Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qoʻshma qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasini tuzish toʻgʻrisida
Oʻtgan yillar mobaynida Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini, qonuniylikni taʼminlashga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini isloh qilish, erkinlashtirish va demokratlashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Sudlar xolisligi va mustaqilligini mustahkamlash, qonunchilikning barcha tarmoqlarini demokratlashtirish, shuningdek mamlakatimizda huquq-tartibotni, tinch va osuda hayotni taʼminlashda huquqni muhofaza qilish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar oʻz natijalarini bermoqda hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi tahlil markazlari va xorijiy mamlakatlarning ekspertlari tomonidan ijobiy baholanmoqda.
Qonunchilik asoslari har jihatdan mustahkamlanayotgani hamda qonunlarga soʻzsiz itoat etish va qonun ustuvorligi taʼminlanayotgani, fuqarolarning huquqiy ongi oʻsib borayotgani demokratik huquqiy davlatni shakllantirish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikning rivojini jadallashtirish hamda ishonchli himoyasini taʼminlash borasida bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirishning muhim shartlari hisoblanadi.
Ushbu chora-tadbirlar samarali amalga oshirilishida prokuratura organlarining tutgan oʻrni muhimdir. Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq ularning zimmasiga “qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni” amalga oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish vazifalari yuklangan.
Shu bilan birga, mamlakatimiz Konstitutsiyasida “prokuratura organlarining Oliy Majlis Senati oldida hisobdorligi” belgilanganiga qaramay, Bosh prokuratura va joylardagi prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratining samarali mexanizmini yaratish va amalga oshirish yoʻlga qoʻyilmaganligini eʼtirof etish zarur.
Prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, prokuratura organlarining mamlakatimizda qonun ustuvorligi va qonuniylikni, fuqarolar huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga doir ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tuzilsin (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi).
Quyidagilar belgilab qoʻyilsin:
Komissiya aʼzolari Senat tomonidan senatorlar orasidan oʻn besh kishidan iborat tarkibda, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kamida bir aʼzodan Senat vakolati muddatiga saylanadi;
Komissiya aʼzolari orasidan saylanadigan rais Komissiyaga rahbarlik qiladi.
2. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
prokuratura organlari faoliyati ustidan, qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha ular zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishining samaradorligi ustidan muntazam parlament nazoratini amalga oshirish;
prokuratura organlari faoliyatida muntazam uchraydigan kamchiliklar va huquqbuzarliklarni aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida ularning huquqni qoʻllash amaliyotini har tomonlama oʻrganish va umumlashtirish;
prokuratura organlari faoliyatini tartibga solib turuvchi qonun hujjatlarini, shuningdek ularning huquqni qoʻllash amaliyoti va ish usullarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
3. Oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida Komissiya quyidagi funksiyalarni amalga oshirishi belgilab qoʻyilsin:
prokuratura organlari tomonidan “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunda mustahkamlab qoʻyilgan prinsiplar, qoidalar hamda vazifalar muntazam va soʻzsiz bajarilayotganligini oʻrganish;
prokuratura organlari zimmasiga yuklatilgan vazifa va topshiriqlar samarali bajarilayotganligini joylarga borib oʻrganish, ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qilish;
prokuratura organlari mansabdor shaxslarining oʻz vakolatiga kiradigan masalalar, shu jumladan Komissiya nazorat tadbirlarining yakunlari boʻyicha hisobotini eshitish;
Komissiyaning nazorat tadbirlari materiallarini, qarorlarini prokuratura organlari va boshqa organlar faoliyatida aniqlangan kamchiliklar hamda muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar koʻrish uchun ularga yuborish;
prokuratura organlari faoliyatida muntazam uchraydigan kamchilik hamda huquqbuzarliklarga olib keladigan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, prokuratura organlari faoliyatini tartibga solib turuvchi qonun hujjatlarini, shuningdek ularning huquqni qoʻllash amaliyotini, ish usullarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
4. Oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish maqsadida Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
Bosh prokuraturadan, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalarini, umumlashtirilgan, tahliliy, statistik va boshqa maʼlumotlarni soʻrab olish;
prokuratura organlari mansabdor shaxslariga parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritish;
Oliy Majlis palatalarining qoʻmitalari (komissiyalari), davlat organlari, ilmiy muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;
nazorat tadbirlariga tayyorgarlik koʻrilayotganda va ular oʻtkazilayotganda davlat organlari, ilmiy muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini jalb qilish.
5. Oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda Komissiya quyidagilarga haqli emas:
tekshiruvlar, taftishlar, surishtiruvlar va dastlabki tergovga taalluqli aniq ishlar hamda materiallarning, maʼmuriy, jinoyat, fuqarolik va xoʻjalik ishlarining koʻrib chiqilishi hamda hal etilishi jarayonini oʻrganish;
tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazilishiga aralashish, shu jumladan tezkor-qidiruvga oid maʼlumotlar va materiallarni soʻrab olish;
yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini mazmunan koʻrib chiqish, bundan qonun hujjatlarini va prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirishga doir takliflar mustasno.
6. Komissiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarayotganda prokuratura organlari faoliyatining:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan qonunlar ijro etilayotganligini nazorat qilish;
fuqarolarning, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarining huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan qonunlar ijro etilayotganligini nazorat qilish;
qonun ijodkorligi faoliyatida va jamiyatning huquqiy madaniyatini oshirishga doir ishlarda ishtirok etish singari yoʻnalishlarini oʻrganishga va tekshirishga alohida eʼtibor bersin.
7. Quyidagilar belgilab qoʻyilsin:
Komissiya oʻz faoliyatini Senat Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan yillik ish rejalari asosida amalga oshiradi hamda oʻz majlislarini zarur boʻlganda, biroq yilning har choragida kamida bir marta oʻtkazadi.
Komissiya majlisining kun tartibiga, qoida tariqasida, prokuratura organlari faoliyati toʻgʻrisidagi masalalarni navbatma-navbat Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida koʻrib chiqish kiritiladi;
Komissiya oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalar bajarilishining borishi toʻgʻrisida bir yilda ikki marta Senat Kengashi oldida hisob beradi.
8. Komissiyaning faoliyatini tashkiliy va axborot-tahlil jihatidan taʼminlash uchun Senat devoni tarkibida umumiy soni 5 nafar boshqaruv xodimdan iborat Komissiya kotibiyati tuzilsin.
9. Moliya vazirligi Komissiya va uning Kotibiyati faoliyatining belgilangan tartibda moliyalashtirilishini taʼminlasin.
10. Ushbu Qoʻshma qaror tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining majlislari tasdigʻiga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 19-fevral,
383-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2016-yil 19-fevral,
KQ-70-III-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-y., 2-son, 59-modda)