Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahrida koʻp tarmoqli muz kompleksini qurishni tashkil etish toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Xalqaro talab va standartlarni hisobga olgan holda, sportning olimpiya turlarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, shuningdek, jismonan va maʼnan rivojlangan oʻsib kelayotgan avlodni shakllantirishning muhim sharti sifatida, bolalarning sifatli dam olishini taʼminlash va bolalar ommaviy sportini rivojlantirish, ularga sogʻlom turmush tarzi va sportga muhabbat hissini singdirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi aholisining keng qatlamlari oʻrtasida qishki sport turlarini faol targʻib qilish va ommalashtirish maqsadida:
1. “Oʻzbekneftgaz” MXK, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligining 2017-2018-yillarda Toshkent shahar Chilonzor tumanining Olmazor va Beshyogʻoch koʻchalari kesishuvida joylashgan, xalqaro talab va standartlarga javob beradigan “Numo Arena” koʻp tarmoqli muz kompleksini qurish boʻyicha loyihani (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Qator tashkilotlar, jumladan, xorijiy tashkilotlarning Toshkent shahridagi “Numo Arena” koʻp tarmoqli muz kompleksi qurilishini tashkil qilishda ishtirok etish haqidagi tashabbuslari maʼqullansin.
3. Loyihani amalga oshirish doirasida:
“Wind Rose” MChJ (Oʻzbekiston) — buyurtmachi;
“Enter Engineering Pte.Ltd” kompaniyasi (Singapur) — bosh pudrat tashkiloti;
“Neerim Architects & Planners Co., Ltd” kompaniyasi (Janubiy Koreya) — bosh loyiha tashkiloti;
buyurtmachining oʻz mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalari — moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
4. Loyihani amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida:
loyiha-smeta hujjatlarini bir bosqichli tartibda (ishchi loyiha) ishlab chiqish;
loyihalashtirish bilan bir vaqtda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat etilsin.
5. Toshkent shahrida koʻp tarmoqli muz kompleksini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha ilovaga muvofiq tarkibdagi Ishchi guruhi tashkil etilsin, uning zimmasiga loyihani amalga oshirish va uni 2018-yilning uchinchi choragida foydalanishga topshirish bilan bogʻliq kompleks masalalarni oʻz vaqtida, tezkor hal etish borasida vazirlik hamda idoralarning ishi va oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Loyihani amalga oshirish doirasida:
buyurtmachi — homiylardan “Numo Arena” koʻp tarmoqli muz kompleksini qurish uchun olingan daromad soligʻi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari — bosh pudrat tashkiloti va bosh loyiha tashkiloti tomonidan bajarilgan ishlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshimcha qiymat soligʻidan;
buyurtmachi, bosh pudrat tashkiloti va subpudrat tashkilotlari belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha jumladan, “vaqtinchalik olib kirish” bojxona rejimida olib kelinadigan maxsus texnika, uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, material va mexanizmlar uchun 2020-yil 1-yanvargacha bojxona toʻlovlaridan;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan subpudratchilar va yetkazib beruvchilar tomonidan buyurtmachi, bosh pudratchi va bosh loyiha tashkilotlariga sotiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) qoʻshimcha qiymat soligʻidan;
bosh pudrat va bosh loyiha tashkiloti loyihani amalga oshirish doirasida doimiy muassasa sifatida va toʻlov manbalari orqali olinadigan daromad soligʻi (shu jumladan sof daromad soligʻidan), shuningdek, loyihani amalga oshirish doirasida foydalaniladigan mulk soligʻidan ozod etilsin;
buyurtmachining xorijiy xodimlari, bosh loyiha, bosh pudratchi va ularning subpudratchi tashkilotlari loyihani amalga oshirish doirasida jismoniy shaxslarning daromad qismidagi daromad soligʻidan ozod qilinsin.
7. Belgilansinki, loyihani amalga oshirish doirasida:
loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan jismoniy shaxslarga beriladigan bepul ovqat qiymati yagona ijtimoiy toʻlov, jismoniy shaxslar daromad soligʻi va fuqarolarning sugʻurta badallarini hisoblashda soliq solinadigan obyektga kiritilmaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy muassasalar orqali faoliyat yuritadigan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari uchun jismoniy shaxslar daromad soligʻini hisoblashda loyihani amalga oshirish doirasida taqdim etiladigan xayriya mablagʻlari miqdori hisoblab chiqariladigan sarf-xarajatlarga kiradi.
8. “Numo Arena” koʻp tarmoqli muz kompleksini qurish loyihasini amalga oshirish doirasida:
loyihani amalga oshirishga jalb etilgan xorijiy fuqarolarning yashashi (joylashishi) uchun koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida toʻlashga ruxsat etilsin.
9. Buyurtmachi xorijiy va Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida pul shaklidagi xayriya mablagʻlarini, shuningdek, tovarlar, ishlar va xizmatlarni olish huquqiga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
10. Loyihani amalga oshirish davrida “Numo Arena” koʻp tarmoqli muz kompleksi quriladigan hududda loyiha doirasida vaqtinchalik yuklarni rasmiylashtirish bojxona omboridan foydalanishni tashkil etishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.
11. Toshkent shahar hokimligi vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda “Numo Arena” koʻp tarmoqli muz kompleksini qurish davrida, shuningdek, undan keyinchalik foydalanish uchun mavjud muhandislik tarmoqlariga (elektr taʼminoti, tabiiy gaz, markaziy isitish tizimi, issiq va sovuq suv, markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimi) ulanish va ulardan toʻliq yoki qisman foydalanish, shu jumladan, infratuzilma obyektlariga xizmat koʻrsatish uchun tabiiy gazdan foydalanishni taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi buyurtmachining talabnomalariga koʻra, mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirishni taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi buyurtmachining talabnomalariga koʻra, ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan, koʻp martalik kirish vizalari berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi buyurtmachining talabnomalariga koʻra, mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar boʻlmagan taqdirda) Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalar berishni (muddatini uzaytirishni), shuningdek, ularga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazsin va obyektni qurishda qurilish-montaj ishlari bajarilishining sifati ustidan tegishli arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-may,
PQ-2964-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 21-son, 383-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2017-y., 06/17/5207/0139-son; 10.07.2019-y., 07/19/4388/3400-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)