OʻZBEKISTON STANDARTLAShTIRISh, METROLOGIYA VA SERTIFIKATLAShTIRISh AGENTLIGI BOSh DIREKTORINING
buyrugʻi
Muvofiqlikni baholash sohasida xodim sifatida ishtirok etishga talabgor boʻlgan mutaxassislarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 12-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2748-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi va “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisidagi”gi qonunlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2015-yil 11-dekabrdagi 697-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2748, 2015-yil 30-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 52-son, 656-modda) bilan tasdiqlangan Muvofiqlikni baholash sohasida xodim sifatida ishtirok etishga talabgor boʻlgan mutaxassislarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bosh direktor A. XAITOV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-aprel,
215-son
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktorining 2017-yil 11-apreldagi 215-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Muvofiqlikni baholash sohasida xodim sifatida ishtirok etishga talabgor boʻlgan mutaxassislarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan
oʻzgartirishlar
1. 4-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Oliy maʼlumotli, muvofiqlikni baholash sohasida mutaxassisligi boʻyicha 3 yildan kam boʻlmagan umumiy mehnat stajiga, shu jumladan soʻralgan sohada mutaxassisligi boʻyicha 1 yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlgan mutaxassislarni sertifikatlashtirishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda laboratoriya mutaxassislari uchun oliy maʼlumot talab etilmaydi.”.
2. 9-bandning uchinchi xatboshisidagi “oliy maʼlumot” degan soʻzlar “oʻrta maxsus, kasb-hunar yoki oliy maʼlumot” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 19-son, 352-modda)