Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Alkogolli mahsulotlarga va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyuldagi 313-sonli “Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 7-noyabrdagi PQ-505-son qaroriga muvofiq hamda alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari noqonuniy ishlab chiqarilishi va sotilishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2017-yil 1-apreldan boshlab alkogolli mahsulotlarga va tamaki mahsulotlariga dizayni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi va “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan, himoyaning qoʻshimcha darajalariga ega boʻlgan yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilsin.
2. Belgilansinki, eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan hamda ulgurji va chakana savdo tarmogʻidagi alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan kundan boshlab toʻqqiz oy oʻtgach markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qoʻyiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi 2018-yil 1-yanvardan boshlab eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlarini aniqlash, ularning olib kirilishi, ishlab chiqarilishi hamda ulgurji va chakana savdo tarmogʻida sotilishining oldini olish, shuningdek ushbu mahsulotlarni belgilangan tartibda olib qoʻyish chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi toʻgʻrisidagi axborotni alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlarini import qiluvchilar eʼtiboriga yetkazsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi toʻgʻrisidagi axborotni alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va savdo tashkilotlari eʼtiboriga yetkazsinlar;
yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlarini olib borsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-fevral,
100-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 9-son, 127-modda)