Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
“Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti (12-son AFMS) “Auditorlik tekshiruvlari jarayonida buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimini baholash”ni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 22-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1673-1]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2006-yil 29-dekabrdagi 108-son “Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti (12-son AFMS) “Auditorlik tekshiruvlari jarayonida buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimini baholash”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1673, 2007-yil 12-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 162-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-iyun,
61-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 1-iyundagi 61-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasi auditorlik faoliyatining milliy standarti (12-son AFMS) “Auditorlik tekshiruvlari jarayonida buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimini baholash”ni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Buyruqning muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:”.
a) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Mazkur standartda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
buxgalteriya hisobi tizimi — barcha xoʻjalik operatsiyalarini yaxlit, uzluksiz, hujjatlar asosida hisobga olish yoʻli bilan buxgalteriya axborotini yigʻish, qayd etish va umumlashtirishning tartibga solingan tizimi, shuningdek uning asosida moliyaviy va boshqa hisobotni tuzish;
ichki nazorat tizimi –buxgalteriya hisobini yuritishda, moliyaviy va boshqa hisobotlarni tuzishda xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishning qonuniyligini, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini, aktivlarning but saqlanishini taʼminlash, talon-toroj qilish hollari va xatoliklarning oldini olish hamda aniqlash maqsadida buxgalteriya hisobi subyektining rahbari tomonidan qabul qilingan hisob siyosati asosida tashkil etilgan chora-tadbirlar tizimi.”;
b) 15-bandda:
“b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) buxgalteriya hisobi xizmati va uning tarkibiy tuzilmasini;”;
“j” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“j) buxgalteriya hisobini tashkil qilish va yuritishda hamda moliyaviy hisobotni tayyorlashda texnika vositalari, axborot tizimlari va axborot texnologiyalarining roli va oʻrnini;”;
v) 19-bandning “e” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“e) hisob siyosati, ichki hisob va hisobot tizimi ishlab chiqilishini;”;
g) 20-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbariyati ichki nazorat tizimining ishlab chiqilishi va qoʻllanishi uchun masʼul hisoblanadi. Ichki nazorat tizimining xoʻjalik yurituvchi subyektning xususiyati va koʻlami talabiga javob berishi, doimiy va samarali amal qilishi unga bogʻliq boʻladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyatini nazorat qilish uchun qonun hujjatlarida belgilangan hollarda taftish komissiyasi (taftishchi) saylanadi, ichki audit xizmati tashkil etiladi.”.
3. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining raisi R. GULYAMOV
2017-yil 1-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 25-son, 562-modda)