O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi tashabbusiga ko‘ra 2016-yil 14-oktabrda kiritilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi QL-164-sonli O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini dastlabki tarzda ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi mas’ul etib belgilansin.
2. Qonun loyihalarini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqishni tashkil etish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruh ushbu qonun loyihasini Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasiga, siyosiy partiyalar fraksiyalariga hamda O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhiga topshirsin.
3. Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining fikrlari va takliflarini hisobga olgan holda Qonunchilik palatasi Kengashiga mazkur qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi to‘g‘risida xulosa taqdim etsin.