Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari xodimlarining lavozim maoshlariga uzoq muddat ishlaganligi uchun har oylik ustama toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 9-yanvardagi PQ-2722-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari xodimlarining lavozim maoshlariga uzoq muddat ishlaganligi uchun har oylik ustama toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshirsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan tashkilotlarda xizmat yengil avtotransportdan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida” 1999-yil 2-apreldagi 154-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 7-mart,
123-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-martdagi 123-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari xodimlarining lavozim maoshlariga uzoq muddat ishlaganligi uchun har oylik ustama toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 9-yanvardagi PQ-2722-son qaroriga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari xodimlarining lavozim maoshlariga uzoq muddat ishlaganligi uchun har oylik ustama (keyingi oʻrinlarda ustama deb ataladi) toʻlash tartibini belgilaydi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatining boshqaruv xodimlariga ustamalar toʻlash umumiy ish stajiga bogʻliq ravishda quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:
|
Umumiy ish staji |
Lavozim maoshlariga |
|
4 yildan 7 yilgacha |
5% |
|
7 yildan 10 yilgacha |
10% |
|
10 yildan 15 yilgacha |
15% |
|
15 yildan 20 yilgacha |
20% |
|
20 yildan 25 yilgacha |
25% |
|
25 yildan ortiq |
30% |
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatida boshqaruv xodimlarining ustama olish huquqini beruvchi umumiy ish stajiga:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatidagi ish davri;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparatidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari apparatidagi, shu jumladan deputat sifatidagi, shuningdek boshqa davlat organlaridagi ish davri;
xodim haqiqatda ishlamagan boʻlsa ham, lekin qonun hujjatlariga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari apparatidagi yoki ushbu bandning uchinchi xatboshida koʻrsatilgan organlardagi ish joyi (lavozimi) saqlangan vaqt kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Ushbu Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan miqdorlarda ustamaga boʻlgan huquq boshqaruv xodimlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklarining boshqaruv apparatida ishning 49-oyidan boshlab, ushbu Nizomning 3-bandi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan davrlar hisobga olingan holda yuzaga keladi.
5. Mehnat stajini aniqlash uchun mehnat daftarchasi asosiy hujjat hisoblanadi.
Mehnat daftarchasidagi yozuvlar bilan belgilanmagan ish staji Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari hamda ushbu Nizomning 3-bandi toʻrtinchi xatboshida koʻrsatilgan organlar rahbarlari tomonidan imzolangan maʼlumotnomalar bilan tasdiqlanishi mumkin.
6. Ustama oylik tarif stavkasidan yoki boshqaruv xodimining lavozim maoshidan kelib chiqib hisoblanadi.
7. Ustama ushbu oyda ishlangan davr, shu jumladan taʼtillar davri va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrlari, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq xodimning ish haqi toʻliq yoki qisman saqlanib qoladigan davr uchun toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Xodimda kalendar oy mobaynida ustama olish yoki uning miqdorini oʻzgartirish huquqi yuzaga kelganda ushbu ustamani birinchi marta hisoblash ushbu ustamani olish huquqi yuzaga kelgan oydan keyingi oydan boshlab hisoblanadi.
9. Ustama oʻrtacha ish haqiga kiritiladi, undan pensiyalar, taʼtil kunlari, ishdan boʻshatish nafaqasi, xodimning sogʻligʻiga mehnatda mayib boʻlishi yoxud u oʻz mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararni toʻlash, shuningdek oʻrtacha oylik ish haqini hisoblab chiqishning boshqa hollarida undan chiqarib tashlanadi.
10. Uchquduq, Zarafshon va Nurobod shaharlari hokimliklarida ushbu Nizomning 1-bandida nazarda tutilgan ustamalardan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxonalarini yuqori malakali mutaxassislar va ishchilar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 10-dekabrdagi 594-son qarorining 4-bandiga muvofiq belgilangan budjet sohasi xodimlari uchun uzoq muddat ishlaganligi uchun oylik ustama toʻlash saqlanib qoladi.
11. Ustamalar toʻgʻri hisoblanishi uchun javobgarlik buxgalteriyaga, ustama olish huquqini beruvchi ish stajini aniqlashning toʻgʻriligi uchun javobgarlik esa — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklarining boshqaruv apparati tashkiliy-nazorat guruhiga yuklanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-martdagi 123-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan tashkilotlarda xizmat yengil avtotransportdan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida” 1999-yil 2-apreldagi 154-son qaroriga kiritilayotgan
oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-bandning uchinchi xatboshidagi “ularning oʻrinbosarlari, viloyatga boʻysunuvchi shaharlar hamda tumanlar hokimlari” soʻzlari “shaharlar va tumanlari hokimlari, ularning birinchi oʻrinbosarlari va oʻrinbosarlari,” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 2-ilovada:
a) 1-bandga quyidagi mazmundagi xatboshilar qoʻshilsin:
“Bunda yoʻl bosish yillik limiti:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga, shaharlar va tumanlar hokimlariga shaxsan biriktirilgan avtotransport uchun 54020 km (oyiga — 4911 km) belgilanadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining, shaharlar va tumanlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlariga va oʻrinbosarlariga shaxsan biriktirilgan avtotransport uchun 36036 km (oyiga — 3276 km) belgilanadi”;
b) 2-bandning birinchi xatboshiga “hokimliklarga” soʻzidan keyin “(shahar va tuman hokimliklari bundan mustasno)” soʻzlari qoʻshilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 10-son, 147-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)