Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Nukus shahrida elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish toʻgʻrisida
Qoraqalpogʻiston Respublikasida zamonaviy energiya tejovchi uskunalar ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni tashkil qilish va import oʻrnini bosadigan mahsulotlarni yanada mahalliylashtirish maqsadida:
1. “Oʻzbekenergo” AJning umumiy qiymati 8 mln. AQSH dollari boʻlgan “Nukus shahrida (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha “Nukuselektroapparat” MCHJ korxonasini tashkil etish” (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) investitsiya loyihasini amalga oshirish va 2017-yilning 1-sentabriga foydalanishga topshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, umumiy qiymati 8 mln. AQSH dollari boʻlgan investitsiya loyihasi “Tanotrade AG” kompaniyasining (Shveysariya) 80 foiz ulushi va “Toshelektroapparat” MCHJ XK (Oʻzbekiston Respublikasi) tomonidan mahalliy investitsiyalar ekvivalenti 20 foiz ulushi boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorij investitsiyalarini jalb etish orqali amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
“Nukuselektroapparat” MCHJ — buyurtmachi;
“Issiqlikelektrloyiha” AJ — bosh loyiha tashkiloti;
“Element Plus” MCHJ — bosh pudratchi tashkiloti etib belgilansin.
4. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida 2017-yilning 15-avgustigacha qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirishga, istisno tariqasida, ruxsat etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davarxitektqurilish qoʻmitasi 2017-yilning 15-avgustigacha investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazishni hamda qurilish-montaj ishlarini sifatli bajarilishi yuzasidan lozim boʻlgan davlat arxitektura-qurilish nazoratini taʼminlasin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bir oy muddatda belgilangan tartibda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha “Nukuselektroapparat” MCHJ korxonasi qurilishiga yer maydoni ajratilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ oʻz mablagʻlari hisobiga, mansubligi boʻyicha, qurilish hududiga tushgan amaldagi muhandislik kommunikatsiyalarini koʻchirish va ulash, shuningdek, loyiha hujjatlariga muvofiq ularning uzluksiz ishlab turishini hisobga olgan holda, muhandislik kommunikatsiyalari va temir yoʻl liniyasini ulash, bosh pudrat tashkilotlari oʻzlarining boʻlinmalarini belgilashni va tayyorlovchi-zavodlar yoki ularning rasmiy dilerlari (distribyuterlari) bilan tender savdolarisiz eng yaxshi takliflar asosida, import qilinayotgan tovarlarni albatta yuklash oldi inspeksiyasini oʻtkazish sharti bilan, uskuna va materiallar, ehtiyot qismlari, butlovchi buyumlar va uzellar yetkazib berilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha 2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobiga qurilish hududiga tushgan mavjud vodoprovod tarmoqlarini koʻchirish va ulanishiga loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq markazlashgan investitsiyalar ajratishni taʼminlasin.
8. “Nukuselektroapparat” MCHJ quyidagi toʻlovlardan ozod etilsin:
investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha belgilangan tartibda, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Nukuselektroapparat” MCHJ korxonasi qurilishiga olib kelinadigan qurilish materiallari bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajariladigan (koʻrsatiladigan) ishlar (xizmatlar) qoʻshimcha qiymat soligʻidan;
2024-yilgacha tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha chetdan olib kelinayotgan uskuna, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari).
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzqurilishimateriallari” AK va “Oʻzbekneftgaz” MXK “Nukuselektroapparat” MCHJ ish hujjatlari asosida taqdim etilgan talabnomalari boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan sementni boshqariladigan narxlarda va yonilgʻi-moylash materiallarini oʻrtacha baholangan narxlarda toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan shartnomalar boʻyicha ajratilishi va yetkazilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 13-iyun,
PQ-3055-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 24-son, 495-modda, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)