8-ILOVA
Kommunal soha mamlakatimiz hududiy infratuzilmasining eng muhim tarkibiy qismini tashkil etadi, uning faoliyati esa odamlarimizning munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantiradi, uy-joylar va aholi punktlarining har jihatdan shinam va qulay boʻlishini taʼminlaydi.
Mazkur sohaning taraqqiyot darajasi va faoliyat samaradorligi aholining shunga mos hayot sifatini shakllantiradi, turmush darajasi va hayot tarzini aks ettiradi, iqtisodiy salohiyatni yanada yuksaltirish omillaridan biri boʻlib xizmat qiladi. Bularning barchasi oʻzaro bogʻliq boʻlib, sifatli xizmat — sogʻlom jamiyat garovidir.
Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Respublikamizda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirishga oid muhim ustuvor yoʻnalishlar, dastur va loyihalarning izchil amalga oshirilishi shahar va tumanlarda, jumladan, qishloq joylarda markazlashtirilgan ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlarini sezilarli ravishda yaxshilash imkonini berdi.
Faqat 2011 — 2016-yillarda mamlakatimizda qariyb 13 ming kilometrdan iborat yirik suv quvurlari va tarmoqlari, bino va inshootlarda 1 ming 600 dan ortiq suv chiqarish quduqlari, shuningdek, 1 ming 400 ta suv minorasi va rezervuari qurildi hamda rekonstruksiya qilindi.
Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlarining grant va kreditlarini jalb etish hisobidan ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmagan koʻplab aholi punktlari talabga javob beradigan ichimlik suvi taʼminoti bilan qamrab olindi.
Shu bilan birga, ayrim aholi punktlarini, eng avvalo, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridagi aholi maskanlarini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashga oid qator muammolar hanuzgacha hal etilmasdan qolmoqda.
Yurtimizda oilalar va mahallalar soni muntazam koʻpayib, yuzlab yangi turar joy mavzelari, aholi punktlari barpo etilayotgani va shaharlarning kengayib borayotgani ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini tubdan yaxshilash borasida amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda. Bu chora-tadbirlar energiya va resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalar asosida suv chiqarish va kanalizatsiya-tozalash inshootlari, suv oʻtkazgichlar, nasos stansiyalari, taqsimlash uzellari, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qaratilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi toʻgʻrisida”gi qarori ana shu muhim vazifalarni hisobga olgan holda qabul qilingan va u aholining keng qatlamlari, ayniqsa, qishloq aholisi uchun yanada qulay va munosib ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, 2017 — 2021-yillarda mamlakatimizda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari koʻrsatish samaradorligini oshirish, isteʼmolchilarning barcha hududlarda sifatli ichimlik suvidan foydalanishini taʼminlashga qaratilgan.
Mazkur qaror bilan, xususan, quyidagi dastur va loyihalar tasdiqlanmoqda:
10,2 ming kilometr ichimlik suvi quvurlari va tarmoqlari, 1677 ta suv chiqarish qudugʻi, 1744 ta suv minorasi va rezervuari qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, 1440 dona nasos uskunasini oʻrnatish nazarda tutilayotgan tumanlar va aholi punktlari boʻyicha 2017 — 2021-yillarda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining yigʻma va manzilli parametrlari;
20 ta ichimlik suvi taʼminoti obyektini qurish va rekonstruksiya qilish, 302 kilometrdan iborat suv oʻtkazish va vodoprovod tarmoqlarini barpo etish boʻyicha yirik loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan 2017 — 2021-yillarda mintaqalararo ahamiyatga molik ichimlik suvi taʼminoti tizimlari va oʻta muhim obyektlarni barpo etish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha manzilli dastur;
xalqaro moliya institutlarining kreditlarini jalb etgan holda, respublikamiz hududlarida 36 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadigan 2017 — 2021-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda ichimlik suvi tarmoqlari va kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish manzilli dasturi.
Dasturni 2017 — 2021-yillarda moliyalashtirish uchun 4,8 trillion soʻm, jumladan, davlat budjetidan 2,2 trillion soʻm, xalqaro moliya institutlarining 2,6 trillion soʻm yoki 730,7 million dollar miqdoridagi mablagʻlari yoʻnaltiriladi.
Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va Dasturning amalga oshirilishini nazorat qilish uchun Idoralararo ishchi komissiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, qarorda “Toza ichimlik suvi” jamgʻarmasini tashkil etish nazarda tutilgan boʻlib, uning mablagʻlari mamlakatimizda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilishga, respublikamiz aholisi, ayniqsa, qishloq aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashga yoʻnaltiriladi.
Bundan tashqari, qarorda ichimlik suvi taʼminoti tizimi obyektlaridan yanada ishonchli foydalanish maqsadida har bir aholi punktidagi ichimlik suvi taʼminoti obyektlarini pasportlashtirish va ichimlik suvi taʼminoti tizimi obyektlarining elektron maʼlumotlar bazasini yaratish nazarda tutilgan.
Ushbu qarorning amalga oshirilishi:
birinchidan — shahar va tumanlar, qishloq va mahallalarda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini tubdan yaxshilash;
ikkinchidan — aholini markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti bilan qamrab olishni respublikamiz miqyosida 84 foizga, bir qator hududlarda esa 90 foizga yetkazish;
uchinchidan — aholi keng qatlamlari, ayniqsa, qishloq aholisi uchun yanada qulay va munosib ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.
Qisqacha aytganda, ushbu muhim hayotiy vazifalarning amalga oshirilishi mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, shahar va qishloqlarimizning yanada obod boʻlishi, xalqimizning hayot darajasi va sifati yuksalishiga xizmat qiladi.