Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 542-sonli “Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tashkil etilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan bank va soliq nazoratini kuchaytirish toʻgʻrisida”1999-yil 29-martdagi PF-2276-son hamda “Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 28-iyundagi PF-2331-son farmonlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1990-yil 17-avgustdagi 304-r-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 14-sentabr,
427-son
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladigan qarorlari
ROʻYXATI
Oldingi tahrirga qarang.
(1, 2 va 3-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 22-avgustdagi 347-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2001-y., 15-16-son, 106-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xoʻjalik birlashmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 1994-yil 22-martdagi 153-son (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 3-son, 18-modda) qarorida:
qaror nomidagi va 1-banddagi “Xoʻjalik birlashmalarini” soʻzlari “Yuridik shaxslar birlashmalarini, aksiyadorlik jamiyatlarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
Xoʻjalik birlashmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqida Nizomda:
Nizom nomidagi va matndagi “Xoʻjalik birlashmalari” soʻzlari tegishli kelishikda “Yuridik shaxslar birlashmalari, aksiyadorlik jamiyatlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Respublika ahamiyatiga ega boʻlgan yuridik shaxslar birlashmalari, shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan yuridik shaxslar birlashmalari va aksiyadorlik jamiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtadilar.
Respublika ahamiyatiga ega boʻlgan yuridik shaxslar birlashmasi deyilganda qatnashchilari ikki yoki undan koʻp maʼmuriy-hududiy tuzilmalar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar)da joylashgan birlashma tushuniladi”;
“v” kichik band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“v) pochta manzilini tasdiqlovchi hujjat”;
band quyidagi mazmundagi “e” kichik band bilan toʻldirilsin:
“e) savdo va savdo-vositachilik korxonalari yuqorida sanab oʻtilgan hujjatlardan tashqari oʻzlarida oʻz ustav faoliyatiga muvofiq savdo, omborxona maydonlari va asbob-uskunalar, shu jumladan, chakana savdo korxonalari — nazorat-kassa apparatlari yoki ularni sotib olish yoxud ijaraga olish uchun mablagʻlari mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarni ham taqdim etadilar”;
Nizom quyidagi mazmundagi 11-band bilan toʻldirilsin:
“11) Yuridik shaxslar birlashmalari, aksiyadorlik jamiyatlari vakolatli davlat organlarini oʻzlarining pochta manzillari oʻzgarganligi toʻgʻrisida oʻn kun muddatda xabardor qilishga majburdir. Vakolatli davlat organlarini pochta manzili oʻzgarganligi toʻgʻrisida xabardor qilmaganlik uchun yuridik shaxslar birlashmalarining, aksiyadorlik jamiyatlarining mansabdor shaxslari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin bir yil oʻtgach aksiyadorlik jamiyatlari roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taʼsis hujjatlarida maʼlum qilingan ustav jamgʻarmasini shakllantirish tugallanganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma taqdim etishga majburdir. Ustav jamgʻarmasi shakllantirilmagan, biroq belgilangan eng kam miqdordan kam boʻlmagan, amalda shakllantirilgan miqdorgacha kamaytirilmagan yoki boshqacha tashkiliy-huquqiy shakllarga oʻzgartirilgan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ korxonalarni tugatish boʻyicha maxsus komissiyaga aksiyadorlik jamiyatlari bundan buyon faoliyat koʻrsatishining maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun taqdimnoma kiritadi.
11-band 12-band deb hisoblansin va quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“12. Mazkur Nizom xorijiy investitsiya ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlariga, shuningdek, davlat korxonalari negizida tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatlariga joriy etilmaydi”.
5. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 17-noyabrdagi 555-son (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 11-son, 51-modda) qarori bilan tasdiqlangan Mulkchilik va xoʻjalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlarning Yagona davlat registri toʻgʻrisida Nizomning 16-bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeksiga” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda nazorat-kassa mashinalarini majburiy qoʻllash tartibi toʻgʻrisida” 1994-yil 26-dekabrdagi 621-son qarorida:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshidagi “Mazkur qoida joriy etilmaydi” soʻzlari “Mazkur qoidalar joriy etilmaydi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
7-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanishga ruxsat etilgan nazorat-kassa mashinalarining Davlat reyestriga kiritilmagan nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish hollariga yoʻl qoʻyilmasligi ustidan qattiq nazorat oʻrnatilsin”.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-iyuldagi 346-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 29-son, 335-modda)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 2-iyuldagi 336-son (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1997-y., 7-son, 24-modda) qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy ekspertizadan, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning:
10-bandi quyidagi mazmundagi “j” va “z” kichik bandlari bilan toʻldirilsin:
“j) korxonaning pochta manzilini tasdiqlovchi hujjat:
z) savdo va savdo-vositachilik korxonalari yuqorida sanab oʻtilgan hujjatlardan tashqari, oʻzlarida oʻz ustav faoliyatiga muvofiq savdo, omborxona maydonlari va asbob-uskunalar, shu jumladan, chakana savdo korxonalari – nazorat-kassa apparatlari yoki ularni xarid qilish yoxud ijaraga olish uchun mablagʻlar mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarni ham taqdim etadilar”;
24-bandning yettinchi xatboshidagi “va yuridik” soʻzlari chiqarib tashlansin;
24-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Korxona oʻzining pochta manzili oʻzgarganligi toʻgʻrisida vakolatli davlat organlarini oʻn kun muddatda xabardor qilishga majburdir. Vakolatli davlat organlarini pochta manzili oʻzgarganligi haqida xabardor qilmaganlik uchun korxonaning mansabdor shaxslari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortiladilar”;
26 va 27-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“26. Korxona tomonidan qonunchilik va ustavda belgilangan faoliyat buzilgan, ataylab qalbaki hujjatlar taqdim etilgan hollarda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ korxonaga ularni bartaraf qilish toʻgʻrisida ogohlantirish xati yuboradi. Agar ogohlantirish xatida koʻrsatilgan tartibni buzishlar bir oy muddatda bartaraf etilmasa, adliya organlari korxonani tugatish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilish huquqiga ega boʻladi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin qonun hujjatlarida belgilangan muddat oʻtgach korxona roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taʼsis hujjatlarida maʼlum qilingan ustav jamgʻarmasini shakllantirish tugallanganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma taqdim etishga majburdir. Ustav jamgʻarmasi shakllantirilmagan, biroq belgilangan eng kam miqdordan kam boʻlmagan, amalda shakllantirilgan miqdorgacha kamaytirilmagan yoki boshqacha tashkiliy-huquqiy shakllarga oʻzgartirilgan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ korxonalarni tugatish boʻyicha maxsus komissiyaga korxona bundan buyon faoliyat koʻrsatishining maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun taqdimnoma kiritadi.
27. Korxona qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tugatiladi.
Mulkida davlat ulushi boʻlgan korxonalar uchun tugatish balansi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi yoki uning hududiy boʻlinmalari bilan kelishilgan boʻlishi kerak”.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-maydagi 180-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan)
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 9-son, 53-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 15-16-son, 106-modda; 2004-y., 29-son, 335-modda; 2011-y., 47-son, 488-modda; 2012-y., 39-son, 450-modda; 2017-y., 18-son, 325-modda)