Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-iyuldagi 609-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 20-oktabrdagi PQ-2637-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisidagi yangi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
patent bojlari, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun toʻlov hisobiga belgilangan tartibda shakllantiriladigan budjetdan tashqari mablagʻlar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi huzuridagi “Intellekt Ekspert” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi huzuridagi Intellektual mulk sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv markaziga qoʻshib yuborish yoʻli bilan qayta tashkil etilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 8-iyundagi 166-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 6-son, 47-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 24-noyabr,
394-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 24-noyabrdagi 394-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlovchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi hamda oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
2. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Agentlik oʻz faoliyatini davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi, shuningdek Butunjahon intellektual mulk tashkilotida va intellektual mulk sohasidagi boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan vakillik qiladi.
4. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan dumaloq muhrga, boshqa zarur muhr va shtamplarga, bank, shu jumladan, valyuta hisob raqamlariga ega boʻladi.
2-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish;
ixtirolar, sanoat namunalari, foydali modellar, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk obyektlarini ekspertizadan, roʻyxatdan oʻtkazish hamda hisobga olishni tashkil etish va amalga oshirish;
Davlat patent fondini va intellektual mulkning rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilgan obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, ularning saqlanishini hamda iqtisodiyot real sektorining xoʻjalik yurituvchi subyektlari, ilmiy tashkilotlar, olimlar va mutaxassislar tomonidan samarali foydalanilishi uchun qulayligini taʼminlash;
intellektual mulk sohasida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, tadbirkorlik subyektlariga va aholiga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat interaktiv xizmatlari koʻrsatish;
korxonalar va tashkilotlarga chet eldagi milliy intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilishni taʼminlash boʻyicha konsultativ va amaliy koʻmaklashish, shuningdek intellektual mulk sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
intellektual mulk sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
6. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
intellektual mulk sohasida davlat siyosati va qonunchilikni takomillashtirish masalalari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi hamda ularni koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovarlarning kelib chiqish joylari nomi, elektron hisoblash mashinalari (keyingi oʻrinlarda EHM deb ataladi), maʼlumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyasi uchun muhofaza qilish hujjatlari berish yuzasidan buyurtmanomalarni koʻrib chiqishga qabul qiladi;
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovarlarning kelib chiqish joylari nomlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazadi, koʻrsatilgan obyektlarning ustuvorligini belgilaydi, seleksiya yutuqlari, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyalarining rasmiy ekspertizasini oʻtkazadi;
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovarlarning kelib chiqish joylari nomlarini roʻyxatdan oʻtkazishni, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazishni hamda integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshiradi, muhofaza qilish hujjatlarini beradi, Oʻzbekiston Respublikasida umumiy maʼlum boʻlgan tovar belgilarining tegishli reyestrlarini va Roʻyxatini yuritadi;
ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi, tovarlarning kelib chiqish joylari nomi, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyalariga, berilgan buyurtmanomalarning belgilangan tovarlarga muvofiqligini tekshirish natijalari boʻyicha, muhofaza qilish hujjatlarini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
koʻrsatilgan seleksiya yutuqlarining patentga loyiqlik shartlariga muvofiqligini belgilash natijalari boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining ixtisoslashtirilgan tashkilotlari xulosalari asosida muhofaza qilish hujjatlarini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
muhofaza qilish hujjatlarining va boshqa zarur hujjatlarning yagona shakllarini belgilaydi;
intellektual mulk obyektlaridan foydalanishga huquqlar berish toʻgʻrisidagi litsenziya shartnomalarini, shuningdek ularni toʻliq yoki qisman oʻzgaga berish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazadi va tegishli reyestrlarni yuritadi;
intellektual mulkning rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilgan obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantiradi, ularning saqlanishi va foydalanilishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlaydi;
Davlat patent fondini butlash ishlarini tashkil etadi va oʻtkazadi, undan iqtisodiyotning real sektoridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar, ilmiy tashkilotlar, olimlar va mutaxassislar tomonidan samarali foydalanish uchun uning saqlanishi va qulayligini taʼminlaydi;
Agentlikning byulletenlarini va boshqa rasmiy nashrlarini, shuningdek intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish masalalari boʻyicha boshqa maʼlumotlar va materiallarni chop etishni tashkil qiladi va amalga oshiradi;
patent boʻyicha vakolatli vakillarni attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazadi, patent boʻyicha vakolatli vakillarning davlat reyestrini yuritadi;
intellektual mulk sohasidagi qonun buzilishlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha huquqni muhofaza qilish, soliq va boshqa davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
mualliflik huquqi va aralash huquqlar toʻgʻrisidagi qonun buzilishlari toʻgʻrisida belgilangan tartibda xulosa beradi;
tuzilgan shartnomalarning mualliflik huquqi va aralash huquqlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiqligi haqida xulosa beradi;
audiovizual asarlarni, fonogrammalarni va EHM uchun dasturlarni tiklash, realizatsiya qilish, prokatga berish, fonogrammalarni tayyorlashga litsenziyalar beradi, shuningdek litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
patent-axborot va boshqa xizmatlar koʻrsatganlik uchun toʻlov miqdorlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasida manfaatdor shaxslarga metodik yordam koʻrsatadi;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasida xalqaro kooperatsiyani va oʻzaro hamkorlikni amalga oshiradi;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha idoralararo axborot hamkorligini amalga oshiradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tadbirkorlik subyektlari uchun intellektual mulk sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi, intellektual mulk sohasida kadrlar tayyorlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
intellektual mulk sohasida faoliyatni rivojlantirish va takomillashtirish muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qiladi va ularda qatnashadi;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlantirish uchun intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza va himoya qilishning maqsadi va ahamiyatini keng tushuntirish tadbirlarini amalga oshiradi;
qonunchilikka muvofiq intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish masalalari boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
intellektual mulk masalalari boʻyicha xalqaro va milliy ilmiy anjumanlar, simpoziumlar, konferensiyalar, seminarlar hamda boshqa tadbirlarni tashkil qiladi va ularda qatnashadi;
intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish va ulardan qonuniy foydalanish toʻgʻrisidagi masalalarda aholi keng qatlamlarining huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish tadbirlarini oʻtkazadi;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasida xalqaro shartnomalar tuzish toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda kiritadi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlashda qatnashadi hamda Vazirlar Mahkamasi topshirigʻiga binoan mazkur shartnomalarni imzolaydi;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasida tegishli xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlar bilan muzokaralar olib boradi, belgilangan tartibda idoralararo shartnomalar tuzadi;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasida xorijiy patent idoralari, xalqaro mintaqaviy va xorijiy tashkilotlar bilan patent hujjatlarini va patent-huquqiy adabiyotlarni xalqaro almashishni amalga oshiradi, xorijiy tajribani oʻrganish va undan foydalanishni tashkil etadi;
intellektual mulk sohasida xalqaro hamkorlikni belgilangan tartibda amalga oshiradi hamda ushbu hamkorlik doirasida intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish masalalari boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ishlarida qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini oʻz vakolatlari doirasida taʼminlaydi.
3-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
7. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan zarur axborotlar, hujjatlar va materiallarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishlari toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilish;
oʻz vakolatlari doirasida litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etishni yuklovchi koʻrsatmalar berish;
ixtirochilik va ijodiyotning boshqa turlari sohasidagi ulkan yutuqlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini berish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritish;
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovarlarning kelib chiqish joylari nomi, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari, integral mikrosxemalar topologiyasi yuzasidan buyurtmanomalarni koʻrib chiqish va davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallarni buyurtmachilardan belgilangan tartibda soʻrash;
intellektual mulk obyektlari yuzasidan buyurtmanomalarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq masalalarning muhokamasini tashkil etish va oʻtkazish, koʻrsatib oʻtilgan masalalarni koʻrib chiqishda qatnashish uchun buyurtmachilarni va ularning vakillarini taklif etish;
belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, intellektual mulk sohasidagi ilmiy-metodik va axborot materiallarini, davriy nashrlarni hamda boshqa matbaa mahsulotlarini chop etish va tarqatish;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqni himoya qilish bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun mamlakatimizdagi va xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish;
budjetdan tashqari mablagʻlar jamgʻarmalarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shakllantirish;
oʻz xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish.
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Agentlik oʻz vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun bajarish majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
Agentlik, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.
9. Agentlik:
oʻz zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmatlar koʻrsatish belgilari, tovarlarning kelib chiqish joylari nomi, integral mikrosxemalar topologiyalari boʻyicha buyurtmanomalarni davlat ekspertizasidan oʻtkazishning oʻz vaqtidaligi, sifati va maxfiyligi;
budjet mablagʻlaridan va patent bojlari undirish mablagʻlaridan, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun toʻlov tushumlaridan hamda Agentlik tasarrufida qoladigan boshqa mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan javob beradi.
4-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish
10. Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bosh direktor boshchilik qiladi.
Bosh direktorning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan ikki nafar oʻrinbosari boʻladi.
Bosh direktor moddiy, maishiy, transport va tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlari boʻyicha vazirning birinchi oʻrinbosariga, bosh direktor oʻrinbosari — vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
11. Bosh direktor:
Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi hamda Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Xodimlarning umumiy soni doirasida Agentlik tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi, Agentlikning shtatlar jadvalini, shuningdek xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Agentlikning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Agentlik xodimlarining lavozim vazifalarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Agentlik xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
oʻz vakolatlari doirasida Agentlik xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar chiqaradi, koʻrsatmalar beradi.
Bosh direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12. Quyidagilar Agentlik faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
patent bojlari, EHM uchun dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun toʻlov hisobiga belgilangan tartibda shakllantiriladigan budjetdan tashqari mablagʻlar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Bunda Agentlik xodimlari mehnatiga haq toʻlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga qoplanadi, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va Agentlikning joriy taʼminoti budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
13. Agentlikda Bosh direktor (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimiga koʻra), shuningdek Agentlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Bosh direktor taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
Agentlik faoliyatining intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini yanada takomillashtirish va amalga oshirish boʻyicha ushbu Nizomda nazarda tutilgan asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Agentlik nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan Agentlik rahbarlari va xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish.
Hayʼat Agentlik vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat majlisiga Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Bosh direktorning buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
Bosh direktor va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda, Bosh direktor paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda, mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yozma shaklda maʼlum qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
14. Agentlikda ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, integral mikrosxemalar topologiyalari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovarning kelib chiqish joylari nomlarini huquqiy muhofaza qilish bilan bogʻliq apellatsiyalarni, shuningdek tovar belgilarini Oʻzbekiston Respublikasida umumiy eʼtirof etilgan deb tan olish toʻgʻrisidagi arizalarni sudgacha koʻrib chiqish uchun Apellatsiya kengashi tuziladi.
Apellatsiya kengashi tarkibiga Bosh direktor, uning oʻrinbosarlari, Agentlikning eng malakali va tajribali xodimlari, shuningdek intellektual mulk sohasidagi mustaqil olimlar va mutaxassislar kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining Apellatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
15. Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilishning muhim masalalari boʻyicha muammolarni ilmiy tahlil qilish, koʻrib chiqish va tavsiyalar ishlab chiqish uchun Agentlikda uning yuqori malakali xodimlaridan, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar vakillari, intellektual mulk sohasidagi yetakchi olimlar va mutaxassislardan Ilmiy-texnika kengashi tuziladi.
Ilmiy-texnika kengashi toʻgʻrisidagi nizom va uning shaxsiy tarkibi Agentlik bosh direktori tomonidan tasdiqlanadi.
16. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar korxonalar va tashkilotlar rahbarlari va xodimlarini, taʼlim muassasalarining oʻqituvchilar tarkibini, patent sohasidagi vakolatli xodimlarni, tadbirkorlik subyektlarini hamda intellektual mulk sohasidagi boshqa manfaatdor shaxslarni oʻqitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida Agentlik huzurida Intellektual mulk sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv markazi tashkil etiladi.
Intellektual mulk sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv markazining ustavi Agentlik bosh direktori tomonidan tasdiqlanadi.
17. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 47-son, 543-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son, 13.07.2019-y., 09/19/575/3415-son)