Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Qaror qachonki, unda ish uchun ahamiyatli barcha holatlar bayon etilgan va taraflarning huquq va majburiyatlari haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi dalillar keltirilgan boʻlsa, asoslantirilgan hisoblanadi
[Koʻchirma]
“Volume Service” MChJ (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti Buxoro viloyat hududiy boshqarmasidan (bundan buyon matnda boshqarma deb yuritiladi) 263 532 440 soʻm granit qiymati, 47 132 596,39 soʻm bankka toʻlangan foiz koʻrinishidagi zarar hamda advokatga toʻlangan 10 000 000 soʻm mablagʻni zarar sifatida undirishni soʻragan.
Sudning 2015-yil 20-noyabrdagi ajrimi bilan ishga Buxoro viloyat moliya boshqarmasi va Buxoro viloyat Gʻaznachilik boshqarmasi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 3-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2016-yil 12-fevraldagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Sudning 2016-yil 29-fevraldagi ajrimi bilan ishga “Buxoro Urumchi” MChJ va “Shuhrat qurilish trans servis” XK javobgarlar, Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2016-yil 12-apreldagi qarori bilan apellatsiya instansiyasi sudining qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ishni yangidan koʻrgan birinchi instansiya sudining 2016-yil 19-maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgarlar “Buxoro Urumchi” MChJ va “Shuhrat qurilish trans servis” XKdan daʼvogarga solidar tartibda 47 132 596 soʻm bankka toʻlangan foiz koʻrinishidagi haqiqiy zarar, 10 000 000 soʻm advokat uchun xarajat koʻrinishidagi zarar hamda oldindan toʻlangan 1 603 325 soʻm davlat boji, jami 58 735 921 soʻm undirilgan, daʼvoning qolgan qismi va Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti Buxoro viloyat hududiy boshqarmasiga nisbatan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Kassatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudi tomonidan moddiy huquq normalari notoʻgʻri qoʻllanilib hal qiluv qarori qabul qilinganligi sababli, hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati, kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini toʻla bekor qilishni hamda yangi qaror qabul qilishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, 2014-yil 4-sentabrda “Koʼchmas mulk savdo xizmati” MChJ Buxoro viloyati filiali tomonidan auksion savdosi oʻtkazilgan boʻlib, mazkur auksion savdosiga sotuvchi boshqarma tomonidan jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudining 2012-yil 8-oktabrdagi ijro hujjatiga asosan xatlangan Buxoro shahri, B. Naqshband koʻchasi yoqasida joylashgan qurilishi tugallanmagan “A”, “B” va “V” bloklardan iborat “Orzu” koʻp qavatli uy-joy kompleksi va ushbu hududdagi 19 dona plitka PK 59*12 rusumli beton plitalar, 49690 kg armatura (D-16, D-20), 144 metr polietilen quvur D-150 (D-160x6,2) 66 metr polietilen quvur D-300 (D-315 x 12,1), 2350 kv.m granit (razmer 130 x 60 x 1,8 sm), 450 ta ugolnik 63 st3 hamda 2 dona “Lift” (marka LTK-630) majmua sifatida qoʻyilgan.
Auksion savdosi natijalari boʻyicha daʼvogar auksion gʻolibi deb topilib, savdoga qoʻyilgan majmua 3 318 000 000 soʻmga sotib olingan hamda 2014-yil 4-sentabrda 006-sonli “Koʼchmas mulk savdo xizmati” MChJ Buxoro viloyati filiali tomonidan auksion savdosining gʻoliblik bayonnomasi (shartnoma) tuzilgan.
Mazkur majmua uchun daʼvogar tomonidan “Koʼchmas mulk savdo xizmati” MChJ Buxoro viloyati filialiga 2014-yil 28-avgustdagi 70-sonli va 2014-yil 9-sentabrdagi 72-sonli toʻlov topshiriqnomalariga asosan jami 3 318 000 000 soʻm toʻlab berilgan.
Boshqarma tomonidan umumiy qiymati 263 532 440 soʻmlik granit tovaridan tashqari barcha tovarlar daʼvogarga topshirilgan.
Shu sababli daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, boshqarmadan 263 532 440 soʻm granit qiymati, 47 132 596,39 soʻm bankka toʻlangan foiz koʻrinishidagi zarar hamda advokatga toʻlangan 10 000 000 soʻm mablagʻni zarar sifatida undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi “Buxoro Urumchi” MChJ va “Shuhrat qurilish trans servis” XKdan daʼvogarga solidar tartibda 47 132 596 soʻm bankka toʻlangan foizni undirish haqida asossiz toʻxtamga kelgan. Chunki daʼvogarning “InfinBANK” XATB bilan kredit shartnomasi tuzganligi, olingan kredit mablagʻi uchun foiz toʻlaganligida boshqarmaning javobgarligi mavjud emas. Daʼvogar kredit shartnomasida belgilangan taribda bankka foizlar toʻlab bergan va ushbu foizlarni boshqarmadan zarar sifatida undirib olish uchun asoslar mavjud emas.
Birinchi instansiya sudi “Buxoro Urumchi” MChJ va “Shuhrat qurilish trans servis” XKdan daʼvogarga solidar tartibda 10 000 000 soʻm zararni undirish haqida ham asossiz toʻxtamga kelgan. Chunki daʼvogar “YUREKS” advokatlik byurosi bilan 2015-yil 15-oktabrda 20/2015-sonli huquqiy yordam koʻrsatish uchun shartnoma tuzilgan boʻlib, ushbu shartnomaga asosan koʻrsatiladigan xizmat haqining miqdori 10 000 000 soʻmni tashkil qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14-moddasiga koʻra, agar qonun yoki shartnomada zararni kamroq miqdorda toʻlash nazarda tutilmagan boʻlsa, huquqi buzilgan shaxs oʻziga yetkazilgan zararning toʻla qoplanishini talab qilishi mumkin.
Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari, uning mol-mulki yoʻqolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.
Sudlov hayʼati daʼvogarning 10 000 000 soʻm zararni boshqarmadan undirish toʻgʻrisidagi talabini qanoatlantirishni lozim topadi. Chunki ushbu summa daʼvogarning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan xarajati hisoblanadi.
Shuningdek birinchi instansiya sudi daʼvoning 263 532 440 soʻm granit qiymatini undirish toʻgʻrisidagi talabini qanoatlantirishni rad etish haqida asossiz toʻxtamga kelgan deb hisoblaydi. Chunki daʼvogar tomonidan granit qiymati uchun toʻlovlar toʻliq toʻlab berilgan boʻlsa-da, unga ushbu tovar belgilangan tartibda topshirilmagan. Ushbu holat Buxoro viloyat xoʻjalik sudi apellatsiya instansiyasining 2015-yil 25-martdagi 20-1406/17486-sonli qarori bilan oʻz tasdigʻini topgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori toʻgʻrisida” 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarorining 3-bandiga koʻra, qaror qachonki, unda ish uchun ahamiyatli barcha holatlar bayon etilgan va taraflarning huquq va majburiyatlari haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi dalillar keltirilgan boʻlsa, asoslantirilgan hisoblanadi. Qaror ish holatlari haqidagi taxminlarga asoslangan boʻlishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 188-moddasining birinchi qismiga koʻra, moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qanoatlantirib, hal qiluv qarorini bekor qilishni, daʼvoni qisman qanoatlantirishni, boshqarmadan daʼvogar foydasiga 263 532 440 soʻm granit qiymati va advokatga toʻlangan 10 000 000 soʻm zararni undirishni, daʼvoning 47 132 596,39 soʻm bankka toʻlangan foiz koʻrinishidagi zararni undirish talabini rad etishni, ishni birinchi instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq oldindan toʻlangan 1 367 662 soʻm davlat boji xarajatlarini, ishni kassatsiya instansiyasida koʻrish bilan bogʻliq 7 000 soʻm pochta xarajatlari va 683 831 soʻm davlat bojini boshqarmadan daʼvogar foydasiga undirishni, birinchi instansiya uchun 235 663 soʻm davlat bojini va kassatsiya instansiyasi uchun 117 831,5 soʻm davlat bojini daʼvogar zimmasida qoldirishni, boshqarmadan sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 60 000 soʻm sud xarajatlarini Oliy xoʻjalik sudiga undirishni lozim topadi.
2016-yil 13-sentabr.,
20-1504/17276-son