Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi BANDLIK VA MEHNAT MUNOSABATLARI vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi BANDLIK VA MEHNAT MUNOSABATLARI vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
Davlat notarial idoralari va notarial arxivlar faoliyatini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 28-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2168-2]
Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-iyundagi 104-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat institutini yanada takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2010-yil 5-maydagi PF-4216-son Farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Moliya vazirligining 2010-yil 22-dekabrdagi 19, 201 va 106-son qarori (roʻyxat raqami 2168, 2010-yil 22-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 51-son, 501-modda) bilan tasdiqlangan Davlat notarial idoralari va notarial arxivlar faoliyatini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Adliya vaziri M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-iyun,
5-son
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A. ABDUHAKIMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-iyun,
16-q/q-son
Moliya vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-iyun,
89-son
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligining 2017-yil 19-iyundagi 5, 16-q/q va 89-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat notarial idoralari va notarial arxivlar faoliyatini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 10-bandning “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) mazkur Nizomning 1-bandi uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan mablagʻlar quyidagi xarajatlarni qoplash uchun yoʻnaltiriladi:
xodimlarning lavozim maoshlariga har oylik shaxsiy ustama oʻrnatish, ularni mukofotlash, qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirish va ularga moddiy yordam koʻrsatishga, ish beruvchilarning toʻlovlarini oʻz ichiga olgan holda;
kommunal-ekspluatatsion va joriy saqlash boʻyicha boshqa xizmatlar xarajatlarini (kommunal xizmatlar, aloqa xizmati, binolar ijarasi, kanselyariya va idora anjomlarini sotib olish, texnikani taʼmirlash va xizmat koʻrsatish, arxivga ishlov berish va boshqa xarajatlarni) qoplashga;”.
3. 17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Xodimlarning lavozim maoshlariga har oylik shaxsiy ustamalar quyidagi mezonlardan biri mavjud boʻlgan taqdirda oʻrnatiladi:
a) notariuslar uchun:
notarius lavozimida bir yildan kam boʻlmagan ish staji;
yuridik fanlar nomzodi yoki doktori ilmiy darajasining mavjudligi;
Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlari va davlat mukofotlari bilan taqdirlanganligi;
notariat institutini takomillashtirish boʻyicha takliflar, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqishda qatnashishi.
b) boshqa xodimlar:
oliy maʼlumotga egaligi;
notarial idorada yoki notarial arxivda bir yildan kam boʻlmagan ish staji.”.
4. 20 va 21-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Notarius va unga biriktirilgan xodimlarning lavozim maoshlariga har oylik shaxsiy ustamalar oʻrnatishga notarius tomonidan hisobot oyi davomida amalga oshirilgan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun undirilgan tushumlarning 40 foizi ajratiladi.
Ajratilgan mablagʻlarni notarius va unga biriktirilgan xodimlar oʻrtasida taqsimlash notariusning taklifiga asosan amalga oshiriladi. Mablagʻlarni taqsimlashda xodimning notarial idora vazifa va funksiyalarini bajarishga qoʻshgan hissasi, ularning mehnat va ijro intizomiga rioya etganligi inobatga olinadi.
Notarial arxiv xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik shaxsiy ustamalar ular lavozim maoshlarining 75 foizi miqdorida belgilanadi.
21. Xodimlarning lavozim maoshlariga har oylik shaxsiy ustamalar hisobot oyi yakuni natijasi boʻyicha hududiy adliya organlari rahbarlarining buyruqlari bilan oʻrnatiladi.”.
5. Quyidagi mazmundagi 211-band bilan toʻldirilsin:
“211. Xodimning lavozim maoshlariga har oylik shaxsiy ustamalar quyidagi hollarda oʻrnatilmaydi:
xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilganda (ushbu intizomiy jazoning amal qilish muddatiga);
notarius tomonidan bir oyda amalga oshirilgan notarial harakatlar soni muayyan hudud boʻyicha (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) notarial harakatlar umumiy sonining har bir notariusga toʻgʻri keladigan oʻrtacha miqdorining yarmidan kam boʻlsa — notarius va unga biriktirilgan xodimlarga.”.
6. 22-bandning uchinchi xatboshisi “nafaqaga chiqish,” degan soʻzlardan keyin “korrupsiyaga oid huquqbuzarlik faktlari haqida xabar berish,” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
7. 24-bandda:
birinchi xatboshidagi “Notarial idoralar va notarial arxivlar xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish” degan soʻzlar “Xodimlarni mukofotlash, qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirish va ularga moddiy yordam koʻrsatish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oʻzbek tilidagi matnning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“katta notariuslarning (notariuslarning) takliflari boʻyicha — notarial idoralarning boshqa xodimlariga nisbatan amalga oshiriladi.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 26-son, 598-modda)