Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining
Qarori
“Barkamol avlod” bolalar markazlarida bolalar oʻqiganligi uchun ota-onalar toʻlovini undirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 13-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2267-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 30-martdagi 351-son hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 13-martdagi 28-mh-sonli ““Barkamol avlod” bolalar markazlarida bolalar oʻqiganligi uchun ota-onalar toʻlovini undirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2267-2, 08.04.2026-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-yanvardagi PQ-2731-son “2017 — 2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-fevraldagi 50-son “Maktabdan tashqari taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining 2011-yil 10-avgustdagi 48 va 23-son qarori (roʻyxat raqami 2267, 2011-yil 23-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 39-son, 400-modda) bilan tasdiqlangan “Barkamol avlod” bolalar markazlarida bolalar oʻqiganligi uchun ota-onalar toʻlovini undirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 6-iyun,
70-son
Xalq taʼlimi vaziri U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2017-yil 6-iyun,
32-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining 2017-yil 6-iyundagi 70, 32-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Barkamol avlod” bolalar markazlarida bolalar oʻqiganligi uchun ota-onalar toʻlovini undirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Toʻlov qonun hujjatlarida belgilanadigan miqdorlarda undiriladi.”.
2. 16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari oʻquvchilari va ichki ishlar organlarining profilaktik hisobiga olingan oʻquvchilar, shuningdek, “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari toʻlovdan ozod qilinadi.
Toʻlovdan ozod qilinadigan oʻquvchilar va tarbiyalanuvchilar roʻyxati imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari, “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi tarbiya muassasalari, xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlari hamda tegishli tuman (shahar) hokimliklari moliya boʻlimi rahbarlari bilan kelishilgan holda “Barkamol avlod” bolalar markazi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.”.
3. 17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Toʻlov sifatida tushgan mablagʻlar:
toʻgarak faoliyati uchun zarur boʻlgan xom ashyo va materiallar, moddiy boyliklar (mebel, asbob-uskuna va jihozlar, kompyuter texnikasi va boshqalar) xarid qilishga;
madaniy ommaviy tadbirlarni oʻtkazish va ularda qatnashish bilan bogʻliq xarajatlarga;
oʻquvchilari respublika miqyosida oʻtkaziladigan koʻrik-tanlovlar va festivallarda 1, 2, 3-oʻrinlarni egallagan toʻgarak rahbarlarini tegishincha eng kam oylik ish haqining besh, toʻrt, uch barobari miqdorida moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.”.
4. Mazkur oʻzgartirishlar “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi bilan kelishilgan.
“SOS–Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi direktori G. ABIDOVA
2017-yil 6-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 24-son, 507-modda)