Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QOZOGʻISTON RESPUBLIKASI VA TOJIKISTON RESPUBLIKASI YuK AVTOTRANSPORT VOSITALARINING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING BOJXONA HUDUDI ORQALI KIRIB KELIShI, ChIQIB KETIShI HAMDA TRANZITI UChUN YAGONA YIGʻIM BELGILASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi PF-5428-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali oʻtishi uchun yigʻimlarni hisoblash tizimini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Qozogʻiston Respublikasi Hukumati tomonidan 1999-yil 26-maydagi 643-son qarori bilan avtotransport vositalarining Qozogʻiston Respublikasi hududi orqali oʻtish uchun 300 AQSh dollariga teng miqdorda yigʻim joriy etilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi buyrugʻi bilan Qozogʻiston Respublikasining avtotransport vositalariga nisbatan toʻlovning 300 AQSh dollariga teng miqdordagi tegishli normalari joriy etilganligi eʼtiborga olinsin.
2. 1999-yil 16-sentabrdan boshlab Tojikiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan oʻtadigan yuk avtotransport vositalari uchun ana shunday toʻlov belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
Tojikiston Respublikasi bitta yuk avtotransport vositasi va avtobusning Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududi orqali kirib kelishi, chiqib ketishi va tranzit boʻyicha oʻtishi uchun toʻlov 300 AQSh dollariga teng miqdorda belgilansin.
(2-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 18-fevraldagi 58-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining “Tojikiston Respublikasi yuk avtotransport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” 1998-yil 1-dekabrdagi 506-son qarori 2-bandining birinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari L.A. Axmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1999-yil 15-sentabr,
429-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 9-son, 54-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 1-son, 9-modda)