OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan milliy valyutadagi bank kartalaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 19-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1850-2]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2021-yil 10-martdagi 28/19-sonli ““Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan milliy valyutadagi bank kartalaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1850-3, 03.04.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi PF–4848-son “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va 2017-yil 7-fevraldagi PF–4947-son “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 19-iyuldagi 16/2-son qarori (roʻyxat raqami 1850, 2008-yil 4-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 35-36-son, 359-modda) bilan tasdiqlangan Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan milliy valyutadagi bank kartalaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi v. v. b. S. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-mart,
6/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 18-martdagi 6/5-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan milliy valyutadagi bank kartalaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yakka tartibdagi tadbirkor bank kartasining saqlovchisi — emitent bilan shartnoma asosida bank kartasidan foydalanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor;”.
2. 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Yakka tartibdagi tadbirkor bank kartalaridan ishlab chiqarish, savdo, xizmat koʻrsatish, ishlarni bajarish faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan, shuningdek boshqa har qanday xarajatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishi mumkin.”.
3. 8-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
4. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Yakka tartibdagi tadbirkor bank kartalaridan ishlab chiqarish, savdo, xizmat koʻrsatish, ishlarni bajarish faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan, shuningdek boshqa har qanday xarajatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirganda tegishli toʻlovni terminal orqali qabul qilgan xizmatchining imzosi va “toʻlandi” muhri qoʻyilgan schyotlar, kvitansiyalar, bankomat, infokiosk va terminal kvitansiyalari (slip, terminalning elektron hujjati) hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa hujjatlar hisobot hujjatlari boʻlib xizmat qiladi.”.
5. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2017-yil 18-mart
Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi Bosh direktori S. ABDULLAYEV
2017-yil 18-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 16-son, 279-modda)