Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Umumiy oʻrta taʼlimga qoʻyilayotgan zamonaviy talablarni hisobga olgan holda umumiy oʻrta taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, umumiy oʻrta taʼlimning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi bilan uzviy aloqadorligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taʼlim va ilm-fan masalalari axborot-tahlil departamenti zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-mart,
140-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasida umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining (keyingi oʻrinlarda — umumtaʼlim muassasasi) faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari barcha umumtaʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Umumiy oʻrta taʼlimning muddati 9 yil boʻlib, uzluksiz taʼlim tizimining majburiy mustaqil turi hisoblanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi qonunlariga va mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Umumtaʼlim muassasalari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, ushbu Nizomga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek oʻz ustavlariga amal qiladi.
4. Umumtaʼlim muassasasi yuridik shaxs hisoblanadi va oʻz ustaviga, mustaqil balansiga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga (davlat taʼlim muassasalari uchun), bank hisob raqamlariga, oʻz nomi koʻrsatilgan muhrga (davlat umumtaʼlim muassasalarining muhrida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushiriladi), shtampga va blankalarga ega boʻladi.
5. Umumtaʼlim muassasasining ustavi belgilangan tartibda tasdiqlanadi va umumtaʼlim muassasasi mahalliy davlat hokimiyati organida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Umumtaʼlim muassasalarining namunaviy ustavi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Davlat umumtaʼlim muassasalarida umumiy oʻrta taʼlim olish bepul amalga oshiriladi.
7. Umumtaʼlim muassasasida taʼlim olish tilini tanlash Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Umumiy oʻrta taʼlimning maqsadi va vazifalari
8. Davlat taʼlim standartlariga muvofiq har bir shaxsning taʼlim va tarbiya olishdagi konstitutsiyaviy huquqini roʻyobga chiqarish umumiy oʻrta taʼlimning maqsadi hisoblanadi.
Umumiy oʻrta taʼlim oʻquvchilarga bilimlarning zarur hajmini beradi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba koʻnikmalarini rivojlantiradi, dastlabki tarzda kasbga yoʻnaltirishga va taʼlimning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi.
9. Umumiy oʻrta taʼlimning vazifalari quyidagilardan iborat:
oʻquvchilar tomonidan muntazam bilimlar olinishini taʼminlash, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirish, bazaviy oʻquv, ilmiy va umummadaniy bilimlarni shakllantirish;
oʻquvchilarda milliy hamda umumbashariy qadriyatlarni uygʻunlashtirish asosida yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, oʻz Vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirish;
taʼlimning uzluksizligini va izchilligini, umumtaʼlim muassasalari oʻquv dasturlarining oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquv dasturlari bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash;
Keyingi tahrirga qarang.
taʼlim-tarbiya jarayoniga oʻqitishning zamonaviy va innovatsion pedagogik uslublarini hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali taʼlim sifatini oshirish;
oʻquvchilarning individual ijobiy xususiyatlarini aniqlash, qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning yuksak darajada taʼlim-tarbiya olishlari, ijodiy imkoniyatlarini shakllantirish va rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratib berish;
mehnat qilish va mustaqil ijodiy fikrlash koʻnikmalarini shakllantirish, oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini ongli ravishda tanlash va kasbiy taʼlim dasturlarini oʻzlashtirishda koʻmaklashish.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Umumtaʼlim muassasalari umumiy oʻrta taʼlimning maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun zarur tashkiliy, oʻquv-uslubiy, moddiy-texnik va psixologik-pedagogik shart-sharoitlarni yaratib beradi.
3-bob. Umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish
11. Umumiy oʻrta taʼlim boshlangʻich taʼlim (I — IV sinflar) hamda umumiy oʻrta taʼlim (I — IX sinflar) bosqichlaridan iborat boʻlib, kunduzgi taʼlim shaklida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Boshlangʻich taʼlim oʻquvchilarda oʻqish, yozish, sanash, oʻquv faoliyatining asosiy malaka va koʻnikmalari, ijodiy fikrlash xislatlari, oʻzini oʻzi nazorat qilish, nutq va xulq-atvor madaniyati, shaxsiy gigiyena va sogʻlom turmush tarzi asoslarini egallashni taʼminlashga yoʻnaltiriladi.
13. Umumiy oʻrta taʼlim muntazam va tizimli bilimlar olinishini, keng dunyoqarash hamda ijodiy mustaqil fikrlash shakllantirilishini, oʻquvchining barkamol shaxs sifatida kamol topishini, uning qiziqishlari va ijodiy qobiliyatlarining rivojlantirilishini taʼminlaydi.
Umumiy oʻrta taʼlim umumtaʼlim muassasasi bitiruvchilariga yoʻnalishni ixtiyoriy tanlash asosida taʼlimni oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida davom ettirish huquqini beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Umumiy oʻrta taʼlim mazmuni oʻquv rejasi davlat va maktab komponentlardan iborat boʻladi.
Davlat komponentlari umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standarti bilan belgilanadi va oʻquvchilarning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida bilimlar asoslarini yanada puxta oʻrganish va kasb-hunar egallashi uchun yetarli boʻlgan zaruriy darajani belgilaydi.
Maktab komponentlari oʻquvchining ehtiyojlari va qobiliyatlaridan, maktabning moddiy-texnik va kadrlar bilan taʼminlanganlik darajasidan kelib chiqib belgilanadi.
15. Umumtaʼlim muassasalarining quyidagi turlari tashkil etilishi mumkin:
boshlangʻich maktab (oʻqitish muddati 4 yil: I — IV sinflar);
umumiy oʻrta taʼlim maktabi (oʻqitish muddati 9 yil: I — IX sinflar);
ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab (oʻqitish muddati 9 yil: I — IX sinflar);
ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internat (oʻqitish muddati 5 yil: V — IX sinflar);
Oldingi tahrirga qarang.
olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati (oʻqitish muddati 7 yil: V — XI sinflar);
(15-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi 410-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 09/18/410/1304-son)
jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab (maktab-internat) (oʻqitish muddati 9 (10) yil: I — IX (X) sinflar);
Keyingi tahrirga qarang.
sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat (oʻqitish muddati 9 yil: I — IX sinflar);
alohida sharoitlarda taʼminlash, tarbiyalash va taʼlim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab (oʻqitish muddati zaruriyatga koʻra).
Taʼlim turlarining uzviyligini taʼminlash maqsadida oʻquv-tarbiya majmualari tashkil etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalarga bevosita muassasaning oʻzida umumiy oʻrta taʼlim berish tashkil etiladi.
Davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalarga umumiy oʻrta taʼlim berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
17. Umumtaʼlim muassasalarida iqtidorli bolalarni izlash, tanlab olish va ularni ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalarida (sinflarida) oʻqitish boʻyicha aniq maqsadli ishlar amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab (maktab-internat), olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab (maktab-internat), sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat, alohida sharoitlarda taʼminlash, tarbiyalash va taʼlim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish tartibi va ular faoliyatining alohida xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi 410-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 09/18/410/1304-son)
19. Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan, alohida sharoitlarda yoxud uzoq muddat davolanishga muhtoj boʻlgan bolalarning taʼlim olishlari quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda (maktab-internatda);
sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatda;
inklyuziv (uygʻunlashgan) sharoitda yashash joylaridagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida;
uyda yakka tartibda;
davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda.
20. Olis (togʻli, choʻlli) aholi punktlarida yashovchi maktab yoshidagi bolalarning umumiy oʻrta taʼlim olishlarini tashkil etish maqsadida tegishli tuman (shahar) hokimliklarining qarori asosida umumtaʼlim muassasalarining filiallari tashkil etiladi.
Umumtaʼlim muassasalarining filiallarida oʻquvchilar soni 100 nafargacha boʻladi.
Boshqa umumtaʼlim muassasalariga yaqinligi hamda moddiy-texnik bazasining holatidan kelib chiqib, tuman (shahar) xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — xalq taʼlimi boshqaruv organlari) hamda tuman (shahar) hokimliklari moliya boʻlimlarining takliflariga koʻra, tegishli tuman (shahar) hokimliklarining qarorlari asosida oʻquvchilarining soni 180 nafargacha boʻlgan umumtaʼlim muassasalari ham filiallarga aylantirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Zaruriyatga koʻra, umumtaʼlim muassasalarida oʻquvchilarning yashashi va ovqatlanishi uchun lozim darajadagi shart-sharoitlar yaratiladi.
22. Oʻquvchilarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning (keyingi oʻrinlarda — ota-onalar) ehtiyojidan kelib chiqib, bolalarning taʼlim-tarbiyasiga koʻmaklashish maqsadida umumtaʼlim muassasalarida kuni uzaytirilgan guruhlar tashkil etilishi mumkin.
Kuni uzaytirilgan guruhlarning faoliyat koʻrsatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
23. Yangi oʻquv yilida umumtaʼlim muassasasida tashkil etiladigan sinflar soni muassasaning xarajatlar smetasida nazarda tutilgan koʻrsatkichlarga toʻgʻri kelmagan hollarda, hududiy xalq taʼlimi boshqaruv organlari va tuman (shahar) hokimliklari moliya boʻlimlarining roziligi bilan qoʻshimcha sinflar tashkil etiladi.
4-bob. Oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish va uning mazmuni
24. Oʻquv yili umumtaʼlim muassasalarida 2-sentabrdan kelgusi yilning 25-mayiga qadar davom etadi va toʻrtta chorakka boʻlinadi.
25. Oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:
oʻquv yilining davomiyligi — 34 hafta (I sinflar uchun 33 hafta);
Keyingi tahrirga qarang.
oʻquv haftasining davomiyligi — 6 kun (pedagogik kengashning qaroriga koʻra I sinflar uchun 5 kun);
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
dars mashgʻulotining davomiyligi — 45 daqiqa;
dars mashgʻulotlari oraligʻidagi tanaffusning davomiyligi — 5 — 10 daqiqa (oʻquv kuni oʻrtasidagi tanaffusning davomiyligi — 15 — 30 daqiqa).
Mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashgʻulotlari oʻtkazilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga toʻgʻri kelib qolgan dars mashgʻulotlarining mavzulari oʻquv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashgʻulotlarida oʻtkaziladi.
26. Oʻquv yili davomidagi taʼtillarning muddatlari quyidagicha belgilanadi:
kuzgi taʼtil — 4-noyabrdan boshlab 6 kalendar kun;
qishki taʼtil — 28-dekabrdan boshlab 14 kalendar kun;
bahorgi taʼtil — 21-martdan boshlab 7 kalendar kun;
yozgi taʼtil — oxirgi bosqichli nazorat sinovi oʻtkazilgan kundan (bosqichli nazorat oʻtkazilmaydigan sinflar uchun oʻquv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1-sentabrgacha.
Taʼtilning oxirgi kuni bayram (ishlanmaydigan) kunga toʻgʻri kelib qolgan taqdirda, dars mashgʻulotlari keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi.
I sinf oʻquvchilari uchun fevral oyi davomida qoʻshimcha bir haftalik taʼtil belgilanadi.
27. Umumtaʼlim muassasalarida yozgi taʼtil kunlari kunduzgi oromgohlar va maydonchalar tashkil etilishi mumkin.
28. Belgilangan meʼyorlar boʻyicha tegishli maydonga ega boʻlgan umumtaʼlim muassasasining sinflari toʻliqligi 35 nafardan ortib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Namunaviy loyihalar boʻyicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda joylashgan, oʻquvchilar soni yetarli boʻlmagan umumtaʼlim muassasalarida, olis (togʻli, choʻlli) aholi punktlarida joylashgan umumtaʼlim muassasalarida, shuningdek oʻzbek tilida oʻqitilmaydigan umumtaʼlim muassasalarida oʻquvchilar soni sinflarni toʻldirishning oʻziga xos shart-sharoitlaridan kelib chiqib, hududiy xalq taʼlimi boshqaruv organlari va tuman (shahar) hokimliklarining moliya boʻlimlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Kam komplektli umumtaʼlim muassasalarida (filiallarda) boshlangʻich sinf oʻquvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:
Keyingi tahrirga qarang.
oʻquvchilar soni 8 nafargacha boʻlgan I — IV sinflar;
oʻquvchilar soni 12 nafargacha boʻlgan uchta boshlangʻich sinf;
oʻquvchilar soni 24 nafargacha boʻlgan ikkita boshlangʻich sinf (I va III, II va IV sinflar).
29. Malakali oʻqituvchilar yetarli boʻlgan quyidagi hollarda sinfdagi oʻquvchilarni ikki guruhga boʻlib oʻqitishga ruxsat etiladi:
oʻquvchilar soni 25 nafar va undan ziyod boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining I — IX sinflarida “Chet tili” fani, ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida ixtisoslashgan fanlar, V — IX sinflarda “Informatika” va “Mehnat taʼlimi”, VIII — IX sinflarda “Jismoniy tarbiya”, taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining II — IX sinflarida “Oʻzbek tili” fani hamda taʼlim tili rus tili boʻlmagan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining II — IX sinflarida “Rus tili” fani boʻyicha.
Keyingi tahrirga qarang.
30. Umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquv-tarbiyaviy ishlar umumiy oʻrta taʼlimning tayanch oʻquv rejasi va umumiy oʻrta taʼlim dasturi asosida amalga oshiriladi.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan davlat taʼlim standartlari asosida yangi oʻquv yili uchun oʻquv reja va unga tushuntirish xati ishlab chiqiladi hamda har yili 1-iyunga qadar umumtaʼlim muassasalariga yetkazish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalariga yuboriladi.
33. Oʻquvchilarning sifatli bilim olishini va ularni umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlariga mos holda oʻqitish natijalarini nazorat qilishni taʼminlash maqsadida umumtaʼlim muassasalarida quyidagi nazorat turlari olib boriladi:
joriy nazorat — oʻquvchilarning bilim, koʻnikma va malakalarini muntazam ravishda nazorat qilish uchun soʻrovlar, nazorat ishlari yoki testlar koʻrinishida oʻtkaziladi;
oraliq nazorat — chorak yakunida oʻquvchilarning bilim, koʻnikma va malakalarini baholash uchun oʻquv dasturining bir qismi tugaganda amalga oshiriladi va u yozma nazorat ishi yoki testlar koʻrinishida olib boriladi;
bosqichli nazorat — oʻquv yili tugaganda ogʻzaki, yozma imtihon hamda test sinovlari koʻrinishida amalga oshirilib, unga asosan oʻquvchining yakuniy bahosi, reytingi aniqlanadi va oʻquvchini keyingi sinfga oʻtkazishga qaror qilinadi;
yakuniy nazorat — umumiy oʻrta taʼlim tugaganidan soʻng yakuniy davlat attestatsiyasi shaklida oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
“Chet tili” fanidan oʻquvchilarning oʻzlashtirish darajasi xalqaro baholash tizimi asosida aniqlanishi mumkin.
Umumtaʼlim muassasasi oʻquvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
34. Umumtaʼlim muassasalarining V — IX sinf oʻquvchilari tegishli fanlardan bosqichli nazoratlarni muvaffaqiyatli topshirganlaridan soʻng keyingi sinfga oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi va umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi qarori bilan oʻquvchilar yakuniy davlat attestatsiyasi va bosqichli nazoratdan ozod etilishi mumkin.
Oʻquvchilarga sinfdan sinfga koʻchirish imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod boʻlish huquqini beruvchi kasalliklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Oʻquvchilarning xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari hamda boshqa koʻrik-tanlovlardagi ishtiroki yakuniy davlat attestatsiyasi va bosqichli nazorat muddatlariga toʻgʻri kelib qolgan taqdirda, ular tegishli yakuniy davlat attestatsiyasi va bosqichli nazoratlardan ozod etiladi.
Ularning bilimlarini yakuniy baholash va reytingini aniqlash yillik baholar asosida amalga oshiriladi.
36. Umumtaʼlim muassasasini tugatgan bitiruvchilarga davlat namunasidagi umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma, VIII — IX sinflardagi oʻqishi davrida faqat aʼlo koʻrsatkichlarga va namunali xulqqa ega boʻlgan, yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga esa aʼlo darajali shahodatnoma beriladi.
Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomaning davlat namunasini tasdiqlash va uni berish tartibini belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Davlat taʼlim standartlari doirasida umumiy oʻrta taʼlim dasturlarini mustaqil oʻzlashtirgan oʻquvchilarga eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish huquqi beriladi. Yakuniy davlat attestatsiyasini eksternat tartibida muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga davlat namunasidagi shahodatnoma beriladi.
Eksternat toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
38. Umumtaʼlim muassasalaridagi oʻquv-tarbiya jarayoni bilan bogʻliq boshqa masalalar (dars jadvalini shakllantirish, haftalik oʻquv yuklama) umumiy oʻrta taʼlimning davlat standartiga asosan ishlab chiqilgan oʻquv rejaga muvofiq belgilanadi.
5-bob. Umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilish
39. Maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida umumtaʼlim muassasasi pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) roʻyxatga olish orqali amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Umumtaʼlim muassasalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va hududiy xalq taʼlimi boshqaruv organlari maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga, umumtaʼlim muassasasi bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻradi.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Umumtaʼlim muassasasi rahbariyati mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.
Maktab yoshidagi bolalarni umumtaʼlim muassasasiga jalb etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Umumtaʼlim muassasalarining I sinfiga 6-7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
Tegishli yilning 31-avgustiga qadar 6,5 yoshga toʻlmagan, I sinfda oʻqish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumtaʼlim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda oʻqishga jismonan va ruhan tayyorlash boʻyicha tushuntirish ishlari olib boradi.
Maktab yoshidagi bolalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
43. Bolalarni umumtaʼlim muassasasining I sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan quyidagi hujjatlar topshiriladi:
ota-onalar tomonidan umumtaʼlim muassasasi direktori nomiga ariza;
ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) nusxasi (doimiy propiskasi yoki turgan joyi boʻyicha hisobga olinganligi haqidagi qayd yozuvi koʻrsatilgan holda);
Keyingi tahrirga qarang.
bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;
Keyingi tahrirga qarang.
bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy maʼlumotnoma;
bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
44. Bolalar umumtaʼlim muassasasining I sinfiga tayyorgarlik darajasidan qatʼi nazar, tanlovsiz qabul qilinadi, musiqa va sanʼatga ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari bundan mustasno.
45. Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylari hamda musiqa va sanʼatga ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalariga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
46. Oʻqishga qabul qilinayotgan bolalarning ota-onalari umumtaʼlim muassasasi ustavi, ichki tartib-qoidalari va taʼlim-tarbiya jarayonini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar bilan tanishtirilishi lozim.
Umumtaʼlim muassasasida hujjatlarni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
47. Umumtaʼlim muassasasi rahbariyati har yili iyun — avgust oylarida oʻqishga qabul qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur choralarni koʻradi.
48. Xorijiy fuqarolarni umumtaʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
49. Ota-onalar farzandlarini oʻquv yili davomida yoki u tugaganidan keyin bir sinfdan boshqa sinfga yoki bir umumtaʼlim muassasasidan boshqasiga oʻtkazish huquqiga ega.
Oʻquvchilarni sinfdan sinfga, bir umumtaʼlim muassasasidan boshqasiga oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
6-bob. Oʻquvchilar sogʻligʻini muhofaza qilish
50. Oʻquvchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish umumtaʼlim muassasalariga tibbiyot muassasalari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot xodimlari maktab rahbariyati va pedagog xodimlar bilan bir qatorda davolash-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va sifatiga, oʻquvchilarni tibbiy koʻrikni oʻtkazish va sogʻlomlashtirish uchun masʼuldirlar.
51. Umumtaʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimlarining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus joy, mebel va tibbiy jihozlar, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan dori-darmonlar) yaratib beriladi.
52. Umumtaʼlim muassasasi oʻquvchilarini har yilgi tibbiy koʻrikdan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
53. Umumtaʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya jarayonini psixologik jihatdan taʼminlash psixologlar tomonidan amalga oshiriladi.
54. Ogʻzaki nutq nuqsonlari va tovush talaffuzida kamchiliklari boʻlgan oʻquvchilarga korreksion-logopedik yordam berish maqsadida umumtaʼlim muassasasida oʻqituvchi-logopedlar (defektologlar) faoliyat yuritadigan logopediya shoxobchasi tashkil etilishi mumkin.
Logopediya shoxobchasining tashkil etilishi va faoliyat koʻrsatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
7-bob. Pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
55. Tegishli maʼlumoti, kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega.
Pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish sud hukmiga asosan man etilgan shaxslarning umumtaʼlim muassasalarida bu faoliyat bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
56. Pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, kasb mahoratining raqobatbardosh darajada saqlab turilishi xalq taʼlimi boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etiladi va nazorat qilinadi.
57. Umumtaʼlim muassasasi pedagogik jamoa aʼzolari oʻqitish yoʻnalishlari (tabiiy, aniq, gumanitar, ijtimoiy va boshqa fanlar) boʻyicha uslubiy birlashmalarga birlashadilar.
58. Umumtaʼlim muassasalari oʻqituvchilarining (oʻquv fanlari va soatlari boʻyicha) vazifasini vaqtincha bajarib turish tartibi hamda xodimlarining sinfdan tashqari faoliyatini tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
59. Umumtaʼlim muassasasi rahbariyati oʻqituvchilarning obroʻ-eʼtibori va ijtimoiy maqomini, ularning masʼuliyati va kasb mahoratini oshirish boʻyicha aniq yoʻnalishli ishlarni amalga oshiradi, ularning tizimli ravishda malaka oshirishlari va oʻz ustida ishlashlari, taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek yangi oʻquv dasturlari joriy etilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
8-bob. Umumiy oʻrta taʼlimni boshqarish
60. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi umumiy oʻrta taʼlimni boshqarish boʻyicha maxsus vakolat berilgan organ hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, xalq taʼlimi boshqaruv organlari hamda boshqa tashkilotlar tashkil etadi.
Hududiy xalq taʼlimi boshqaruv organlari ikki tomonlama — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga hamda tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, Toshkent shahar, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklariga boʻysunadi.
Keyingi tahrirga qarang.
61. Vazirlik va idoralar tizimidagi umumtaʼlim muassasalari bevosita tegishli vazirlik va idoraga boʻysunadi.
62. Vazirlik va idoralar tizimidagi umumtaʼlim muassasalari ularni joylashtirish uchun tegishli bino, moddiy-texnik baza (mebel, oʻquv-laboratoriya jihozlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sport anjomlari va boshqalar) hamda malakali rahbar xodimlar va pedagoglar mavjud boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq tashkil etiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimidagi umumtaʼlim muassasalari mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga muvofiqligi taʼminlangan holda, ularni joylashtirish uchun tegishli bino, moddiy-texnik baza (mebel, oʻquv-laboratoriya jihozlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sport anjomlari va boshqalar) hamda malakali rahbar xodimlar va pedagoglar mavjud boʻlganda, tegishlicha viloyat yoki tuman (shahar) hokimliklarining qaroriga muvofiq tashkil etiladi.
Nodavlat taʼlim muassasalari muassis (taʼsischi) tomonidan tashkil etiladi va qonun hujjatlariga muvofiq beriladigan litsenziya asosida faoliyat yuritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
63. Umumtaʼlim muassasasiga bevosita rahbarlik tegishli xalq taʼlimi boshqaruv organi tomonidan tayinlangan direktor tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Umumtaʼlim muassasasi direktori muassasaning tashkiliy-huquqiy, oʻquv-tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy va moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining tashkil etilishiga bevosita masʼul hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Umumtaʼlim muassasasi direktori har chorakda kamida bir marta oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni tegishli fuqarolar yigʻiniga taqdim etadi.
(63-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-fevraldagi 134-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2018-y., 09/18/134/0809-son)
Keyingi tahrirga qarang.
64. Nodavlat taʼlim muassasalaridagi hamda idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, barcha davlat umumtaʼlim muassasalaridagi oʻquv-tarbiya jarayoniga uslubiy rahbarlik Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va xalq taʼlimi boshqaruv organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
65. Umumtaʼlim muassasalarida pedagogik va metodik kengashlar tuziladi. Umumtaʼlim muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayonini takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazani mustahkamlash va faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish, taʼlim jarayoni ishtirokchilarining oʻzaro hamkorligini kuchaytirish maqsadida vasiylik kengashlari tuzilishi mumkin. Pedagogik, metodik va vasiylik kengashlarining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
66. Pedagogik kengash umumtaʼlim muassasasida oʻquv-tarbiya jarayonining tashkil etilishida oliy boshqaruv organi hisoblanadi.
67. Umumtaʼlim muassasasida qonun hujjatlariga muvofiq oʻquvchilarning jamoat birlashmalari faoliyat koʻrsatadi.
Keyingi tahrirga qarang.
68. Umumtaʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish va akkreditatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
69. Umumtaʼlim muassasasining rahbar va pedagog xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
9-bob. Moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminoti
70. Davlat umumtaʼlim muassasasining faoliyatini moliyalashtirish belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan va tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
71. Davlat umumtaʼlim muassasasiga budjetdan tashqari qoʻshimcha mablagʻlarni jalb etish budjetdan moliyalashtirish kamaytirishga olib kelmasligi lozim.
72. Umumtaʼlim muassasasi oʻz ustavida belgilangan maqsadlarga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.
73. Davlat umumtaʼlim muassasalari faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
umumtaʼlim muassasasining tadbirkorlik faoliyatidan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan shartnoma asosida pulli xizmat koʻrsatish, bino va inshootlarni, jihoz va anjomlarni ijaraga berishdan olingan daromadlar;
Keyingi tahrirga qarang.
jismoniy va yuridik shaxslarning qonun bilan taqiqlanmagan homiylik xayriyalari, mahalliy hamda xalqaro tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Keyingi tahrirga qarang.
74. Davlat umumtaʼlim muassasalari shtatidagi xodimlar soni umumtaʼlim muassasalarining namunaviy shtatlariga muvofiq belgilanadi.
Davlat umumtaʼlim muassasalarining namunaviy shtatlari Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
75. Umumtaʼlim muassasasida oʻquvchilarga davlat taʼlim standartlari doirasida bepul umumiy oʻrta taʼlim berilishidan tashqari, qoʻshimcha (shu jumladan pulli) taʼlim xizmatlari koʻrsatilishi mumkin.
Ota-onalarning istaklariga koʻra, umumtaʼlim muassasalarida pulli xizmat asosida 5-6 yoshli bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlov guruhlari ham tashkil etilishi mumkin.
76. Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatdan olingan daromad hisobiga sotib olingan mol-mulk umumtaʼlim muassasasining mol-mulki tarkibiga kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
77. Umumtaʼlim muassasasining mol-mulki va pul mablagʻlari sarflanishi uchun bevosita uning rahbari javobgar hisoblanadi.
78. Umumtaʼlim muassasasi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq moliyaviy va statistik hisobot yuritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
79. Umumtaʼlim muassasasi xodimlarini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish hamda ish haqiga ustamalar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
80. Umumtaʼlim muassasalarining moddiy-texnik taʼminoti va kadrlar bilan taʼminlanishi belgilangan normativlarga muvofiq ehtiyojlar asosida amalga oshiriladi.
10-bob. Yakuniy qoidalar
81. Umumtaʼlim muassasalari va xalq taʼlimi boshqaruv organlarining xalqaro hamkorligi xalqaro shartnomalar asosida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan pedagogik axborot va tajriba almashish, pedagog xodimlarning malaka oshirishi hamda stajirovka oʻtashi shaklida amalga oshiriladi.
82. Umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilarning ota-onalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, boshqa taʼlim muassasalari va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan uzviy aloqada faoliyat koʻrsatadi.
83. Umumtaʼlim muassasalarida ularning ish faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan tashkilotlar, jumladan, siyosiy partiyalar va harakatlar tashkil etilishiga va faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
84. Umumtaʼlim muassasasini qayta tashkil etish yoki tugatish qonun talablariga muvofiq oʻquv yili yakunida muassis (taʼsischi) tomonidan amalga oshiriladi.
Tugatilgan umumtaʼlim muassasasi muassisi (taʼsischisi) oʻquvchilarni ota-onalarning roziligi bilan boshqa umumtaʼlim muassasalariga oʻtkazish masʼuliyatini oladi.
85. Umumtaʼlim muassasasi tugatilgan taqdirda uning pul mablagʻlari va mol-mulkidan, uning majburiyatlarini qoplash boʻyicha toʻlovlar chegirilgan holda, qonun hujjatlariga va umumtaʼlim muassasasi ustaviga muvofiq foydalaniladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi normativ hujjatlarni tasdiqlash haqida” 1995-yil 21-noyabrdagi 440-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1995-y., 11-son, 44-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Kasb-hunar taʼlimi oʻquv yurtlari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 1996-yil 11-dekabrdagi 439-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1996-y., 12-son, 36-modda).
Keyingi tahrirga qarang.
4. Vazirlar Mahkamasining “Umumtaʼlim maktablarining oʻquv binolaridan samarali foydalanishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1999-yil 19-iyuldagi 352-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimiga izchil oʻtishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2003-yil 29-oktabrdagi 473-son qarori 1-bandining uchinchi xatboshi, shuningdek qarorga 2-ilova.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Vazirlar Mahkamasining “Maktabdan tashqari taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 28-fevraldagi 50-son hamda “Xalq taʼlimi hududiy organlari tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2011-yil 1-martdagi 52-son qarorlari)” 2011-yil 20-iyundagi 183-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 6-son, 55-modda)ga ilovaning 1 va 4-bandlari.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 11-son, 167-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2018-y., 09/18/134/0809-son, 05.06.2018-y., 09/18/410/1304-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/821/3833-son; 10.03.2020-y., 09/20/132/0271-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; 28.04.2021-y., 09/21/243/0388-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son, 26.10.2021-y., 09/21/656/0996-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 22.07.2022-y., 09/22/396/0656-son; 12.02.2025-y., 09/25/78/0130-son; 01.03.2025-y., 09/25/130/0199-son; 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son; 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son; 28.04.2026-y., 09/26/204/0421-son; 06.05.2026-y., 09/26/224/0457-son; 25.08.2026-y., 09/26/456/0870-son)