Keyingi yillarda mamlakatimizda chorvachilikni yanada rivojlantirish, qoramol va parrandalar bosh sonini barqaror oshirishni taʼminlashda davlat veterinariya xizmati tizimini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Davlat veterinariya xizmati boshqaruv tuzilmasini oqilona tashkil etish, ilmiy-laboratoriya, moddiy-texnik baza va kadrlar salohiyatidan samarali foydalanish hayvonlarni kasalliklardan saqlash, respublikamizga oʻta xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda, aholini odamlar va hayvonlar uchun umumiy boʻlgan kasalliklardan himoya qilishda hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashda muhim institutga aylanadi.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida olib borilgan rejali ishlar natijasida qoramollar soni 2,4 barobarga, qoʻy va echkilar soni 2 karraga, parrandalar soni 1,9-martaga oʻsishiga hamda goʻsht mahsulotlari hajmi 2,8 barobarga, sut 2,7-martaga, tuxum 3,3 barobarga oshishiga erishildi.
Shu bilan birga, davlat veterinariya xizmati amaldagi tizimining tahlili sohada bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligini koʻrsatmoqda, xususan:
davlat veterinariya xizmati sohasida ishlarning umumiy holati mamlakatimizning jadal surʼatlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish surʼatlaridan va hozirgi zamonning hayvonlar sogʻligʻi profilaktikasi hamda oʻz vaqtida va sifatli davolashni taʼminlashga qaratilgan zamonaviy talablardan sezilarli darajada ortda qolmoqda;
tarmoqda yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratilmagan, uning moddiy-texnika bazasi maʼnaviy va jismoniy jihatdan eskirgan;
hayvonlar kasalliklarini profilaktika qilish va davolashga ilmiy ishlanmalar va zamonaviy veterinariya dori vositalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, innovatsion usullarni amaliyotga joriy qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmayapti;
sohada kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish borasida ilmiy-tadqiqot va oliy oʻquv yurtlari bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilmagan.
Veterinariya sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, epizootik barqarorlik va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash, veterinariya servis xizmatlari sifatini oshirish va davlat veterinariya xizmatini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarni hal qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi tashkil etilib, uning quyidagi asosiy vazifa va yoʻnalishlari belgilandi:
veterinariya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish va davlat dasturlarini ishlab chiqish, meʼyoriy-huquqiy tartibga solishni taʼminlash, mazkur sohada davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻzaro samarali hamkorligini muvofiqlashtirish;
hayvonlar yuqumli kasalliklari tarqalishining oldini olish, tezkor aniqlash, tashxis qoʻyish va epizootik barqarorlikni taʼminlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini monitoring qilish;
hayvonlarni turli kasalliklardan saqlash, hayvonlardan olinadigan mahsulot va xomashyolar xavfsizligini taʼminlash sohasida idoraviy va ishlab chiqarish xizmatlari, shuningdek, xususiy veterinariya faoliyatini muvofiqlashtirish;
veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarning sifati hamda muomalasi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot ishlari yoʻnalishlarini belgilash, fundamental, amaliy va innovatsion ishlanmalarni veterinariya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtirish va bu maqsadlarda xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda ilgʻor texnologiya va tajribalarni veterinariya sohasiga joriy qilish va boshqalar.
Davlat veterinariya qoʻmitasi zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish mexanizmlari, shuningdek, hayvonlarni identifikatsiya qilish va roʻyxatga olishning takomillashtirilgan tizimi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.
Veterinariya sohasida ilmiy-tadqiqotlar hajmi, koʻlami va sifatini oshirish maqsadida mazkur farmonga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tasarrufidagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti Davlat veterinariya qoʻmitasi tizimiga oʻtkazildi;
Respublika davlat veterinariya laboratoriyasi, Hayvonlarning oʻta xavfli kasalliklari davlat laboratoriyasi va Parranda kasalliklari boʻyicha davlat veterinariya laboratoriyasi tugatilib, ularning negizida Respublika hayvonlar kasalliklari diagnostikasi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazi tashkil etildi;
Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarning sifatini nazorat qilish davlat laboratoriyasi Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalari sifati va muomalasi nazorati boʻyicha davlat ilmiy markaziga aylantirildi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi va boʻlinmalarining tuzilmasi, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikas� davlat veterinariya xizmati faoliyatini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi, dasturda quyidagi vazifalar:
veterinariya qonunchiligini takomillashtirish va unga amal qilinishi ustidan nazorat oʻrnatish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Davlat veterinariya xizmatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
veterinariya sohasida qoʻllaniladigan asbob-uskunalar va veterinariya dori vositalari ishlab chiqarish boʻyicha mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangilarini joriy etish;
amaldagi diagnostika usullari va vositalarini, hayvonlarni davolash va profilaktika qilishni takomillashtirish hamda aholini xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni va qarorining amaliyotga tatbiq etilishi:
birinchidan, veterinariya sohasida yagona davlat siyosatini yuritishga;
ikkinchidan, veterinariya amaliyotining fan bilan oʻzaro samarali va faol hamkorligini taʼminlashga;
uchinchidan, mavjud kadrlar salohiyatining mustahkamlanishi va yuqori malakali kadrlar zaxirasini yaratishga;
toʻrtinchidan, hayvonlar sogʻligʻi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashda soha faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga mustahkam zamin yaratadi.