Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2016 — 2020-yillarda uglevodorod xom ashyosini chuqur qayta ishlash negizida eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgartirishlarni amalga oshirishni davom ettirish, neft-gaz sanoatini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, boy neft, tabiiy gaz va gaz kondensati resurslarini chuqur qayta ishlashni taʼminlash, eksportga yoʻnaltirilgan yuqori qoʻshilgan qiymatli yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, ushbu maqsadlarda xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida:
1. 2016 — 2020-yillarda uglevodorod xom ashyosini chuqur qayta ishlash negizida tashqi bozorlarda talab qilinadigan yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish topshiriqlari 1-ilovaga* muvofiq belgilansin.
“Oʻzbekneftgaz” MXK, “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda boshqa aksiyadorlik jamiyatlari va korxonalar rahbarlari — masʼul bajaruvchilar zimmasiga 1-ilovada nazarda tutilgan uglevodorod xom ashyosini chuqur qayta ishlash negizida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha topshiriqlar belgilangan muddatlarda sifatli va toʻliq hajmda bajarilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
2. 2016 — 2020-yillarda uglevodorod xom ashyosini chuqur qayta ishlash negizida eksportga yoʻnaltirilgan yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalari roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Oʻzkimyosanoat” AJ va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda bir oy muddatda 2-ilovada koʻrsatilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tarmoq jadvallarini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, ularda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazishning aniq muddatlari, zamonaviy texnologik talablarga javob beradigan ilgʻor texnologiyalarni tanlash, qurilish-montaj ishlarini bajarish va quvvatlarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish nazarda tutilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangidan quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan ishlab chiqarish quvvatlari loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini, texnika va texnologiyalarni ekspertizadan oʻtkazib baholash agentligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi 2-ilovaga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida yetkazib beriladigan uskunalar parametrlarining va texnologiyalarning zamonaviy texnologik talablarga va jahon narxlari darajasiga muvofiqligi yuzasidan loyiha hujjatlari va investitsiya kontraktlarini puxta ekspertizadan oʻtkazsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Oʻzkimyosanoat” AJ aksiyadorlik kompaniyalari va korxonalar — 2-ilovaga kiritilgan investitsiya loyihalarining masʼul bajaruvchilari bilan birgalikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalarga ega boʻlgan hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning tashqi bozorlarga olib chiqilishini kafolatlaydigan xorijiy kompaniyalarni keng jalb etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda ushbu qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan investitsiya loyihalari, ularni moliyalashtirish hajmlari va manbalari aniqlashtirilgan holda belgilangan tartibda unga kiritilishini taʼminlasinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
8. Respublikada ishlab chiqarilmaydigan, ushbu qaror bilan maʼqullangan investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha chetdan keltiriladigan texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar 2021-yilning 1-yanvariga qadar muddatda bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod qilinsin (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlari bundan mustasno).
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 28-sentabr,
PQ-2614-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 2-son, 30-modda, 22-son, 419-modda)