Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasalarning mansabdor shaxslari tomonidan chiqariladigan rasmiy ogohlantirish shaklini hamda uni chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-dekabrdagi 754-sonli “Jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi Hukumat qarorlarini tizimlashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7 va 31-moddalariga muvofiq, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ va muassasalarning huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyatining tashkiliy-huquqiy mexanizmini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasalarning mansabdor shaxslari tomonidan chiqariladigan rasmiy ogohlantirish shakli 1-ilovaga muvofiq;
Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ va muassasalarning mansabdor shaxslari tomonidan rasmiy ogohlantirishni chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi vazirliklar va idoralar oʻz tizimida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 7-fevral,
60-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-fevraldagi 60-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ va muassasalarning mansabdor shaxslari tomonidan chiqariladigan
RASMIY OGOHLANTIRISH SHAKLI
(shaklning old tomoni)
(shaklning orqa tomoni)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-fevraldagi 60-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ va muassasalarning mansabdor shaxslari tomonidan rasmiy ogohlantirishni chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ va muassasalarning mansabdor shaxslari tomonidan rasmiy ogohlantirishni chiqarish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning talablari Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
gʻayriijtimoiy xulq-atvor — shaxsning jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini buzuvchi turmush tarzi, harakati yoki harakatsizligi;
huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan shaxs — oʻzining gʻayriijtimoiy xulq-atvori xavfliligi tufayli huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli holatida boʻlgan jismoniy shaxs.
4. Rasmiy ogohlantirish huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasaning huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxsi (keyingi oʻrinlarda — masʼul shaxs deb yuritiladi) tomonidan chiqariladi.
5. Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasaning rasmiy ogohlantirishni chiqarish vakolatiga ega boʻlgan mansabdor shaxslari roʻyxati tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan tasdiqlanadi.
6. Rasmiy ogohlantirish shaxsga uning gʻayriijtimoiy xulq-atvorni davom ettirishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi toʻgʻrisida yozma ravishda tushuntirishdan, shuningdek huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan shaxsni huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirishdan iborat boʻladi.
2-bob. Rasmiy ogohlantirishni chiqarish tartibi
7. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 30-moddasiga muvofiq oʻtkazilgan profilaktika suhbati ijobiy natija bermagan va shaxs gʻayriijtimoiy xulq-atvorni yoki huquqbuzarlik sodir etishga moyillikni davom ettirgan hollarda, unga nisbatan rasmiy ogohlantirish qoʻllaniladi.
8. Jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini buzuvchi turmush tarzi, harakati yoki harakatsizligini yoxud oʻzining gʻayriijtimoiy xulq-atvori xavfliligi tufayli huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli holatida boʻlgan jismoniy shaxs aniqlangan joyning oʻzida masʼul shaxs tomonidan ushbu shaxsga nisbatan rasmiy ogohlantirish chiqariladi.
9. Rasmiy ogohlantirish masʼul shaxs tomonidan oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan paytda, olib borilayotgan profilaktik tadbirlar jarayonida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda chiqariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Rasmiy ogohlantirish blankasining shakli ikki qismdan — fuqaroga taqdim qilinadigan rasmiy ogohlantirish hamda masʼul shaxsda qoladigan uning qirqib olinadigan qismidan iborat boʻladi.
11. Rasmiy ogohlantirish blankasi rasmiylashtirilganda unga barcha yozuvlar qora yoki havorang siyohda, tushunarli qilib yoziladi.
12. Masʼul shaxs rasmiy ogohlantirish blankasini rasmiylashtirayotgan paytda shaxsning yonida uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat boʻlmasa, rasmiy ogohlantirish blankasining tegishli grafalari shaxsning soʻzidan toʻldiriladi.
13. Masʼul shaxs rasmiy ogohlantirish blankasini rasmiylashtirganidan soʻng uni imzolaydi.
Rasmiy ogohlantirish blankasining qirqib olinadigan qismi rasmiy ogohlantirilayotgan shaxs tomonidan ham imzolanadi. Rasmiy ogohlantirilayotgan shaxs imzo qoʻyishdan bosh tortgan taqdirda esa rasmiy ogohlantirish blankasiga bu haqda yozib qoʻyiladi.
14. Rasmiy ogohlantirish rasmiylashtirilganidan soʻng u rasmiy ogohlantirilgan shaxsga beriladi, blankaning qirqib olinadigan qismi masʼul shaxsda qoladi.
15. Masʼul shaxs, rasmiy ogohlantirish chiqarilganligi toʻgʻrisida u qaysi shaxsga eʼlon qilingan boʻlsa, oʻsha shaxsning ish (oʻqish) joyidagi ish beruvchiga (maʼmuriyatga) yoki yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga xabar qilishga haqli.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Rasmiy ogohlantirish blankasi qatʼiy hisobda turuvchi hujjat hisoblanadi va oʻz seriyasi hamda raqamiga ega boʻladi.
Rasmiy ogohlantirish blankalari huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi vazirliklar va idoralar tomonidan quyi turuvchi tizim uchun markazlashtirilgan holda belgilangan tartibda tayyorlanadi.
17. Ushbu Nizom talablariga rioya etilishini nazorat qilish huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasalarning rahbarlari va prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.
18. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 6-son, 79-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)