Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 13-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 6-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2280-3]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 21-dekabrdagi 31-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3404, 22.12.2022-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi PF-4848-son “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011-yil 7-noyabrdagi 246-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2280, 2011-yil 7-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 45-46-son, 480-modda) bilan tasdiqlangan Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 13-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. 6-ustunda tekshirish turining toʻliq nomi (rejali tekshirish, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga muvofiq oʻtkaziladigan qisqa muddatli tekshirish, nazorat tartibida tekshirish, yuridik shaxs tugatilayotganda oʻtkaziladigan soliq tekshiruvi, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi (viloyat komissiyalari) bilan qoʻshimcha kelishuvsiz amalga oshiriladigan nazorat funksiyalari) va maqsadi koʻrsatiladi. Tekshirish turining nomi tekshirish oʻtkazish reja-jadvali va buyruqda koʻrsatilgan nomga, maqsadi esa — buyruqda koʻrsatilganiga muvofiq boʻlishi lozim.”.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Tadbirkorlik subyektlari va xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi va Huquqiy targʻibot va axborot boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A. Usmanov zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 6-iyun,
116-mh-son
Kelishilgan
Savdo-sanoat palatasi raisi v.v.b. A. IKRAMOV
2017-yil 5-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 23-son, 481-modda)