatish boʻyicha shoshilinch choralarni koʻrish;
koʻchalar, maydonlar, transport magistrallarida, shuningdek ommaviy tadbirlar oʻtkazilishida fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash;
oʻta xavfli va maxsus yuklarni qoʻriqlash va kuzatib borish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
g) ichki ishlar organlarining boshqa boʻlinmalari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlikni tashkil etish, shuningdek aholi bilan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha ochiq muloqotlar olib borish sohasida:
ichki ishlar organlarining boshqa boʻlinmalari, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda aholi bilan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha axborot almashish va chora-tadbirlar oʻtkazilishini amalga oshirish;
ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarining faoliyati haqida jamoatchilik fikri oʻrganilishini tashkil etish;
yoʻl harakati sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ishlar koʻrib chiqilishi bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlar, boshqa huquqbuzarliklar va hodisalar haqidagi arizalar, xabarlar va boshqa maʼlumotlarni, shu jumladan elektron shaklda qabul qilish va roʻyxatdan oʻtkazish, ular boʻyicha oʻz vaqtida choralar koʻrib, keyinchalik murojaat etgan shaxsni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xabardor qilish;
yoʻl harakati qoidalarini aholi orasida, shu jumladan taʼlim muassasalarida va avtotransport xoʻjaliklarida targʻib qilish;
yoʻl harakati xavfsizligi oyliklari oʻtkazilishini taʼminlash;
d) yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga oid qonun hujjatlarini, huquqni qoʻllash amaliyotini, shuningdek uning shakllari va uslublarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish sohasida:
yoʻl harakati xavfsizligini takomillashtirish masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish va ularning ishlab chiqilishida ishtirok etish;
zamonaviy kompyuter vositalari va texnologiyalaridan foydalangan holda yoʻl harakati xavfsizligini boshqarishga oid dispetcherlik xizmati va axborot-kommunikatsiya tizimini yaratish va uni takomillashtirish;
yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari va normalarini ishlab chiqish;
yoʻl harakatini tartibga solish hamda yoʻllar va temir yoʻlni kesib oʻtadigan joydan foydalanish xavfsizligini taʼminlash jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan foydalanish, ularni yoʻl harakatini tartibga solish vositalari bilan jihozlash, shuningdek Bosh boshqarma faoliyatining boshqa sohalarida ulardan foydalanish;
yoʻl harakati xavfsizligi muammolariga doir ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlarini tashkil qilish va oʻtkazish, axborot materiallarini tayyorlash.
Bosh boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Bosh boshqarma huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
8. Bosh boshqarma oʻziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalariga doir axborot, statistik, tahliliy materiallarni, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari va boshqa tashkilotlarning elektron bazalaridan talab etish va olish;
ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarining hujjatlari va materiallari bilan tanishish;
yoʻl harakati sohasidagi qoidabuzarliklarni, shuningdek ularning sodir etilishiga imkoniyat yaratuvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha ijro etilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarni davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslarga kiritish;
yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalariga yuklatilgan tadbirlarni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining boshqa boʻlinmalaridan koʻmaklashishni talab qilish;
oʻz vakolatlari doirasida ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari tomonidan ijro etilishi majburiy boʻlgan yozma va ogʻzaki koʻrsatmalarni berish;
ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari xodimlari tomonidan xizmat intizomiga, ishchi va xizmatchilari tomonidan esa mehnat intizomiga rioya etilishini tekshirish;
ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash, xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha takliflarni kiritish.
Bosh boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Bosh boshqarma quyidagi majburiyatlarga ega:
oʻz vakolatlari doirasida fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini muhofaza qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarining ish yuritishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tayyorlash va taqdim etish.
Bosh boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
10. Bosh boshqarma unga yuklatilgan vazifa va funksiyalar samarali bajarilishi uchun javobgar boʻladi.
4-bob. Bosh boshqarma faoliyatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va undan ozod etiladigan boshliq Bosh boshqarmaga rahbarlik qiladi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
Bosh boshqarma boshligʻi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va undan ozod etiladigan ikkita oʻrinbosariga, shu jumladan bitta birinchi oʻrinbosariga ega boʻladi.
12. Bosh boshqarma boshligʻi:
Bosh boshqarmaning ishini tashkil etadi va uning faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, unga yuklatilgan vazifalar bajarilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi, oʻz oʻrinbosarlari va Bosh boshqarma tuzilmaviy boʻlinmalari boshliqlarining funksional majburiyatlarini belgilaydi;
Bosh boshqarmaning ish rejalarini tasdiqlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida koʻrsatmalarni chiqaradi hamda Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarining butun shaxsiy tarkibi tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan farmoyishlar loyihalarini kiritadi;
Bosh boshqarma kadrlarini tanlash va ularni joylashtirish boʻyicha ishlar, ularning kasbiy malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha tadbirlar tashkil etilishi, ular tomonidan xizmat va mehnat intizomiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Bosh boshqarmaning shaxsiy tarkibi bilan profilaktika va tarbiyaviy ishlarni olib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyatining topshirigʻiga binoan davlat, shu jumladan huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning rasmiy tadbirlarida ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyati uchun oʻz oʻrinbosarlari, tuzilmaviy boʻlinmalar boshliqlari va shaxsiy tarkibini tayinlash, boshqa ishga koʻchirish, egallab turgan lavozimlaridan ozod etish va ichki ishlar organlaridan boʻshatish haqida takliflarni tayyorlaydi, shuningdek Bosh boshqarma ishchi va xizmatchilarini tayinlaydi, boshqa ishga oʻtkazadi, egallab turgan lavozimlaridan ozod etadi va boʻshatadi;
Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga Bosh boshqarma xodimlariga maxsus unvonlarni berish, ularni ragʻbatlantirish yoki intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritadi;
Bosh boshqarma faoliyatiga doir hujjatlarni tasdiqlaydi, pul mablagʻlarini tasarruf etadi, fuqarolik-huquqiy va mehnat shartnomalarini tuzadi;
Bosh boshqarma xodimlarini belgilangan tartibda xizmat safarlariga yuboradi;
oʻz vakolatlari doirasida Bosh boshqarma xodimlariga taʼtillar beradi;
yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
13. Bosh boshqarma boshligʻi boʻlmagan hollarda uning majburiyatlarini birinchi oʻrinbosari bajaradi.
14. Bosh boshqarma xodimlari Bosh boshqarma boshligʻining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga koʻra Bosh boshqarma boshligʻi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimlarga tayinlanadi va ulardan ozod etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari xodimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimlarga tayinlanadi va ulardan ozod etiladi, bunda yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari boʻlim (boʻlinmalar)lari boshliqlari Bosh boshqarma boshligʻi bilan kelishiladi.
16. Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari)ning yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimlari (boʻlinmalari) boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimlarga tayinlanadi va ulardan ozod etiladi.
Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari)ning yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimlari (boʻlinmalari, guruhlari) xodimlari tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) boshliqlarining taqdimnomasiga koʻra yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari boshliqlari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimlarga tayinlanadi va ulardan ozod etiladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
17. Ish yurituv va maxfiylik rejimini tashkil etish va taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar Bosh boshqarma tomonidan belgilangan tartibda mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
18. Yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarini qurol-yarogʻ, maxsus texnika va boshqa moddiy-texnik vositalar hamda boshqa mol-mulk bilan taʼminlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 28-son, 645-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2021-y., 06/21/27/1116-son, 04.04.2022-y., 07/22/190/0268-son)