Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, vakolatxona va filiallar yuridik shaxs hisoblanmaydi
[Koʻchirma]
Shayxontohur tuman davlat soliq inspeksiyasi (bundan buyon matnda DSI deb yuritiladi) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Toshkent viloyati mintaqaviy filialiga (bundan buyon matnda bank filiali deb yuritiladi) nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 53-moddasiga asosan 137 877 800 soʻm va Markaziy bank boshqaruvining 2010-yil 7-yanvardagi 2, 2010-1, 39/4-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan “Ulgurji savdo korxonalari tomonidan yagona soliq toʻlovini boʻnak toʻlovlarini hisobga olgan holda toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablari bajarilmaganligi sababli hisoblangan 1 182 600 soʻm ustama summasiga jarima, jami 139 060 400 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qisman qanoatlantirilib, bank filialidan 47 345 352 soʻm undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida tekshirish dalolatnomasi va unga ilova qilingan jadvallardagi hisob-kitoblar bir-biriga toʻgʻri kelmaganligi sababli, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori asosida undirilgan 47 345 352 soʻmni 44 383 023 soʻmga oʻzgartirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati, kassatsiya shikoyati va yozma fikr vajlarini ishdagi hujjatlar bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, DSI sudga ariza bilan murojaat qilib, bank filialiga nisbatan Soliq kodeksining 53-moddasiga asosan 137 877 800 soʻm va Markaziy bank boshqaruvining 2010-yil 7-yanvardagi 2, 2010-1, 39/4-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan “Ulgurji savdo korxonalari tomonidan yagona soliq toʻlovini boʻnak toʻlovlarini hisobga olgan holda toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablari bajarilmaganligi sababli hisoblangan 1 182 600 soʻm ustama summasiga jarima, jami 139 060 400 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ishni koʻrishda protsessual huquq normalarining buzilishiga yoʻl qoʻyilgan. Yaʼni, bank filiali yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmasa-da, hal qiluv qarorining xulosa qismida bank filialidan jarima undirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda — XPK) 23-moddasiga asosan iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar oʻrtasidagi fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir ishlar xoʻjalik sudiga taalluqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 162-sonli qarorining 9-bandiga koʻra, XPKning 23-moddasida xoʻjalik sudiga taalluqli nizolar kelib chiqishi mumkin boʻlgan huquqiy munosabatlar qatnashchilarining subyektli tarkibi belgilangan. U eng avvalo, yuridik shaxslarni va yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolarni hamda XPK 23-moddasi birinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan ishlar boʻyicha fuqarolar — jismoniy shaxslarni oʻz ichiga oladi. Agar daʼvo bilan yuridik shaxsning oʻzi emas, balki uning alohida boʻlinmasi (filiali, vakolatxonasi) ishonchnoma asosida murojaat etsa, xoʻjalik sudi daʼvo arizasini qabul qilishni rad etishga haqli emas. Bunda bunday ishlar boʻyicha vakil sifatida ishtirok etayotgan alohida boʻlinma emas, balki u manfaatlarini koʻzlab harakat qilayotgan yuridik shaxs daʼvogar hisoblanadi.
Agar daʼvo yuridik shaxsning oʻziga emas, balki uning alohida boʻlinmasiga nisbatan taqdim etilgan boʻlsa, u holda yuridik shaxsning oʻzini ishda ishtirok etishga jalb qilish sud tomonidan XPKning 38-moddasiga muvofiq hal etiladi.
Daʼvo qanoatlantirilgan taqdirda, undiriladigan summa ishga tegishli javobgar sifatida jalb qilingan yuridik shaxsdan undirilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 47-moddasiga koʻra, filial yuridik shaxsning u turgan yerdan tashqarida joylashgan hamda uning barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan vakolatxona vazifalarini bajaradigan alohida boʻlinmasidir.
Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, vakolatxona va filiallar yuridik shaxs hisoblanmaydi.
Birinchi instansiya sudi ariza talablarini qanoatlantirishda xatolikka yoʻl qoʻygan, yaʼni ishga “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBni javobgar sifatida jalb qilmasdan, uning huquq va manfaatlariga taʼsir qiladigan hal qiluv qarori qabul qilgan.
Bundan tashqari daʼvoning bank filialiga nisbatan Markaziy bank boshqaruvining 2010-yil 7-yanvardagi 2, 2010-1, 39/4-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan “Ulgurji savdo korxonalari tomonidan yagona soliq toʻlovini boʻnak toʻlovlarini hisobga olgan holda toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablari bajarilmaganligi sababli hisoblangan 1 182 600 soʻm ustama summasiga jarima qoʻllash haqidagi talabi muhokama qilinmagan, moliyaviy jarima summasining hisob-kitobi qanchalik toʻgʻriligi tekshirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 188-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga koʻra moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Sudlov hayʼati birinchi instansiyasi sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlanmasdan sud hujjati qabul qilinganligi sababli, uni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etib,
1) ishga “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBni javobgar sifatida jalb etish;
2) daʼvo talablarining har birini muhokama qilib, taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga, ishdagi va toʻplangan dalillarga, taraflarning vajlariga huquqiy baho berish;
3) moliyaviy jarima summasining hisob-kitobi qanchalik toʻgʻriligini tekshirish;
4) moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, qonuniy va asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim.
2016-yil 14-sentabr,
10-1513/18-son