Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Respublika farmatsevtika sanoatini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Soʻnggi yillarda farmatsevtika sohasida mahalliy dori vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilganligini taʼkidlab oʻtish lozim. 2010 — 2016-yillarda ushbu sohada 501,9 mln dollar investitsiya, shu jumladan, 135,6 mln dollar miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri chet el investitsiyalari oʻzlashtirildi, 99 ta yangi sanoat obyektlari ishga tushirildi. Natijada mahalliy dori vositalarining ulushi ichki bozordagi umumiy hajmga nisbatan 55 foizdan oshdi. Mamlakatimizdagi korxonalar tomonidan 2000 turdan koʻproq dori vositalari ishlab chiqariladi, ularni mahalliylashtirishning oʻrtacha darajasi 62 foizni tashkil etadi.
Shu bilan birga, mahalliy xomashyodan keng foydalangan holda mamlakatimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlari importini qisqartirishning talaygina rezervlari mavjud.
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonini yanada chuqurlashtirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, ichki bozorni mahalliy xomashyo resurslari negizida ishlab chiqarilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan toʻldirish, farmatsevtika sanoatini har tomonlama va jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “Oʻzfarmsanoat” DAK, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda:
Keyingi tahrirga qarang.
import qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 211-moddasining 6-bandida nazarda tutilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyoz joriy etilmaydigan dori vositalari Roʻyxatini yangilash boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-fevraldagi 49-sonli qarori bilan tuzilgan Ishchi guruhiga har chorakda takliflar kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Hisobot davri yakunlari boʻyicha tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishdan olinadigan tushum ulushi umumiy realizatsiya hajmining kamida 60 foizini tashkil etadigan shunday buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tashkilotlar 2021-yilning 1-yanvariga qadar foyda soligʻi va mol-mulk soligʻi, mikrofirmalar hamda kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi, Respublika yoʻl jamgʻarmasi majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod qilinsin.
3. 2021-yil 1-yanvarga qadar dori vositalarini ishlab chiqarish uchun moʻljallangan xomashyoni import qilishda undiriladigan bojxona toʻlovi va aksiz soligʻiga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 211-moddasining 6-bandida nazarda tutilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyoz tatbiq etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzfarmsanoat” DAK manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 20-aprel,
PQ-2911-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 18-son, 315-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2019-y., 06/19/5794/3669-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)