Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 19-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2634-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2014-yil 14-noyabrdagi 74-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2634, 2014-yil 15-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 51-son, 612-modda) bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-yanvar,
5-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 16-yanvardagi 5-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. 51-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari kasb-hunar kollejlarining xarajatlar smetasi, shtat jadvallari va vaqtinchalik xarajatlar smetasini, ular uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini ochib, roʻyxatdan oʻtkazadi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha kasb-hunar kollejlarining jamlanma xarajatlar smetasi, jamlanma vaqtinchalik xarajatlar smetasi va jamlanma shtat jadvallarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga belgilangan muddatlarda roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etadi.”.
2. 75-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Budjet tashkilotlarining xarajatlar smetasiga kiritiladigan oʻzgartirishlar soni hisobga olinayotganda budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlash uchun budjet tashkilotining tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni bir moddadan boshqa moddaga koʻpaytirishni yoki kamaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar hisobga olinmaydi.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 3-son, 47-modda)