Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A. Ikramovning “Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturining tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlashga, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari ishining samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlari bajarilishining borishi toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4 va 10-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A. Ikramovning “Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturining tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlashga, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari ishining samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlari bajarilishining borishi toʻgʻrisida”gi axborotini eshitdi.
Qonunchilik palatasi shuni taʼkidlaydiki, Oʻzbekistonda aholi uchun zarur ijtimoiy, maishiy va tibbiy shart-sharoitlar yaratish, oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, sogʻlom va barkamol avlodning dunyoga kelishi va tarbiyalanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Davlat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlashga, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari ishining samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Olib borilgan ishlar shundan dalolat beradiki, “Sogʻlom ona — sogʻlom bola” konsepsiyasining bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida keyingi besh yil ichida mamlakatimizda onalar oʻlimi har 100 ming nafar yangi tugʻilgan chaqaloq hisobiga 23,1 nafardan 19 nafarga, 5 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimi 14,8 nafardan 13,9 nafarga, chaqaloqlar oʻlimi 11 nafardan 10,7 nafarga kamaydi. Mazkur koʻrsatkichlar boʻyicha Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ming yillik rivojlanish maqsadlariga toʻla erishdi.
Faqat 2016-yilning birinchi choragida Davlat dasturi doirasida 1,3 trln soʻmga yaqin miqdordagi mablagʻ sarflanib, bu mablagʻlar oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlashga, onalar hamda bolalarni tibbiy parvarishlash darajasi va sifatini oshirishga yoʻnaltirildi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan vazifalarni bajarish uchun “Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarning tashkil etilishi va oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazorat amalga oshirilmoqda.
“Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturida oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilishga, xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilishga, ularning sogʻlom bola tarbiyalashdagi, oila institutini mustahkamlashdagi rolini oshirishga taalluqli qonun hujjatlari va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish boʻyicha qator tadbirlar belgilandi.
Shu bilan bir qatorda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi shuni taʼkidlaydiki, joylarda “Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturining ayrim tadbirlarini bajarish belgilangan muddatlardan orqada qolmoqda, chunonchi, tibbiyot muassasalarini, shu jumladan oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarini rekonstruksiya qilish, butkul va joriy taʼmirlash, jihozlar bilan taʼminlash va toʻla jihozlash, ularning moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalarida tegishli davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish yetarlicha emasligi bilan bogʻliq muammolar bor. Tibbiyot muassasalarining zamonaviy tibbiy asbob-uskunalardan foydalanishi borasida, shuningdek tibbiy yordamdan foydalanish va uning sifatini oshirish masalalarida foydalanilmagan rezervlar mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A. Ikramovning “Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturining tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlashga, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari ishining samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlari bajarilishining borishi toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A. Ikramovning “Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturining tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlashga, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari ishining samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlari bajarilishining borishi toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
“Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarning toʻliq hajmda bajarilishini taʼminlash;
“Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturining tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlashga, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari ishining samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlari bajarilishining borishini tizimli asosda monitoring qilish;
tibbiy yordam sifatini, undan foydalanish imkoniyatini oshirish hamda tibbiyot muassasalarining, shu jumladan oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarining kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish;
“Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturida oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilishga, xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilishga, ularning sogʻlom bolani tarbiyalashdagi, oila institutini mustahkamlashdagi rolini oshirishga taalluqli qonun hujjatlari va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish boʻyicha tadbirlarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
“Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturida belgilangan tadbirlarni bajarish nazarda tutilgan muddatlaridan orqada qolishini bartaraf etish va orqada qolishga yoʻl qoʻymaslik chora-tadbirlarini koʻrsin;
tibbiyot muassasalarini, shu jumladan oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarini rekonstruksiya qilish, butkul va joriy taʼmirlash, jihozlar bilan taʼminlash va toʻla jihozlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalarini hal etishga alohida eʼtibor qaratsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning sogʻlom bola va barkamol avlodni tarbiyalashdagi rolini oshirish sohasidagi qonun hujjatlarini inventarizatsiya qilish boʻyicha ishlarni davom ettirsin hamda uning natijalariga koʻra qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflar tayyorlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlar birlashmalari va deputatlari “Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisida aholi oʻrtasida axborot-tushuntirish ishlarini kuchaytirsin.
6. Ushbu qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 28-iyul,
505-III-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-y., 7-son, 189-modda)