Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Agar shaxsning bitim tuzish vakolatlari shartnoma bilan yoki yuridik shaxs vakolatlari uning taʼsis hujjatlari bilan ishonchnomada, qonunda belgilab qoʻyilganiga nisbatan yoinki bitim tuzilayotgan vaziyatdan aniq koʻrinib turgan deb hisoblanishi mumkin boʻlgan vakolatlariga nisbatan cheklab qoʻyilgan boʻlsa va bitimni tuzish paytida bunday shaxs yoki organ ana shu cheklashlar doirasidan chiqib ketgan boʻlsalar, bitimdagi ikkinchi taraf mazkur cheklashlarni bilgan yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan hollardagina bitim cheklash belgilanishidan manfaatdor boʻlgan shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin
[Koʻchirma]
“TashOR-Agro” masʼuliyati cheklangan jamiyati nomidan taʼsischi Urinova Musharraf jamiyat direktori Xudjamkulov Shavkat Tashpulatovichga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, koʻchmas mulkni oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha 2015-yil 4-dekabrdagi 1-2-sonli va 2015-yil 10-dekabrdagi 1-3-sonli qoʻshimcha kelishuvlarni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2016-yil 13-apreldagi ajrimi bilan “Yugov Proekt Stroy” MChJ, 2016-yil 2-maydagi ajrimi bilan esa “TashOR-Agro” MChJ ishga qoʻshimcha javobgar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2016-yil 2-maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, “TashOR-Agro” MChJ va “Yugov Proekt Stroy” MChJ oʻrtasida imzolangan 2015-yil 4-dekabrdagi 1-2-sonli hamda 2015-yil 10-dekabrdagi 1-3-sonli qoʻshimcha kelishuvlar haqiqiy emas deb topilgan. “TashOR-Agro” MChJ direktori Sh. Xudjamqulovga nisbatan ish yuritish tugatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2016-yil 1-iyuldagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sudlar tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlanmaganligi, ishdagi dalillarga notoʻgʻri huquqiy baho berilganligi, moddiy va protsessual huquq normalari notoʻgʻri qoʻllanilganligi, ish boʻyicha noqonuniy qarorlar qabul qilinganligi haqida vajlar keltirilib, sud qarorlarini bekor qilish va ish yuritishni tugatish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyatdagi vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan aniqlanishicha, “TashOR-Agro” MChJga tegishli boʻlgan Yashnobod tumani, Mumtoz koʻchasi, 5-uyda joylashgan 2042 m.kv yer maydonidagi 787,0 m.kv. maydonga ega boʻlgan koʻchmas mulkni 550.000.000 soʻmga sotish haqida jamiyatning yagona taʼsischisi M. Oʻrinova 2015-yil 3-yanvarda qaror qabul qilgan.
Mazkur qarorga asosan “TashOR-Agro” MChJ va “Yugov Proekt Stroy” MChJ oʻrtasida 2015-yil 19-yanvarda Yashnobod tumani, Mumtoz koʻchasi 5-uydagi koʻchmas mulkni 550.000.000 soʻmga sotish boʻyicha 1-sonli koʻchmas mulkni sotish shartnomasi imzolangan.
2015-yil 4-dekabr kuni “TashOR-Agro” MChJ nomidan jamiyat direktori F. Xudjamkulov va “Yugov Proekt Stroy” MChJ oʻrtasida 1-2-sonli qoʻshimcha kelishuv imzolangan. Mazkur kelishuvga koʻra oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha obyektning qiymati 400.000.000 soʻm, binoni taʼmirlash xarajati sifatida esa 150.000.000 soʻm pul mablagʻlarini “TashOR-Agro” MChJ qoplashi lozim boʻlgan.
Shuningdek, taraflar oʻrtasida 2015-yil 10-dekabrda 1-3-sonli qoʻshimcha kelishuv tuzilgan boʻlib, unda koʻchmas mulkning qiymati 400.000.000 soʻmni tashkil etishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar haqida”gi Qonunning 44-moddasiga koʻra, agar jamiyatning ustavida yirik bitimlarning ancha katta miqdori nazarda tutilgan boʻlmasa, bunday bitimlarni tuzish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadigan kundan oldingi oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari asosida aniqlangan jamiyat mol-mulki qiymatining yigirma besh foizidan ortiq qiymatga ega boʻlgan mol-mulkni jamiyatning olishi, tasarrufidan chiqarishi yoki jamiyat bevosita yoxud bilvosita mol-mulkni tasarrufidan chiqarishi ehtimoli bilan bogʻliq boʻlgan bitim yoki oʻzaro bogʻliq bir necha bitim yirik bitim deb hisoblanadi. yirik bitimni tuzish toʻgʻrisidagi qaror jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi.
“TashOR-Agro” MChJ tomonidan 2015-yilning 4 choragi uchun topshirilgan soliq hisobotida jamiyatning aktivlari qiymati 88.378.000 soʻmni tashkil etishi koʻrsatilgan. Shu bois bino qiymatini 150.000.000 soʻm arzon qiymatga sotish masalasi jamiyat direktori tomonidan emas balki, jamiyat ishtirokchilar yigʻilishi qarori asosida hal etilishi lozim boʻlgan.
Holbuki, jamiyat taʼsischisining 2015-yil 25-martdagi qarori bilan jamiyat direktori Sh. Xudjamkulov 10.000.000 soʻm qiymatdan oshadigan bitimlarga imzo chekish huquqi chegaralab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 126-moddasiga koʻra, agar shaxsning bitim tuzish vakolatlari shartnoma bilan yoki yuridik shaxs vakolatlari uning taʼsis hujjatlari bilan ishonchnomada, qonunda belgilab qoʻyilganiga nisbatan yoinki bitim tuzilayotgan vaziyatdan aniq koʻrinib turgan deb hisoblanishi mumkin boʻlgan vakolatlariga nisbatan cheklab qoʻyilgan boʻlsa va bitimni tuzish paytida bunday shaxs yoki organ ana shu cheklashlar doirasidan chiqib ketgan boʻlsalar, bitimdagi ikkinchi taraf mazkur cheklashlarni bilgan yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan hollardagina bitim cheklash belgilanishidan manfaatdor boʻlgan shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Mazkur holatda taraflar oʻrtasida imzolangan dastlabki oldi-sotdi shartnomasi yagona taʼsischining qarori asosida qabul qilinganligi “Yugov Proekt Stroy” MChJga maʼlum boʻlishi lozim boʻlgan holat hisoblanib, binoni arzonlashtirilgan narxda sotilishi boʻyicha kelishuvga erishishda “TashOR-Agro” MChJ taʼsischisining roziligi talab qilinishi lozim edi.
Biroq, “Yugov Proekt Stroy” MChJ tomonidan qoʻshimcha kelishuvga erishish jarayonida qayd etilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinmagan. Buning natijasida “TashOR-Agro” MChJ taʼsischisining manfaatlariga zarar keltiradigan qoʻshimcha kelishuvlar tuzilgan. Shu bois birinchi instansiya sudi asosli ravishda daʼvoni qanoatlantirgan.
Bundan tashqari, sud Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 23 va 86-moddasi talablaridan kelib chiqib, ishda javobgar sifatida eʼtirof etilgan “TashOR-Agro” MChJ direktori Sh. Xujamqulovga nisbatan sud ish yuritishni tugatgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ish holatlari toʻliq aniqlangan deb hisoblab, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan holda hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Qayd etilganlarga koʻra sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlari oldindan toʻlanganligini inobatga olishni lozim topadi.
2016-yil 17-avgust,
10-1603/6547-son