Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Vazirlar Mahkamasining “2015-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va iqtisodiyotni yanada isloh qilishni chuqurlashtirish, tarkibiy oʻzgartirishlar va modernizatsiya qilish boʻyicha 2016-yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi yillik maʼruzasi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan “2015-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va iqtisodiyotni yanada isloh qilishni chuqurlashtirish, tarkibiy oʻzgartirishlar va modernizatsiya qilish boʻyicha 2016-yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi maʼruza materiallarini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. 2015-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 15-yanvardagi kengaytirilgan majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi aʼzolari ishtirokida koʻrib chiqilganligi, unda erishilgan natijalarning tanqidiy tahlili bilan bir qatorda iqtisodiyotni yanada isloh qilishni chuqurlashtirish, tarkibiy oʻzgartirishlar va modernizatsiya qilish boʻyicha 2016-yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yoʻnalishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tomonidan belgilab berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2016-yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning 2016-yil 15-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining majlisidagi “Bosh maqsadimiz – mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, olib borayotgan islohotlarni, iqtisodiyotimizda tarkibiy oʻzgarishlarni izchil davom ettirish, xususiy mulkchilik, kichik biznes va tadbirkorlikka yanada keng yoʻl ochib berish hisobidan oldinga yurishdir” deb nomlangan maʼruzasida belgilab berilgan vazifalar amalda va soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin.
3. Qonunchilik palatasining deputatlar birlashmalari va qoʻmitalari oʻz faoliyatida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2016-yilga moʻljallangan eng muhim ustuvor yoʻnalishlari amalga oshirilishi samarali nazorat qilinishini taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 16-fevral,
377-III-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-y., 2-son, 34-modda)