Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
“Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-129-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari A. Yunusova, O. Abdugʻaniyev va I. Xodjiyev tomonidan 2016-yil 24-fevralda kiritilgan “Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-129-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi masʼul etib belgilansin.
2. Qonun loyihalarini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishni tashkil etish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi guruh ushbu qonun loyihasini Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasiga, siyosiy partiyalar fraksiyalariga hamda Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhiga topshirsin.
3. Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining fikrlari va takliflarini hisobga olgan holda Qonunchilik palatasi Kengashiga mazkur qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi toʻgʻrisida xulosa taqdim etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 25-fevral,
388-III-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-y., 2-son, 55-modda)