Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AVTOMOBILLAR TOʻXTASh JOYLARI FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-apreldagi 63-sonli “Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Avtomobillar toʻxtash joylari faoliyatini takomillashtirish va avtotransportni vaqtincha saqlash xizmatlari koʻrsatish (toʻxtash joyi) uchun toʻlov undirishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining avtotransport qisqa muddat saqlanadigan mavjud avtomobillar toʻxtash joylarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2000-yil 1-yanvargacha avtotransport qisqa muddat saqlanadigan barcha mavjud avtomobillar toʻxtash joylari tender asosida xususiylashtirilishini va tushgan mablagʻlar belgilangan tartibda taqsimlanishini taʼminlasin.
2. Belgilansinki:
avtomobillar toʻxtash joyidagi mol-mulk xususiylashtirish obyekti hisoblanadi, yer uchastkalari esa kapital qurilish qilmasdan foydalanish muddatlarini uzaytirish huquqi bilan 5 yilgacha muddatga foydalanishga beriladi;
avtotransport qisqa muddat saqlanadigan avtomobillar toʻxtash joylari yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi va oʻz faoliyatini shaharlar va tumanlar hokimliklarining avtomobillar toʻxtash joylariga avtotransportni vaqtincha saqlash xizmatlari koʻrsatish (toʻxtash joyi) huquqini berish toʻgʻrisidagi taqdimnomasiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarorlari asosida amalga oshiradi. Koʻrsatib oʻtilgan qarorlar rasmiylashtirganligi uchun eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorigacha bir martalik yigʻim undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi hududida avtotransport qisqa muddat saqlanadigan avtomobillar toʻxtash joylarini roʻyxatdan oʻtkazish va ularning faoliyati toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, 1999-yil 1-oktabrdan boshlab avtotransport qisqa muddat saqlanadigan xususiylashtirilgan avtomobillar toʻxtash joylari asosiy faoliyati boʻyicha mahalliy budjetga amaldagi soliqlar va yigʻimlar oʻrniga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadigan stavka boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq toʻlaydilar.
Avtotransport qisqa muddat saqlanadigan avtomobillar toʻxtash joylari uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkalarining cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi avtomobillar toʻxtash joylarida avtotransportni vaqtincha saqlash xizmatlari koʻrsatish (toʻxtash joyi) huquqi uchun qatʼiy belgilangan soliq va bir martalik yigʻim undirish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda:
avtomobillar toʻxtash joylari egallab turgan maydondan va ular joylashgan joydan kelib chiqqan holda avtomobillar toʻxtash joylari uchun qatʼiy belgilangan soliqning aniq stavkalarini belgilasinlar;
avtotransportni avtomobillar toʻxtash joylarida vaqtincha saqlash xizmatlari koʻrsatish (toʻxtash joyi) huquqi uchun bir martalik yigʻim miqdorini tasdiqlasinlar;
avtotransport qisqa muddat saqlanadigan avtomobillar toʻxtash joylari yuridik shaxs sifatida belgilangan tartibda qayta roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 12-avgust,
387-son
Oʻzbekiston Respublikasi hududida avtotransport qisqa muddat saqlanadigan avtomobillar toʻxtash joylarini roʻyxatdan oʻtkazish va ularning faoliyati toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida avtotransport qisqa muddat saqlanadigan avtomobillar toʻxtash joylarini roʻyxatdan oʻtkazish va ularning faoliyati tartibini belgilaydi.
1.2. Mazkur Nizomda avtotransport qisqa muddat saqlanadigan avtomobillar toʻxtash joylari deganda avtotransportni saqlash joylari aniq jismoniy yoki yuridik shaxslarga (avtomototransport vositalari egalariga) biriktirilmasdan aeroportlar, vokzallar, bozorlar, yirik savdo komplekslari, madaniy-ommaviy muassasalar va boshqa obyektlar yaqinida tashkil etilgan avtotransport vaqtincha saqlanadigan joylar tushuniladi.
1.3. Mazkur Nizomda quyidagilar avtomobillar toʻxtash joylari sifatida qaralmaydi:
a) jamoat garajlari — joylardagi davlat hokimiyati organlarining qarori yoki farmoyishi bilan ajratilgan yerlarda tashkil etiladigan, avtotransportni saqlash joylari oʻz faoliyatini shirkatlar, kooperativlar va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllar koʻrinishida amalga oshiradigan aniq jismoniy shaxslarga biriktirilgan, fuqarolarning transport vositalarini doimiy saqlash joylari;
b) yakka tartibdagi garajlar — joylardagi davlat hokimiyati organlarining qarori yoki farmoyishi bilan transport vositalari egalariga ajratilgan yerlarda, yashash joyi yaqinida ularning mablagʻlari hisobiga qurilgan fuqarolarning transport vositalarini saqlash inshootlari;
v) odatda, yoʻllar yaqinidagi boʻsh maydonlarda yoki yoʻllar chetida transport vositalarini qisqa muddat saqlash maqsadida tashkil etiladigan vaqtincha toʻxtash joylari, ular uchun yer maydoni maxsus ajratilmaydi, ularni tashkil etish esa arxitektura va DAN organlari bilan kelishgan holda joylardagi davlat hokimiyati organlarining qarorlari asosida amalga oshiriladi.
II. AVTOMOBILLAR TOʻXTASh JOYLARINI DAVLAT ROʻYXATIDAN OʻTKAZISh
2.1. Avtomobillar toʻxtash joylari joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkaziladi. Bitta avtomobillar toʻxtash joyi hududiy jihatdan alohida boʻlgan bir nechta maydonlarni (avtotransportni saqlash joylarini) tarkibiy boʻlinmalar sifatida oʻz tarkibiga kiritishi mumkin.
Ularga avtotransportni vaqtincha saqlash xizmatlari koʻrsatish (toʻxtash joyi) huquqini berish toʻgʻrisidagi qaror joylardagi davlat hokimiyati organlarining avtomobillar toʻxtash joylarini yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish va avtomobillar toʻxtash joylariga yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisidagi qarori mavjud boʻlgan taqdirdagina shaharlar va tumanlar hokimliklarining taqdimnomasiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2.2. Avtomobillar toʻxtash joylariga avtotransportni vaqtincha saqlash xizmatlari koʻrsatish (toʻxtash joyi) huquqini berish toʻgʻrisidagi qaror rasmiylashtirilganligi uchun eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida bir martalik yigʻim undiriladi va u mahalliy budjetga tushadi.
Avtotransportni vaqtincha saqlash xizmatlari koʻrsatish (toʻxtash joyi) huquqi uchun bir martalik yigʻimning aniq miqdorlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
2.3. Mulkdor tomonidan avtomobillar toʻxtash joyining ijaraga berilishiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda yoʻl qoʻyiladi.
Mulkdor tomonidan avtomobillar toʻxtash joyi yangi mulkdorga sotilganda mazkur Nizomning 2.2-bandida koʻrsatilgan bir martalik yigʻim undirilgan holda avtotransportni vaqtincha saqlash xizmatlari koʻrsatish (toʻxtash joyi) huquqi qaytadan rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. AVTOMOBILLAR TOʻXTASh JOYLARIGA NISBATAN QOʻYILADIGAN TALABLAR
3.1. Avtomobil toʻxtash joyi: qattiq qoplamaga ega boʻlishi, oʻralgan, yoritilgan, axlatlarni yigʻish uchun konteynyerlarga, yongʻinga qarshi vositalarga, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar uchun binolarga, yondosh koʻcha yoki yoʻllarga chiqiladigan (kirish va zaxira) darvoza yoki shlagbaumga ega boʻlishi kerak.
IV. AVTOMOBILLAR TOʻXTASh JOYLARIGA SOLIQ SOLISh TARTIBI
4.1. Avtotransport qisqa muddat saqlanadigan avtomobillar toʻxtash joylari mahalliy budjetga amaldagi soliqlar va yigʻimlar oʻrniga qatʼiy belgilangan soliq toʻlaydilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Avtomobillar toʻxtash joylari uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkalarining cheklangan miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Avtomobillar toʻxtash joylari uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkalarining aniq miqdorlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
Qatʼiy belgilangan soliqlar avtomobillar toʻxtash joylari tomonidan mahalliy budjetga har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 15-kunigacha toʻlanadi.
Budjetdan tashqari jamgʻarmalarga badallar avtomobillar toʻxtash joylari tomonidan umumiy belgilangan tartibda toʻlanadi.
4.2. 1.3-bandning “a” kichik bandida koʻrsatib oʻtilgan jamoat garajlari soliq va yigʻimlarni qonun hujjatlariga muvofiq toʻlaydilar.
4.3. 1.3-bandning “b” kichik bandida koʻrsatib oʻtilgan yakka tartibdagi garajlarning avtotransport vositalari egalari garajlari uchun band qilingan yer uchastkalari uchun yer soligʻi va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq mulk soligʻi toʻlaydilar.
4.4. 1.3-bandning “v” kichik bandida koʻrsatib oʻtilgan avtotransport toʻxtash joyidan foydalanganlik uchun avtotransport egalaridan avtotransport toʻxtash joyidan foydalanganlik uchun yigʻim undiriladi, u Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadigan tartibda tegishli mahalliy budjetlar daromadiga oʻtkaziladi.
Avtotransport toʻxtash joyidan foydalanganlik uchun yigʻim stavkasining cheklangan miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Avtotransport toʻxtash joyidan foydalanganlik uchun yigʻim stavkasining aniq miqdori Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
V. AVTOMOBILLAR TOʻXTASh JOYLARINING FAOLIYATI TARTIBI
5.1. Avtomobillar toʻxtash joylarida avtotransportni saqlaganlik uchun belgilangan namunadagi kvitansiya rasmiylashtirilgan, kvitansiya koreshogi berilgan holda avtomobillar toʻxtash joylari tomonidan belgilanadigan tariflar boʻyicha haq undiriladi.
5.2. Avtotransport saqlash uchun moʻljallangan avtomobillar toʻxtash joylarida avtotransport egalariga transport vositalariga texnika xizmati koʻrsatish va ularga qarab turish bilan bogʻliq, miqdori belgilangan tartibda tasdiqlanadigan alohida haq uchun xizmatlar koʻrsatilishi mumkin.
Bunday xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromadlarga umumiy belgilangan tartibda soliq solinadi.
5.3. Avtomobillar toʻxtash joylari tomonidan avtotransportni saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish naqd pulga amalga oshiriladi. Koʻrsatilgan xizmatlardan tushgan tushum avtomobillar toʻxtash joylari tomonidan (jamoat garajlari bundan mustasno) har kuni belgilangan tartibda, garajlar boʻyicha esa — xizmatlar uchun shartnomada nazarda tutilgan haq olinadigan muddatda inkassatsiya qilinadi.
VI. AVTOMOBILLAR TOʻXTASh JOYLARINING JAVOBGARLIGI
6.1. Avtomobillar toʻxtash joylari sanitariya va yongʻinga qarshi qoidalarga rioya qilinishi uchun, avtotransportning saqlanishi (mol-mulkning muhofaza qilinishi) uchun, shu jumladan, avtotransportning avtomobil toʻxtash joyida saqlash paytida oʻgʻirlanishi, qismlarining echib olinishi va shikastlanishi hollari uchun javob beradi.
6.2. Avtomobillar toʻxtash joylari nogironlar uchun maxsus jihozlangan kamida ikki joyni taʼminlashlari shart.
6.3. Avtomobillar toʻxtash joylari:
vaqtincha saqlash xizmatlari koʻrsatish (toʻxtash joyi) huquqi uchun yigʻimni va qatʼiy belgilangan soliqni toʻlamaganligi yoki oʻz vaqtida toʻlanmaganligi;
avtotransport saqlanishini taʼminlamaganligi;
avtomobillar toʻxtash joyining tegishlicha sanitariya va yongʻinga qarshi holatini, mazkur Nizomning 3.1-bandida belgilangan boshqa talablarni taʼminlamaganligi;
avtomobillar toʻxtash joylaridan maqsadli foydalanilmaganligi uchun avtotransportni vaqtincha saqlash xizmatlari koʻrsatish (toʻxtash joyi) huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
6.4. Avtotransportni vaqtincha saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish (toʻxtash joyi) huquqi uchun budjetga soliqlar va yigʻimlarni toʻlamaganligi va oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun avtomobillar toʻxtash joylari qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
6.5. Avtomobillar toʻxtash joyi:
tabiiy ofatlar (zilzila, dovul, suv toshqini va boshqalar)da avtotransportga shikast yetkazilganligi uchun;
avtomobil salonida turgan va uning butlovchi qismiga kirmaydigan shaxsiy buyumlarning saqlanishi uchun;
avtomobillar toʻxtash joyi hududidan chiqqandan keyin u avtotransportning saqlanishi boʻyicha daʼvo qilingan eʼtirozlar uchun javob bermaydi.
Avtotransport qisqa muddat saqlanadigan avtomobil toʻxtash joylari uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkalarining cheklangan miqdorlari
|
Avtomobillar toʻxtash joylari maydonlari |
Avtomobillar toʻxtash joylaridan bir oyda olinadigan qatʼiy belgilangan soliq stavkalarining cheklangan miqdorlari |
| 500 kv. metrgacha | eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorigacha |
| 500 dan 1000 kv. metrgacha | eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan 45 baravari miqdorigacha |
| 1000 dan 1500 kv. metrgacha | eng kam oylik ish haqining 45 baravaridan 70 baravari miqdorigacha |
| 1500 dan 2000 kv. metrgacha | eng kam oylik ish haqining 70 baravaridan 90 baravari miqdorigacha |
| 2000 dan 2500 kv. metrgacha | eng kam oylik ish haqining 90 baravaridan 115 baravari miqdorigacha |
| 2500 kv. metrdan ortiq | eng kam oylik ish haqining 115 baravaridan 140 baravari miqdorigacha |
| | |
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 8-son, 47-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 22—24-son, 159-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda; 2007-y., 4—6-son, 42-modda; 2009-y., 10-11-son, 115-modda, 25-son, 288-modda)